Soʻz gavharining sharafi

    Inson avvalo soʻzda yaxshi yoki yomonligini izhor etadi. Umuman olganda, soʻz – odamning sharafi, soʻz – fazilat, soʻz – axloqiy kamolot vositasi. Shuning uchun uni shu yoʻlda sarflash lozim. Buyuk shoirlarning xulosasi – ana shu.

    Millatning birinchi ramzi uning tilidir. Shuning uchun har qanday davlat oʻzining madaniy merosi va ona tilini alohida eʼzozlab, hurmat qiladi. Zero, ulugʻ ajdodlarimiz tarixi, milliy va maʼnaviy qadriyatlarimiz bizga ona tilimiz yordamida meros boʻlib qoladi. “Til yashasa, millat barhayot”, degan purmaʼno soʻz ham bejizga aytilmagan.

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, filologiya fanlari doktori, professor Muslihiddin MUHIDDINOV bilan suhbatimiz oʻzbek tilining Davlat tili sifatidagi ahamiyati, til orqali milliy oʻzligimizni anglash, millat ruhini saqlab qolish, yorugʻ va yorqin kelajagimizni taʼminlashdagi oʻrni xususida kechdi.

    - Ustoz, siz Sharq va oʻzbek adabiyoti tarixi boʻyicha yetuk mutaxassis, adabiyot ilmiga katta hissa qoʻshib kelayotgan atoqli olimsiz. Millat taqdiri, kelajagi haqida soʻz yuritilsa, davlat tili mavzusi ustuvor masala boʻlib koʻrinadi. Shu haqida soha fidoyisi sifatida qanday fikrdasiz?

    - Davlat tili – millatning umrboqiyligi, jamiyat mafkurasi, qadriyatlar barqarorligi asosi va millatning maʼnaviy boyligidir. Til nafaqat muomala vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odati, turmush tarzi hamda tarixi ekani, tilni asrash, rivojlantirish, davlat siyosati darajasidagi muhim masala ekanini anglab olish unchalik ham qiyin emas. Hozirgi vaqtda yer yuzida oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi ham uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Zero, “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor goʻzalligi va jozibasini toʻla namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Aslida ham til – millatning faxri, gʻururi, koʻzgusidir.

    Husayn Boyqaro taʼrifi bilan aytganda “Turk tilining oʻlgan jasadigʻa Masih anfosi birla hulla va harir kiydirgan” Alisher Navoiy barhayot anʼanalar taʼsirida kasbi kamolga yetgan boʻlsa-da, turkiy tilni qudrati va hashamati bilan qaddini rostladi. Shoir dunyoni qalam bilan zabt etganini koʻp takrorlaymiz, ammo Navoiy Sharq mumtoz anʼanalarini aynan turkiy tildagi ijodi bilan boyitdi va yangiladi. Aniqki, butun dunyo oʻzbek millatining daho shoiriga, adabiyotiga mahliyo boʻldi.

    Balki, bugun ham davlat tili Millat tiliga aylanishi uchun oʻzbek adabiyotining qalami oʻtkir boʻlishi lozim. Adabiyot tilning quvvati va zalvorining asosidir. Agar buyuk adabiyot boʻlmasa, davlat tili faqat ish yurituvchi tilga aylanib qoladi. Millat kontenti darajasidagi salohiyatni belgilashi uchun oʻzbek tilida yaratilgan kuchli oʻzbek adabiyoti kerak.

    Adabiyotning ideali – bu komil inson. Inson kamoloti esa uning oʻzlikni va haqiqatni anglash maʼrifatini qalb fitratida kashf etishi bilan bogʻliq bir tugʻyondir. Insonning axloqiy fazilatlari hamisha Sharq shoirlarning diqqat markazida boʻlib kelgan. Adabiyot soʻzining “adab” soʻzidan paydo boʻlgani ham buni koʻrsatib turibdi. Musulmon Sharqida yetishgan qaysi bir shoir ijodini olib koʻrmang, unda pand-nasihat ohangidagi asarlarga duch kelamiz. Qadimgi adiblarimiz adabiyotni tarbiya vositasi deb qarashgan. Xoh sof lirik asar, xoh voqea-hodisalar, afsona-sarguzashtlardan iborat epik asar boʻlsin, ularda “mavʼiza”, yaʼni oʻgit-nasihatlar xarakteridagi qismlar boʻlgan. Gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy “Badoeʼul bidoya” devoniga yozgan soʻzboshisida odatda gʻazal oshiqona mavzuga bagʻishlanib, oshiqlik dardining poʻrtanalari kitobxonni hayajonga solishiga ishora qiladi. Lekin ishqning muqaddasligini anglatishda avvalo nasihatomuz baytlar keltirilsa, oʻquvchi ishq toʻlqinlari bilan birga muhim tarbiyaviy hikmatlardan bahramand boʻlishi muhimligini eʼtirof etadi. Shuning uchun, shoir asarlarini hamd-naʼtlardan boshlab, oshiqona gʻazallarda ham mavʼiza, didaktik maʼnoli baytlarni kiritadi.

    Demak, adabiyot insonparvarlikni anglash, uni oʻzbek tili va adabiyoti orqali tadbiq etish muhim ijtimoiy voqelikdir...

    Albatta, til, inson qiyofasi va ichki goʻzalligini namoyon etadigan goʻzal tuygʻu. Odamning martabasi uning aqli, shaxsiy qobiliyat himmati – hamiyati oʻz tilini qanchalik eʼzozlashi, asarb-avaylashi bilan ham oʻlchanadi. Yaxshilikning, odamiylikning mezoni bu xalq manfaati uchun ishlash, xalq gʻam-tashvishi bilan yashash, millat gʻururi boʻlgan oʻz ona tilini asrashdir. Maʼlumki, inson allaqanday mavhum tushuncha emas. Inson oʻz kasbu kori, jamiyatda egallagan mavqei bilan konkret shaxsdir. Demak, insonning aqli-yu bilimi oʻz manfaatlarini xalq, jamiyat manfaati va baxti yoʻlida safarbar etish daqiqligida koʻrinadi va bu bilan kelajak baxti uchun tamal toshi boʻlib xizmat qiladi. Saʼdiydan naql qilinadi, insonlar barchasi bir tananing aʼzolari, ammo ularning bir-birining dardu gʻamiga befarqliklari insonni odamgarchilikdan chiqaradi.

    Navoiyning nazarida insonni hayvondan ajratib turgan sifatlardan biri – bu uning tafakkuriga boʻysingan nutqi, tili. Ammo shoir soʻzni keng maʼnoda olib qaragan: soʻz – aloqa vositasi boʻlmish til, soʻz – dunyoni anglash vositasi, aqlning irodasi, soʻz – maʼnaviy-badiiy yetuklik, farosat, zakovat belgisi. Insonning tili moʻjizalar yaratishga qodir, u barcha bunyodkorliklar, ijod va isteʼdodning kaliti.

    --Darhaqiqat, biz oʻzligimiz, tilimiz buyukligini Navoiy timsolida tasavvur etamiz. Navoiy ijodida soʻz qudrati haqida mushohada yuritganmi yoki bu masalaning buyukligi uning asarlari misolida gavdalandimi?

    – Alisher Navoiyning fikricha, “Soʻz gavharining sharafi” balandligiga sabab uning butun olam qudrati tarafidan tuhfa etilganidir. U “toʻrt sadaf gavharning durji” – yaʼni toʻrt unsur (suv, havo, oʻt, tuproq) dan hosil boʻlgan inson zotinig bosh xususiyatini belgilaydi, inson nutqi bilan inson, nutq uni barchadan afzal etadi. Soʻz, nutq – ruh, qolip ichidagi jon, hayot, harakat demak, til faqat aloqa quroli, insonni mumtoz etgan neʼmatgina emas, balki inson uchun azob-iztiroblar keltiradigan narsa ham, zero til – kishi boshiga koʻp falokatlar keltiradi, “ruhni halok etadi”. Navoiyning masalaga qanchalik chuqur qaraganini his etish qiyin emas.

    Oʻzbek shoiri fikrini davom ettirib yozadiki, soʻzning kuchi benihoya ulugʻ, “kalomi faseh” (goʻzal soʻz) oʻlganni tiriltirishi ham mumkin. Soʻz masʼuliyati qanchalik baland ekanini, odamlar taqdiri, kishilarning hayoti bir soʻz bilan hal etilishi – yo baxtga muyassar, yo abadul-abad badbaxt boʻlishini, soʻz odamlarini jonfidolikka, ulugʻ maqsadlar sari kurashga safarbar etishini qayd etgan. Navoiy, ayni vaqtda soʻzning estetik taʼsir kuchini koʻrsatishni unutmagan.

    Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidagi tilga bagʻishlangan boblarda asosan, soʻzning falsafiy-ijtimoiy mohiyati, funksiyalari va badiiy adabiyot sifatidagi jozibasi, soʻz sanʼatining buyuk taʼsiri, tarbiyaviy-maʼnaviy ahamiyati koʻrsatilgan. Ammo oʻzbek shoiri boshqa joyda – oʻninchi maqolatda rostgoʻylik fazilati va yolgʻon gapirishning zarari haqida alohida toʻxtagan. Navoiy rostlik, rostqavllikka juda katta ahamiyat bergan. Buni odmiylik, insoniylikning muhim belgisi sifatida olib qaragan.

    Soʻz guharigʻa erur ancha sharaf,

    Kim boʻla olmas anga gavhar sadaf.

    Toʻrt sadaf gavharining durji yl,

    Emti falak axtarining burji ul.

    Navoiy soʻzning falsafiy mohiyatiga katta ahamiyat berib, olam boshida soʻz turadi, yaʼni avval soʻz boʻlgan, soʻng borliq vujudga kelgan, deydi. Shu bois insonning asosiy sifati ham soʻz – nutqdir. Inson avvalo soʻzda yaxshi yoki yomonligini izhor etadi. Umuman olganda, soʻz – odamning sharafi, soʻz – fazilat, soʻz – axloqiy kamolot vositasi. Shuning uchun uni shu yoʻlda sarflash lozim. Buyuk shoirlarning xulosasi – ana shu.

    - Ustoz, tilning buyukligini mustahkamlaydigan adabiyot xususida qanday mulohazalarni tavsiya etasiz?

    – Badiiy soʻzni maʼnodon, nuqtadon odamga aytsa durust, har kimsa ham yaxshi soʻzning qadriga yetmaydi, fahmiga yetib, undan lazzat topmaydi. Nozik koʻngilli, soʻzdagi maʼnolarni qilni qirq yorganday farqlaydigan odamning suhbati huzur-halovat bagʻishlaydi. Suhbatda har narsani aytaverish odobdan emas, undan koʻra jim oʻtirish afzal. Aldov, yolgʻon kabi yomon niyatlarga soʻzni sarflash gunoh. Holbuki, bu odamlar orasida ancha keng tarqalgan.

    Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida ustozlari – Attor, Rumiy, Hofiz, Jomiy, Xusrav haqida, ularning baland qadrli sheʼriyati haqida toʻxtab, keyin “adno tabaqasi” (past tabaqa) shoirlarni tilga olib oʻtadi. Ularning na shoirligi, na oshiqligi taqsinga loyiq emasligini qayd etadi. Navoiy bunday “shoirtalab” soʻzi yolgʻon oʻzi kibru havoli kishilardan bezorligini “Hayrat ul-abror” dostonining soʻz maʼnosiga bagʻishlangan bobida ham qayd etgan. “Turfa bukim, – deb noliydi ulugʻ shoir, – ular mening oʻzimning sheʼrimni rangu ruyini oʻzgartirib, toʻgʻrirogʻi, uni buzib, yana oldimga olib keladilar, “sheʼr”ning holiga yigʻlaging keladi:

    Zohir etib yigʻlagudek hol anga,

    Kiydurubon eski qaro shol anga.

    Turfa bukim sheʼr qoʻyub otishi,

    Yetkurbon koʻkka mubohotini”.

    Bunday “taqlidchilar”, “bildirmasdan” oʻziniki qilib oluvchilar Navoiy zamonida ham koʻp boʻlgan. Ular hozir ham bor. Hozir ham isteʼdodli shoirlarning gʻoya va iboralari, obrazlarini oʻzlashtiruvchi va Navoiy aytganidek, uyalmay eʼlon qildiruvchi, tagʻin tahsin qutadigan, natijada sheʼr va shuur haroratiga gʻaflat va sovuqqonlik bilan xiyonat qiladigan shoirnamolar kam deysizmi?

    Alisher Navoiy soʻz muammosi atrofida soʻz yuritib, adabiyot haqida, soʻz sanʼati, soʻz qadri haqida mana shunday muhim fikrlarni olgʻa surgan. Shoirlar yaratgan asarlarning zamonaviyligi, gʻoyalar, fikrlar, badiiy-hissiy talqinlar dolzarbligi, ayniqsa insonning axloqiga boʻlgan qarashlarda, insonni ijtimoiy muhit bilan bogʻlab tasvirlashda aniqroq seziladi. Milliy adabiyotimiz bashariyat ustunlaridan boʻlgan oʻzbek millati taqdiri, qaygʻusi, kamoloti yoʻlida xizmat qiladigan soʻz va nutqning hassos kashfiyotchisi boʻlishi lozim.

    Ona tilimizni va til orqali milliy oʻzligimiz mohiyatini yoshlar ongiga singdirishda, tilimizga gard tekkizmaslik, sofligini buzmaslik va asrab-avaylashda qanday usullardan foydalanish va nimalar qilish kerak deb hisoblaysiz?

    - Til saltanatining benazir sultoni Alisher Navoiyning “Insonni soʻz ayladi judo hayvondin”, “Tilga eʼtiborsiz – elga ixtiyorsiz” kabi hikmatlarida odam bolasi uchun tilga ehtiromli munosabatning azaliy va abadiy ehtiyoji, insonlikning bosh belgisi til ekanligi, til va el hurmati tanosibining tarangligi goʻzal shamoyillarda ifoda topgan. Umuman, har qanday tilga, xususan, ona tiliga, nopisandlik yoki kamsitish bilan qarash inson va el qadriga hurmatsizlik, inson va xalq hamiyatiga daxl qilish tarzida anglanishi, kishilar koʻnglini, yumshoqroq taʼbir bilan aytganda, ogʻritishi kabi holatlarga, tabiiyki, biz yaqin oʻtmishda guvoh boʻlganmiz.

    Bugungi yoshlarga kelsak, ular juda zukko, salohiyatli va dunyolarni zabt etishga qodir shijoati bor. Koʻrib havasing keladi. Davlatimiz tomonidan kelajak avlodga barcha sohalarda eng yaxshi, eng zoʻr, bekam sharoitlar yaratib berilayotir. Oʻqishi, izlanishi, oʻz ustida ixtirolar olib borishiga imkoniyatlar moʻl. Shunday ekan, bu yoshlar qayerda boʻlmasin, qaysi davlatda oʻqib yoki faoliyat yuritmasin oʻz tilini unutmasligi, soʻzlashuv madaniyatiga rioya qilishi, ona tilini asrab, har joyda targʻib qilishi lozim.

    Prezidentimizning “Mamlakatimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi oʻrni va ahamiyatini oshirish, uni zamon talablari asosida rivojlantirish masalasini biz milliy oʻzligimizni anglash, millat ruhini saqlab qolish, yorugʻ kelajagimizni taʼminlashning eng muhim omili, deb bilamiz. Shu ezgu maqsad yoʻlidagi amaliy harakatlarimiz tufayli jamiyatimiz hayotida davlat tilining qoʻllanish doirasi tobora kengayib, u xalq dilining chinakam koʻzgusiga aylanmoqda”, degan soʻzlari tilimiz, millatning faxri, gʻururi, koʻzgusi ekanligini yana bir bor teranroq koʻrsatib beradi.

    Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til va har bir fuqaro oʻz ona tilini bilishi, ulugʻlashi shart. Zero, millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti boʻlgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyinish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish, nafaqat yoshlarning balki barchamizning insoniylik burchimizdir.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Gulichehra DURDIYEVA suhbatlashdi