Toshkentdan borgan shifokorlar xonadonma-xonadon yurib, bemorlarga malakali tibbiy yordam koʻrsatmoqda

    Xastaligi kun sayin zoʻrayib, surunkali ogʻriqlardan tinka-madori qurigan, dardidan tezroq xalos boʻlish uchun beminnat yordamdan umidvor shunday yurtdoshlarimiz borki, ularni faqat dori-darmon, ambulator muolajalar va shirin soʻz bilangina qayta oyoqqa turgʻazish mushkul.

    Yana ham aniqrogʻi, bunday bemorlar — katta mablagʻ, puxta bilim va yuksak salohiyat talab etadigan murakkab jarrohlik operatsiyalari, innovatsion davolash usullariga muhtoj. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan joylarda oʻtkazilayotgan sogʻlomlashtirish aksiyalari davomida, birinchi navbatda, ana shunday fuqarolarimizning salomatligini tiklash choralari koʻrilmoqda. Ezgu tashabbusning galdagi manzili — Navoiy viloyatida ham buning guvohi boʻlyapmiz. Xususan, poytaxtdagi yetakchi davolash muassasalari shifokorlari aksiya doirasida Navbahor tumaniga keldi.

    Aytish joizki, hudud aholisi oʻrtasida nafas olish, qon va qon hosil qilish, ovqat hazm qilish aʼzolari hamda yurak-qon tomir xastaliklari eng koʻp uchraydi. Toshkentdan kelgan mutaxassislar 360 qatnovga moʻljallangan tuman koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida boʻlib, mahalliy shifokorlar koʻmagida aholi vakillarini chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi.

    Bemorlarning bir guruhiga shu yerning oʻzida yuqori malakali tibbiy yordam koʻrsatilgan boʻlsa, ahvoli ogʻir, murakkab operatsiyalarga muhtoj boshqa toifa insonlarni viloyat, respublika tibbiyot muassasalarida davlat hisobidan bepul davolash choralari koʻrildi. Yana bir muhim masala: tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish — sogʻliqni saqlash tizimi oldiga qoʻyilgan muhim talab. Bu nafaqat bemorlarni tezkor va manzilli davolash, balki kasalliklar profilaktikasi uchun ham juda muhim!

    Prezidentimizning “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida bu dolzarb masala yechimi ham oʻz aksini topgan. Unga koʻra, tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan yiroqda joylashgan manzillarda 2022-yil 1-maydan boshlab mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilishi belgilangandi. Ushbu hujjat ijrosi doirasida Navbahor tumanida 11 ta shunday muassasa faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, Paxtakor mahallasi aholisi hududdan 5 kilometr olis masofada joylashgan oilaviy shifokor punktiga qatnashga majbur boʻlayotgandi.

    Endi shu yerning oʻzida zamonaviy mahalla tibbiyot punkti tashkil etilgan. Konteyner shaklidagi bu muassasada birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur barcha uskuna va jihozlar mavjud. Kerakli dori-darmon hamda tibbiyot jihozlari bilan taʼminlangan. Qolaversa, aholiga kunduzgi statsionar xizmatlari ham shu yerning oʻzida koʻrsatilyapti. Aksiya doirasida ushbu mahalla punktiga Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkiloti — JICA tomonidan yana qator tibbiy vositalar begʻaraz yordam sifatida taqdim etildi.

    Shuningdek, poytaxtdan kelgan mutaxassislar ishtirokidagi chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar turli xavfli xastaliklar tufayli toʻshakka mixlanib qolgan yurtdoshlarimizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Qirq ikki yoshli Farhod Nurov — Navbahor tumani, Oltin Zamin koʻchasi, 44-uyda yashaydi. Oʻtgan yili avtohalokat oqibatida oyoqlaridan ogʻir jarohat olgan. Sakkiz oydirki, yurolmaydi, hatto oʻrnidan qoʻzgʻalishga ham qiynaladi.

    Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari boshchiligidagi shifokorlar ushbu bemor uyiga borib, uni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazgach, viloyatning oʻzida davlat hisobidan operatsiya qilinadigan boʻldi. Tumanning Qorovultepa mahallasi, Nuroniylar koʻchasi, 74-uyda istiqomat qiluvchi 64 yoshli Norpoʻlat Nurmurodov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining yetakchi shifokorlari tomonidan tekshirilganida, unga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish zarurligi maʼlum boʻldi.

    Gap shundaki, otaxon ikki marta infarktni boshdan kechirgan, yurak sohasida kuchli ogʻriqlar kuzatilmoqda. Qon bosimi tez-tez koʻtarilib turadi. Tibbiy tekshiruvlarda bemorning uchta tomirida tromb hosil boʻlgani tasdiqlangan. Mutaxassislar otaxon xonadonida tibbiy koʻrikni yakunlab, uni zudlik bilan tez tibbiy yordam mashinasida viloyat shifoxonasiga olib ketishdi. Endi Nurpoʻlat akada davlat hisobidan yuqori texnologik operatsiya amalga oshiriladi. Gujbogʻtepa mahallasida yashovchi Dilshoda Suyunova esa endigina 36 yoshni qarshilagan. Ammo u hayotni yorqin ranglarda koʻrishdan bebahra. Bir koʻziga sunʼiy gavhar oʻrnatilishi lozim. Ikkinchi qorachigʻida ham koʻrish qobiliyati asta-sekin pasayib boryapti.

    Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari unda davlat hisobidan poytaxtda murakkab operatsiya oʻtkazadigan boʻldi. Umuman, sogʻlomlashtirish aksiyasi davomida Navoiy viloyatining boshqa tumanlarida ham shunday chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar hamda “xonadonbay” oʻrganishlar davom ettirilmoqda, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.