Unda senatorlar, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari masʼullari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq SAFOYEV oʻz fikrlarini bildirdi:
“OAV – bugun xalq ovozi, toʻrtinchi hokimiyatga aylanib bormoqda. Balki hali koʻp choʻqqilarga yetkanimiz yoʻqdir, lekin siljishlarni inkor qilish mumkin emas.
BMT Inson huquqlari komissiyasining eʼtirofi boʻyicha, soʻz erkinligi – inson rivojlanishining ajralmas omili. Insonlarning haq-huquqlari, manfaatlari haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, unga demokratiyasiz, soʻz va matbuot erkinligisiz erishib boʻlmaydi.
Soʻz erkinligi, matbuot erkinligi – demokratiyaning qon aylanish tizimidir, usiz bu tushunchalar faoliyat koʻrsata olmaydi.
Inson huquqlari sohasida qilingan ishlar bois xalqimiz oʻz gʻururini anglab boshladi. OAV, blogerlarning xatti-harakati ham ana shu gʻururni koʻrsatmoqda.
Oʻzbekiston – yangi dunyoda obroʻ orttirdi. Bunda OAVning oʻrni nihoyatda katta boʻldi. Axborotdan foydalanish huquqini taʼminlash, axborot xilma-xilligini barpo etish va rivojlantirish – bir tomondan inson huquqlariga oid masala, ayni vaqtda milliy xavfsizlikning manbalaridan biri hisoblanadi.
Soʻz erkinligi – inson huquqlarining boshqa turlari uchun poydevor, zamin”.
Akmal SAIDOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari:
– Mashhur amerikalik huquqshunos Ralf Neyder taʼkidlaganidek, axborot – demokratiyaning asosiy valyutasi. Soʻz erkinligisiz demokratiya ham, inson erkinligi ham boʻlmaydi.
Soʻz erkinligi – avvalambor, har bir fuqaroning shaxsiy huquqi, axborot erkinligi – bu har bir insonning tabiiy huquqidir.
Hozirgi kunda inson huquqlari global huquqqa aylandi. Biz matbuot erkinligini 3 darajada koʻrishimiz kerak: davlat darajasida (milliy), har bir mintaqa darajasida, global darajada (universal).
Abdulaziz KOMILOV,
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri:
– Xalqaro sheriklar bilan inson huquqlari sohasidagi muloqotning muhim jihatiga eʼtibor qaratmoqchiman. Bu – davlat xavfsizligi va inson huquqlari oʻrtasidagi nisbat hamda ularning oʻzaro bogʻliqlik masalasidir.
Soʻnggi 3-4 yilda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash jarayonida ushbu muammoni bartaraf etish uchun juda koʻp ishlar qilindi.
Oʻzbekiston davlat hokimiyatini demokratlashtirish, xalq va OAV bilan toʻgʻridan-toʻgʻri, shaffof muloqotni yoʻlga qoʻyish, ularning fuqarolik va jamoatchilik faolligini qoʻllab-quvvatlash borasida ortga qaytmaydigan yoʻlda bormoqda.
Biz inson huquqlariga oid har qanday nozik masalani milliy va global darajada ochiq muhokama qilmoqdamiz.
Asadjon XOʻJAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori:
– Insonning ajralmas huquqi – soʻz erkinligi. Soʻz va matbuot erkinligi – Oʻzbekiston siyosatining ustuvor yoʻnalishi deb belgilangan va bu borada orqaga qaytish yoʻq. Buni hammamiz bilamiz va faoliyatimizni shunga monand tashkil qilganmiz.
Bugungi kunda axborotni yashirib boʻlmaydi. Bir joyda yashirilgan axborot, albatta, boshqa joylarda chiqadi. Axborot bugun erkin aylanyapti va bu soʻz erkinligi bilan bevosita bogʻliq.
Odamlar internet orqali oʻz fikrlarini erkin bildirmoqda. Albatta, tanqidiy fikrlar ham bor. Bu tanqidiy fikrlarni esa davlat organlari eshitishi kerak. Oʻz faoliyatini tanqidlar orqali tahlil qilib, mavjud muammolarni hal etish choralarini koʻrishi lozim, muloqotga oʻrganishi kerak. Shu orqali davlat organlari yangi reallikda, yangi Oʻzbekistonda faoliyatini amalga oshiryapti. Davlatimiz rahbari ham matbuot kimgadir achchiq gapirsa, yoqishi yoki yoqmasligi ham mumkin. Biroq biz bu yoʻldan qaytmaymiz, deya taʼkidlangan edi.
Barcha davlat idoralarida axborot xizmatining tashkil etilishi katta islohot deb bilaman. Bu orqali tashkilotlar ochiqligi taʼminlanishi uchun kerak. Bugun mingdan ziyod axborot xizmatlari ishlayapti, biroq ularning faoliyati qay darajada? Bu yoʻnalishni tegishli ravishda baholab borishimiz kerak. Ularning malakasini oshirish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirib kelyapmiz.
Pandemiya sharoiti koʻrsatdiki, qabul qilinayotgan hujjatlar aholiga yetkazilishiga katta ehtiyoj bor. Bu jarayon risoladagidek boʻlmasa, tekshirilmagan va noxolis axborotlarning aylanishiga olib keladi. Bunda jurnalistlar emas, davlat tashkilotlarining ochiq emasligi, muloqotning yoʻqligi sababchi. Ular muloqotga tayyor boʻlsa, ortiqcha mish-mishlar tarqalishiga oʻrin qolmaydi.
Pandemiya sharoitida AOKA platformasida doimiy ravishda brifing va matbuot anjumanlari oʻtkazdik. Bu, albatta, oson boʻlmadi, bu jarayonda nodavlat telekanallar, internet saytlari va blogerlar ham faol qatnashdi.
Biz noyabr oyidan boshlab, 100 dan ortiq brifing hamda matbuot anjumanlari uchun qoʻshimcha platformalar tashkil etdik, ayniqsa, hududlarda oʻtkaziladigan tadbirlar rejasini belgilab oldik. Bu viloyatlarda axborot olish erkinligini taʼminlashdagi muammolarni maʼlum qadar yechishga yordam beradi, deb hisoblaymiz.
Yana bir muhim qadamlardan biri – Agentlik hamda uning hududiy boshqarmalari huzurida “Dialog maydonchasi” faoliyati yoʻlga qoʻyilayotganidir. Bu loyiha, oʻz navbatida, OAV vakillari hamda blogerlarning huquqlarini taʼminlash, ularni himoya qilish, zarur huquqiy maslahatlar berish hamda yordam koʻrsatishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.