Prezidentimizning 2023-yil 7-iyuldagi “Agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida institutda Oʻzbekiston — Koreya kartoshka urugʻchiligi markazini tashkil qilish topshirigʻi belgilangan. Mazkur vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida institutda markaz faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Hozir Koreya Respublikasi xalqaro bogʻdorchilik instituti bilan hamkorlikda qiymati 4,3 million dollarlik “Oʻzbekistonda kartoshka urugʻchiligini rivojlantirishda kadrlar salohiyatini oshirish” mavzusidagi loyiha doirasida amaliy ishlar boshlangan. Bu xalqaro ilmiy-amaliy loyiha 2023-2027-yillarga moʻljallangan boʻlib, Koreya Respublikasi Qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Koreya qishloq hududlarini rivojlantirish koorporatsiyasi koʻmagida amalga oshirilmoqda. Hamkorlik doirasida mamlakatimiz mutaxassislariga hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga bilimlar ulashish, innovatsion laboratoriyada in-vitro usulida koʻpaytirilgan koʻchatlardan mikro va minituganaklarni koʻpaytirib, tajriba maydonida super elita urugʻlik yetishtirishni yoʻlga qoʻyish, xalqaro ekspertlar ishtirokida oʻquv-amaliy seminarlar va konferensiyalar tashkil etish hamda sohani rivojlantirish kabi bir qancha vazifalar belgilangan.
Loyiha boshlanishi avvalida Koreya Respublikasi Qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi, Koreya qishloq hududlarini rivojlantirish koorporatsiyasi yetakchi mutaxassislaridan iborat ekspertlar guruhi institutga keldi. Koreyalik mutaxassislar Samarqand viloyatida kartoshka urugʻchiligi bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjaliklarida boʻlib, bugungi holatni oʻrgandi. Shu bilan birga, institut olimlari va tadqiqotchilari ishtirokida kartoshka urugʻchiligini rivojlantirish istiqbollari, in-vitro laboratoriyasi, issiqxonalar tashkil etish boʻyicha seminartreninglar oʻtkazildi hamda sohani rivojlantirish yuzasidan ikki tomonlama memorandum imzolandi.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi va tizim tashkilotlari yetakchi mutaxassislari hamda Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti olimlaridan iborat delegatsiya oʻtgan yili 9-15-oktyabr kunlari Janubiy Koreyada birinchi oʻquv-amaliy xizmat safarida boʻlib qaytdi. Safar davomida Seulda Koreya qishloq hududlarini rivojlantirish korporatsiyasi va Xalqaro bogʻdorchilik instituti yetakchi mutaxassislari ishtirokida seminar oʻtkazildi. Loyihani amalga oshirish bosqichlari, vazifalar, Koreya kartoshkachilik sanoati va Oʻzbekistonda kartoshka urugʻchiligini rivojlantirish istiqbollariga doir tajriba almashildi.
Delegatsiyamiz vakillari Janubiy Koreya va Osiyo mintaqasida yetakchi hisoblangan “Nongvoo Bio” urugʻchilik ilmiy-tadqiqot instituti, Koreya togʻoldi hududlari qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti, Koreya va Osiyo mintaqasida kartoshka chipsi bilan tanilgan “Orion Agro” kompaniyasi, Gimje shahridagi “Koreya qishloq xoʻjaligi texnologiyalari markazi” va Koreya qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash agentligi qoshidagi “Koreya urugʻchilik sanoatini qoʻllab-quvvatlash markaz”larida boʻlib, ular faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Qator tayyorgarlik tadbirlari, uchrashuv va seminarlardan soʻng loyihaning dastlabki bosqichlarida, yaʼni 2024-yilda koreyalik ekspert olimlar tomonidan Oʻzbekistonda kartoshka urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish masalalari yuzasidan seminar tashkil etildi. Unda kartoshkachilik sohasi boʻyicha koreyalik mutaxassislar, institut rahbar xodimlari, professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi. Koreyalik professor Xyun Muk Cho tomonidan “Stress omillar sharoitida kartoshka mahsuldorligini oshirish strategiyasi hamda Oʻzbekiston sharoiti uchun mos navlarni tanlash” mavzusida kurs tashkil etildi. Koreyalik ekspert, professor Kvan Yong Shin esa “Issiqxonalarda urugʻlik kartoshka yetishtirish texnologiyasi” mavzusida taqdimot oʻtkazdi. Ekspertlar tomonidan boshqa davlatlarda oʻtkazilgan shu kabi loyihalarda uchragan muammolar, ularning yechimiga qaratilgan masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Institut yosh olimlari va talabalari joriy yil may oyida Xalqaro bogʻdorchilik instituti, Kangvon milliy universiteti, WSgamja xususiy korxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot markazlarida malaka oshirdi. Koreyalik tajribali professorlardan ikki nafari ishga qabul qilingan. Ular talabalarga “aqlli” issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish hamda kartoshkachilik fanlaridan dars berib kelmoqda. Umuman, joriy yilda institutda koreyalik 16 ekspert loyihadagi vazifalarni bajarish bilan bir qatorda taʼlim va ilmiy jarayonlarga jalb etildi.
Loyihaning rasmiy ochilish jarayoni 2024-yil 1-noyabrga belgilangan boʻlib, tadbir ilmiy-amaliy forum shaklida tashkil etiladi. Forumda 20 dan ortiq xorijiy va 100 dan ziyod mahalliy ekspertlar, olimlar, tadqiqotchilar qatnashishi kutilmoqda. Shuningdek, tadbirda in-vitro laboratoriyasi, gidroponika issiqxonasi ochilishi, soha mutaxassislarining qimmatli maʼruzalari tashkil etiladi. Maqsadimiz Oʻzbekistonda kartoshka urugʻchiligini rivojlantirishni yoʻlga qoʻyish hamda bu sohada yetuk mutaxassislar tayyorlashdan iborat.
Shavkat HASANOV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Hamkorlik materiali