Shuni eʼtiborga olgan holda, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi tomonidan qishloq xoʻjaligi korxonalariga ajratilgan yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanish yuzasidan nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda. Maʼlum boʻlishicha, joylarda qonun buzilishi va oʻzboshimchalik bilan yerlarni egallab olish holatlari mavjud.
Jumladan, Inspeksiyaning Toyloq tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan monitoring davomida tumanning Xoʻjayuz mahallasida yashovchi besh nafar fuqaro «Bogʻizogʻon» agrosanoat firmasi hududidagi “Musoxon Ziyoxon” fermer xoʻjaligi uchun ijaraga berilgan 1090-raqamli dala konturidan 0,31 gektar sugʻoriladigan yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy uy-joy qurib olganligi maʼlum boʻldi. Natijada yer maydonini qishloq xoʻjaligi muomalasidan chiqishi oqibatida davlatga jami 31 mln 485 ming 464 soʻm zarar yetkazilgani aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Inspeksiyaning tuman boʻlimi tomonidan, Toyloq tumanlararo fuqarolik sudiga daʼvo ariza kiritildi.
Qonun buzilish holatlari yuzasidan Toyloq tumanlararo fuqarolik sudining hal qiluv qaroriga koʻra, javobgarlar hisobidan davlat foydasiga yetkazilgan zararni qoplashi hamda 1 mln 349 ming 212 soʻm miqdorida davlat boji undirilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
— Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 90-moddasida “Yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olganlikda,qishloq xoʻjaligi yerlarini va boshqa yerlarni yaroqsiz holga keltirganlikda, ularni kimyoviy va radioaktiv moddalar, ishlab chiqarish chiqindilari va oqava suvlar bilan ifloslantirganlikda, yerlarning holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan obyektlarni joylashtirganlikda, qurganlikda aybdor shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻlishlari” belgilangan. Inspeksiya organlari tomonidan qishloq xoʻjaligi korxonalariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun ajratilgan yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatilgan. Yuqoridagi singari holatlarning oldini olish maqsadida fermer xoʻjaligi rahbarlari va hamkor tashkilotlar xodimlari oʻrtasida huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda. Turli koʻrgazmali qurollar, qoʻllanmalar asosida aholi va tadbirkorlik subyektlarining huquqiy ong va bilimlari oshirilmoqda, — deydi Inspeksiyaning Toyloq tuman boʻlimi boshligʻi Zoyir Eshonqulov.
Yana bir gap. Barpo etilayotgan huquqiy demokratik davlatda qonun ustuvor boʻlishi muhim ahamiyatga ega. Barchamiz amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etgan holda ish tutsak, turli koʻngilsiz holatlarning oldini olgan boʻlamiz.