Avvalo shuni aytish kerakki, huquqiy demokratik davlatda fuqarolar oʻrtasidagi barcha munosabatlar qonun bilan tartibga solinadi. Masalan, qarz munosabatlarini oladigan boʻlsak, buning ham huquqiy asoslari mavjud, unga amal qilish esa, turli nizolarning oldini oladi. Biroq, qarz undirish bilan bogʻliq ishlarga oid statistik maʼlumotlar tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, sudlar amaliyotida aynan shu toifadagi nizolar soni yil sayin ortib bormoqda.
Xususan, 2020-yilda fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan qarz undirish bilan bogʻliq jami 11 105 ta ish koʻrilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2021-yilda 26 066 tani, 2022-yilda esa 29 796 tani tashkil etgan. Bu koʻrsatkichlarni taqqoslaydigan boʻlsak, 2021-yilda bunday nizolar soni 2020-yilga nisbatan 14 961 taga ortgan boʻlsa, 2022-yilda esa bunday nizolar soni 2021-yilga nisbatan 3 730 taga koʻpaygan. Demak, bu borada yurtdoshlarimizning huquqiy xabardorligi va savodxonligini oshirishimiz zarurligini hayotning oʻzi taqozo qilmoqda.
Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: xoʻsh, qarz munosabatlari huquqiy jihatdan qanday tartibga solinadi va qarz shartnomasi qanday tuziladi? Bu savolga javoban shuni aytish kerakki, qarz shartnomasi – mulk huquqi bir shaxsdan ikkinchi shaxsga oʻtadigan shartnomalar turkumiga kiradi. U oʻzining tuzilishi jihatidan boshqa bitimlardan ajralib turadi.
Fuqarolik kodeksining 732-moddasiga koʻra, qarz shartnomasi ham majburiyatning bir turi boʻlib, fuqarolik muomalasida keng tarqalgan huquqiy institutlardan biri hisoblanadi.
Qarz shartnomasiga asosan bir taraf – qarz beruvchi ikkinchi taraf – qarz oluvchiga pul yoki ashyolarni mulk qilib beradi. Qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib, oʻshancha pulni yoki qarzga olingan ashyolarni qaytarib berish majburiyatini oladi. Natijada pul mablagʻi yoki ashyo bir shaxsdan ikkinchi shaxsga oʻtadi. Bunda har ikki tarafning ham huquq va burchlari vujudga keladi.
Qarz shartnomasining oʻziga xos huquqiy belgilari va boshqa bitimlardan farqli jihatlari mavjud. Birinchidan, qarz shartnomasi real shartnomadir. Chunki taraflar oʻrtasida huquq va burchlar shartnoma predmeti boʻlgan pul yoki ashyoning topshirilishi vaqtidan eʼtiboran vujudga keladi va shartnoma ham pul topshirilgan vaqtdan kuchga kiradi. Yaʼni bunday shartnoma taraflar oʻrtasida imzolangan vaqtda emas, balki pul mablagʻi yoki ashyo bir shaxsdan ikkinchi shaxsga topshirilgan paytda tuzilgan hisoblanadi.
Ikkinchidan, shartnoma yuzasidan qarz beruvchi huquqlar olsa, qarz oluvchida burchlar vujudga keladi.
Uchinchidan, qarz shartnomasi ikki taraflama bitimdir. Agar fuqarolar oʻrtasida bu qarzning summasi eng kam ish haqining oʻn barobaridan ortiq boʻlsa, oddiy yozma shaklida tuzilishi, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs boʻlganida esa, qarz summasidan qatʼi nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.
Qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi. Lekin taraflar oʻrtasida qarz boʻyicha nizo kelib chiqsa, uning tuzilgani va bajarilganini guvohlar orqali tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi.
Toʻrtinchidan, agar qonun yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasiga shartnomada belgilangan miqdor va tartibda foizlar olish huquqiga ega boʻladi.
Taraflar qarz shartnomasini tuzayotgan vaqtda shartnoma boʻyicha foizlarni ham oʻzaro kelishuv asosida belgilab olishga haqlidir. Qarz shartnomasida foiz belgilanmaganligi qarz beruvchini foizlarni ham qoʻshgan holda qarzni qaytarishni talab qilish huquqidan mahrum qilmaydi. Agar qarz oluvchi qarz beruvchining pul mablagʻini belgilangan vaqtda qaytarmasa va shartnomada foiz toʻlash nazarda tutilmagan boʻlsa, Fuqarolik kodeksining 327-moddasi talabiga koʻra, qarzdor qarz beruvchi yashayotgan joyda, agar qarz beruvchi yuridik shaxs boʻlsa, u joylashgan yerda mavjud bank foiz stavkalari asosida belgilangan foizlarni toʻlashga majbur.
Beshinchidan, agar qarz shartnomasi boʻyicha qarz oluvchiga turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar topshirilsa, ularning miqdori va shakli shartnomada koʻzda tutilgan hollarda foiz toʻlanishi kerak. Agar olingan ashyo uchun foizlarni toʻlash tartibi va muddati koʻrsatilmagan boʻlsa, shartnomada ashyoni qaytarish nazarda tutilgan tartib va muddatda foizlar ham toʻlanishi lozim.
Agar qarz summasini qaytarish muddati shartnomada belgilangan boʻlmasa, qarz oluvchi uni qarz beruvchi qarzni qaytarish haqida talab qoʻygan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida qaytarishi kerak.
Qarz oluvchi tomonidan qarz shartnomasi buzilgan taqdirda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma majburiyatini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun foizlar undiriladi. Shu bilan birga, qarz beruvchi qarz summasini qaytarib berishni talab qilib olishga haqli boʻladi.
Agar qarz shartnomasida qarzni qismlab, yaʼni boʻlib-boʻlib qaytarish nazarda tutilgan boʻlsa, qarz oluvchi qarzning navbatdagi qismini qaytarish uchun belgilangan muddatni buzgan taqdirda, qarz beruvchi qarzning qolgan barcha summasini tegishli foizlar bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli.
Hayotda koʻpincha qarz beruvchi va qarz oluvchi qarzni qismlarga boʻlib, oyma-oy taqsimlangan jadval asosida toʻlab borishga kelishadi. Agar qarz oluvchi jadval asosida toʻlab borish davomida biron-bir oy uchun belgilangan toʻlovni amalga oshirmagan yoki qisman amalga oshirmagan boʻlsa ham, qarz beruvchi qarzning qolgan barcha qismini ham talab qilishga haqli boʻladi. Toʻlov jadvalini buzish shartnomani bajarmaslik deb hisoblanadi.
Agar qarz shartnomasida qarz boʻyicha foizlarni qarzning oʻzini qaytarish muddatidan oldin toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa, bu majburiyat buzilgan taqdirda, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasini tegishli foizlari bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli.
Agar qarz shartnomasi aldash, zoʻrlik ishlatish, tahdid qilish, qarz oluvchining vakili qarz beruvchi bilan yomon niyatda kelishishi yoki qiyin vaziyatlar taʼsirida tuzilgan hollarda taraflar yoki manfaatdor shaxslar, guvohlarning koʻrsatmalari asosida haqiqiy holatni tasdiqlashi mumkin boʻladi.