Soat tonggi 6:30 da telefonim jiringladi. Qoʻqqis qoʻngʻiroqdan yuragim hapqirib turdim, goʻshakni koʻtarsam, kimdir adashib tushibdi. Xotirjam boʻlib oʻrnimga yotdim. Uyqum oʻchib ketdi, qancha urinsam ham qaytib uxlolmadim. Turib xonani bir muddat aylandim, qahva damlab, deraza yonidagi ish stolimga oʻtirdim. Nimadir yozishga urindim, boʻlmadi.

Iliq shabboda yarim ochiq deraza pardasini ohista silaydi. Kimdir shirin uyquda, kimdir biror yumush bilan yoʻlga otlanmoqda. Tuni bilan tinmagan mashinalar ovoziga boshqa shovqinlar ham qoʻshila boshlaydi. Shaharda hayot jonlanadi.

Tashqariga maʼnosiz qarab oʻtirar ekanman, katta yoʻl chetini tozalayotgan obodonlashtirish xodimiga koʻzim tushdi. Keyin beixtiyor ishini kuzatib oʻtirdim. Oradan qancha vaqt oʻtganini bilmayman, lekin uning astoydil ishlayotgani, yoʻl boʻyidagi ariqlarni ham qirtishlab tozalayotgani diqqatimni tortdi. Atrofida hech kim yoʻq, hech kim tepasida turib ish buyurmayapti (odatda tepasida kimdir turib ishlatsa, shunaqa mehnat qilishadi).

Uning oʻz uyini tozalayotgandek berilib ishlashini derazadan tomosha qilish oʻzimga nashʼa qildi va yana bitta qahva damlab, pastga tushdim. Yaqinlashib, salom berdim va qahvani unga uzatdim.

Salomimga alik olarkan, ozgina orqaga tisarilib, savol mazmunida menga qaradi.

— Hormang, charchamasdan ishlayapsizmi?

— Bor boʻling, rahmat, oʻgʻlim, — dedi yoshlari elliklar atrofidagi ayol ustidagi toʻq sariq kiyimiga yopishgan changlarni qoqar ekan.

— Saharlab ishga chiqibsiz-da, ertaroq ishni tugatib ketasizmi? — dedim uni suhbatga tortish uchun.

— Yoʻq, — dedi ayol, — kun boʻyi ishlaymiz, lekin ertalabki ish unumli. Qolaversa, odamlar qoʻzgʻalguncha shahar toza boʻlsa yaxshi-da, — deya yana ishiga unnadi.

“Qahvani ichib oling issigʻida, opa. Keyin davom ettiraverasiz”. Ham iltimos, ham iltifot ohangidagi ushbu taklifimdan soʻng ikkalamiz yoʻl boʻyidagi oʻrindiqqa oʻtirdik va suhbatimiz davom etdi. Anglaganlarim shu boʻldiki...

Farroshlar — shaharning nafasi. Olayotgan nafasimiz qanchalik zarur va kerakli boʻlsa, shahar uchun farroshlar ham shunchalik muhim!

Ularsiz shahar hayotini tasavvur etib boʻlmaydi. Har bir toza koʻcha, bogʻ, xiyobon va jamoat joyi ularning bir qarashda koʻzga koʻrinmasdek, lekin mashaqqatli mehnati evaziga saqlanmoqda.

Birortasining bir kun ishga chiqmaganini oʻsha hududning ahvolidan bilsa boʻladi. Agar ularning harakati va mehnati boʻlmasa, shaharning turmush tarzi, koʻrinishi va odamlarning ruhiy ahvoli ham buzilishi mumkin. Ha, toʻgʻri oʻqidingiz, odamlarning ruhiy ahvoli ham buziladi. Maqolada bu masalaga alohida toʻxtalamiz.

Zulayho opa erta sahardan oʻrnidan turib issiq choy damlaydi, nonushta qiladi. Qolganini tartiblab, ustini yopib, kiyinib koʻchaga chiqadi.

U obodonlashtirish boshqarmasida farrosh boʻlib ishlaydi. Har kuni soat 6:30 da uygʻonadi. Eri insult boʻlgan, oʻgʻli chet davlatda, qizlari turmushga chiqqan. Har kungi yumushi — koʻchalarni supurib, tozalaydi. Qishning qattiq sovugʻida boʻladimi, yozning jaziramasimi, farqi yoʻq, oʻz vazifasini astoydil bajaradi. Uning ish haqi esa arzimas — oyiga 2,5 million soʻm atrofida. Bu pul bilan uy-roʻzgʻor, dori-darmon, elektr, suv, gaz haqini toʻlash — oʻziga xos matematika.

Qaynoq qahvadan hoʻplar ekanman, Zulayho opaning qadoq qoʻllariga koʻzim tushdi-yu, kompyuter tugmachalarini bosishdan nariga oʻtmay, noziklashib ketgan qoʻllarimni bekitdim.

 Kamsitish va buzilgan ijtimoiy adolat

Har qanday jamiyatda kamsitish va ijtimoiy adolatning buzilishi, eng avvalo, uning eng zaif qatlamlariga taalluqli boʻladi. Negadir odamlar farrosh, kunlik ishchi, koʻcha supuruvchi, tozalik xizmatchilari kabi qatlamlarga qandaydir beeʼtibor munosabatda boʻladi. Baʼzi hollarda esa farroshlar haqoratlar, behurmat munosabatlarga uchraydi. Aksariyatimiz koʻchamizni tozalagani uchun oʻsha farroshga hech qachon minnatdorlik bildirmaymiz, balki koʻchaning tozalanmagani yoki turli chiqindilar borligi uchun tanbeh berganimiz bor gap.

Tahlillarga koʻra, mehnat bozorida ushbu qatlamning imkoniyatlari cheklangan. Farrosh, kunlik ishchi yoki tozalik xizmati xodimi uchun yillik istirohat, qoʻshimcha ragʻbatlantiruv, kasbiy rivojlanish imkoniyati deyarli yoʻq. Eng yomoni — ularning ish haqi ham turmush uchun yetarli emas.

2023-yil yakunlari boʻyicha tayyorlangan hisobotlarga koʻra, mamlakatimizning ayrim shaharlarida tozalik xizmatchilarining oyligi 1,5-2 million soʻm atrofida boʻlgan. Bu mablagʻ bilan oila boqish, farzand oʻqitish, kommunal toʻlovlarni toʻlash, zarur boʻlganda tibbiy xarajatlarni qoplashni oʻzingiz tasavvur qilib koʻravering.

Qolaversa, jamiyatdagi ijtimoiy imtiyozlar ham ular uchun deyarli mavjud emas. Jamoat transportida bepul yurish, farzandlarini bolalar bogʻchasiga navbatsiz yo qandaydir imtiyoz bilan qoʻyish, maktabga qoʻshimcha yordam, tibbiy sugʻurta — bularning aksari ushbu qatlam uchun yoʻq yoki juda ogʻir shartlarda.

...Zulayho opa bilan shular haqida suhbatlashib oʻtirar ekanmiz, yoʻl chetida hozirgina yigʻib qoʻygan chiqindi uyumidan norozi boʻlgan bir haydovchi uni haqorat qilib oʻtib ketdi, opa jim.

— Faqat kechqurun uyga borib koʻzimga yosh keladi, — deydi Zulayho opa. — Chunki oila boqaman, turmush oʻrtogʻim sogʻ paytida ahvolimiz ancha yaxshi edi. Hozir ham yomon emas, u darajada noliydigan, och qoladigan ahvolda emasmiz. Topganim roʻzgʻorga yetib turadi. Lekin jamiyatimizda, atrofimizda mana shunga oʻxshagan insonlarning koʻpligidan yuragim eziladi.

Eng ogʻiri — eʼtiborsizlik

Farrosh va kunlik ishchilarga eʼtibor va munosabatni oʻzgartirish faqat mehr-muruvvat emas, jamiyatdagi umuminsoniy qadriyatlarni tiklash masalasi hamdir. Har qanday toza shahar ortida bir insonning qadoq qoʻli va yuragi turganini anglash, unga eʼtibor qilish har bir fuqaroning vijdon vazifasidir.

Zulayho opa bilan bir soatlar atrofida suhbatlashdim. Shu vaqt ichida ish koʻlami, yaratilgan sharoitlardan nolimadi. Toʻgʻri, oʻynab-kulib pul topadigan ish emas, lekin haqiqiy mehnat, qalb bilan dardlashib ishlaydigan jarayon ekan.

Quyosh bosh koʻtarib, odamlar koʻpayganda opa bilan xayrlashib, uyga kirdim. Ishxonaga yetib kelganimda ham Zulayho opaning gaplari, fikrlari qulogʻim ostida jaranglayverdi.

Jamiyatda ushbu qatlamga nisbatan munosabatni oʻzgartirish uchun, avvalo, ularning mehnatini tan olish, qadrlash va ochiq eʼtirof etish kerak, nazarimizda. Masalan, Xitoyning baʼzi shaharlarida farroshlar uchun alohida “Qahramonlar kuni” oʻtkaziladi va ular shahar rahbariyati tomonidan eʼtirof etilib, turli sovgʻalar bilan taqdirlanadi.

2022-yilda Janubiy Koreyaning Seul shahrida shahar tozalik xizmati xodimlari uchun yangi turdagi ijtimoiy himoya dasturi ishlab chiqilgan. Unda ularga yillik tibbiy koʻrik, farzandlari uchun taʼlim imtiyozlari va maoshi bilan birga ragʻbatlantirish toʻlovlari ham belgilangan. Natijada jamiyatda ularning nufuzi oshib, eʼtibor kuchaydi.

Farroshlar haqida ijtimoiy fikrni oʻzgartirish faqat davlatning emas, balki har bir insonning maʼnaviy burchidir. Agar jamiyat haqiqiy tenglik va insoniylikni tarbiya qilmoqchi boʻlsa, birinchi navbatda, shunday qatlamlarni qadrlashdan boshlashi kerak.

Xayolimdan oʻtgan shu fikrlar bilan mamlakatimizda obodonlashtirish boshqarmalari xodimlarining moddiy-texnik taʼminoti, maʼnaviy jihatdan qanchalik taʼminlangani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan qiziqdim. Shu paytgacha sohada malakali kadrlar yetishmasligi, ularni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy taʼminlash past darajada ekani, shuningdek, taʼsirchan jamoatchilik nazorati yoʻqligi qator muammolarga sabab boʻlib kelayotgan ekan.

Prezidentimizning 2019-yil 4-iyundagi hamda 2021-yil 2-apreldagi tegishli qarorlarida obodonlashtirish boshqarmalarining kuch va resurslaridan oqilona foydalanish, ularning ishini optimallashtirish, qoʻl mehnatini kamaytirish, shuningdek, obodonlashtirish sohasidagi ishlarni tashkil etishni takomillashtirishning asosiy vazifa va yoʻnalishlari belgilab berilgan.

Mazkur qarorlar boʻyicha qilingan ishlar natijalari bilan qiziqqanimda quyidagi maʼlumotlarga duch keldim. 2020-2024-yillar davrida tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini maxsus texnika va mexanizmlar bilan jihozlash parametrlari qabul qilinib, 1423 ta texnika va mexanizm xarid qilinishi belgilangan. Shundan 2020-2022-yillarda davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 1039 ta texnika va mexanizm xarid qilingan. Buning uchun 374,9 milliard soʻm yoʻnaltirilgan.

Obodonlashtirish xodimlariga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy muhofaza qilish ham mazkur hujjatlarda belgilab berilgan. Xususan, 2020-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlarning shahar, tuman obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari uchun mehnatga haq toʻlash tarmoq tarif setkasi miqdorlari Toshkent shahri tuman obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari uchun nazarda tutilgan miqdorlar bilan tenglashtirilgan, respublikaning shahar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalari ishchi-xodimlarining oʻrtacha oylik ish haqi 40-50 foizgacha oshirilgan.

Toshkent shahri hokimligi huzuridagi ixtisoslashtirilgan obodonlashtirish hamda Mustaqillik maydonini koʻkalamzorlashtirish boshqarmalari xodimlariga har oyda lavozim maoshining 30 foizi miqdorda ustama hamda viloyat markazlari, viloyat boʻysunuvidagi shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari xodimlariga har oyda lavozim maoshining 15 foiz miqdorida qoʻshimcha ustamalar belgilangani odamni xursand qiladi, albatta.

Shuningdek, shahar, tuman obodonlashtirish boshqarmalari xodimlariga har oyda qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida ovqatlanish uchun kompensatsiya pullari toʻlash tartibi belgilangan.

Mazkur maʼlumotlarga koʻzim tushib, Zulayho opaning oʻz ish sharoitidan nolimagani, faqat odamlarning ularga nisbatan munosabatidan koʻngli bir oz ogʻrishini ¬aytgani yodimga tushdi.

Albatta, har bir ishning samarasi va natijasi taqqoslarda namoyon boʻladi. Shunday ekan, insoniylik yuzasidan bu soha vakillariga boshqa davlatlarda munosabat qanday ekani bilan qiziqdim.

Tozalik — jamiyat madaniyati belgisi

Yaponiya — ishchilarning huquqlarini himoya qilish va ish sharoitlarini yaxshilash borasida yetakchi davlatlardan biri. Kunchiqar yurtda farroshlar va kunlik ishchilar mehnati koʻpincha yuqori texnologiyalar bilan taʼminlangan, ijtimoiy himoya tizimi mustahkam. Ishchilar uchun huquqiy meʼyor va qonunlar, jumladan, ish haqi va ishlash sharoitiga oid tizim juda rivojlangan.

Bu yurtda shaharlarni tozalash bilan shugʻullanadigan farroshlar uchun samarali tizimlar va jahon andozalariga mos keluvchi sanitariya xizmatlari mavjud. Ishchilarning samaradorligi yuqori va ularning ish sharoiti muntazam ravishda tekshiriladi. Shuningdek, ish haqi va ijtimoiy himoyasiga katta eʼtibor qaratiladi.

Shvetsiya ijtimoiy adolat, ishchilarning huquqlari va mehnat shartlarini doimiy yaxshilashi bilan mashhur. Bu davlatda farroshlar va kunlik ishchilar uchun yuqori ijtimoiy taʼlim va qonuniy himoyalar mavjud, qoʻshimcha huquqlar ham bor. Misol uchun, ularga yaxshigina nafaqa, taʼtillar va oʻziga xos sogʻliqni saqlash xizmatlari berilgan. Shuningdek, ishchilarning shaxsiy vaqtini hurmat qilishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Hindistonda esa farroshlar hamda kunlik ishchilarning ishlash shartlari katta va kichik shaharlar orasida sezilarli farq qiladi. Mehnat sharoiti va ish haqi past boʻlgan yoki notoʻgʻri ishlash shartlariga ega boʻlgan mamlakatlardagi ishchilarning hayoti aniq koʻrinadi.

Bu davlatda ham farroshlar va kunlik ishchilar uchun qonunlar mavjud, ammo ularning amaldagi ijrosi va mutlaq huquqlariga rioya qilish aniq emas. Koʻpincha ishchilar oilaviy hayoti bilan bogʻliq qator ijtimoiy kamsitishlar va ish sharoitidagi muammolardan tashqari qonuniy himoyalar bilan ham taʼminlanmagan. Bu ishchilarning ijtimoiy bandligini yanada ogʻirlashtiradi.

Braziliyaning ayrim hududlarida esa ishchilarning mehnatga oid huquq va shartlari har xil. Oʻz vaqtini erkin ishlashga, teng takomil va sharoitlar olishga muvaffaq boʻlishiga qaramay, koʻpincha farroshlar oʻz haqlariga ehtiyoj sezadi. Ayniqsa, ijtimoiy kamsitishlar yoki ish sharoitiga qoʻyilgan cheklovlar sezilarli muammolarni paydo qiladi.

Xalqaro miqyosdagi misollarga murojaat qilganda ikkitadan rivojlangan va kam -eʼtiborda boʻlgan davlatni qiyosga tortdik. Maqsad — yurtimizda mazkur sohaga eʼtiborni toʻgʻri talqin qilish.

Yuqorida aytib oʻtganimizdek, shahar tozaligi nafaqat estetik masala, balki sogʻliq va jamiyat madaniyatining belgisi hamdir. Biroq bu tozalikning ortida qanday mehnat borligini anglash va uni qadrlash koʻp hollarda eʼtibordan chetda qoladi. Yulduzli konsertlar, yirik siyosiy tadbirlar, bayramlar, toʻylar kabi koʻp sonli odamlar yigʻiladigan izdihomlar tugasa, sahna yopilsa, odamlar tarqalgandan keyin sahna ortida farroshlar qoladi. Aynan ular kechagi shodligu quvonchdan qolgan barcha sarishtasiz izlarni supurib, ertangi kunga tayyorlaydi.

Ikki ming izga bir supurgi

Shaharning koʻzga koʻrinmas, ammo asosiy mehnatkashlari boʻlgan bu kasb vakillari sogʻlom jamiyatning oʻzgarmas qismidir. Bugun qaysi bir hududga qay fasl yoki vaqtda bormang, ushbu tashkilotning zahmatkash xodimlarini yoʻllar chetida, jamoat joylarida obodonlashtirish ishlari bilan mashgʻul holatda uchratasiz.

Amaldagi mehnat qonunchiligimizga binoan ish beruvchi hamda xodim oʻrtasida tuziladigan mehnat shartnomalariga muvofiq, ish beruvchilar tomonidan xodimlar oʻz vazifasini bajarishi uchun barcha sharoit yaratib berilishi lozim.

Lekin koʻcha va xiyobonlarni obodonlashtirishga masʼul boʻlgan xodimlarning mehnat muhofazasi, yaratib berilgan ish sharoitlari hamda oyligi boshqa kasblarga nisbatan qoniqarsiz.

Bunday deyishimizga sabablar bor, albatta. Xususan, xodimlarning tushlik qilishi uchun yetarli sharoitlar yaratib berilmaganiga juda koʻp koʻzimiz tushadi. Ular oʻzlari ishlayotgan joylarda, gigiyenik talablarga amal qilmasdan ovqatlanishga majbur boʻladi. Qolaversa, mehnat qonunchiligida ularning ish vaqti aniq belgilanmagan yoki mehnat shartnomasida belgilangan normalarga amal qilinmaydi. Chunki yoz faslida ertalabki soat 06:00 da yoki kechki 19:00 dan keyin ham ularning ish bilan bandligiga koʻp guvoh boʻlganmiz.

Ish vaqtidan tashqari soatlarda ham ularni tez-tez chaqirib qolishadi. Bayramlar arafasida yoki turli tadbirlar, xazonrezgi vaqtida esa ish yuki ikki-uch barobar ortgan boʻladi.

Shu masalada masʼullar bilan bogʻlanganimizda, Prezidentimizning 2019-yil 4-iyundagi “Aholi punktlarini obodonlashtirish sohasida ishlar samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2020-yil 1-yanvardan obodonlashtirish boʻlinmalari xodimlariga ovqatlanish uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida kompensatsiya toʻlab berilayotganini maʼlum qilishdi.

Albatta, bu kabi ishlar soha xodimlarning mehnatini qadrlash va munosib ish sharoiti yaratishda qoʻl kelmoqda. Shu bilan birga, ish koʻlami ortib borayotganini ham qayd etib oʻtish oʻrinli.

Misol uchun, 2019-yilda shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi koʻkalamzorlashtiriladigan hamda obodonlashtiriladigan maydonlar hajmi 203 ming 569 kvadrat metrni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilga kelib, 227 ming 791 kvadrat metrga yetgan. Yaʼni koʻkalamzorlashtirish maydoni 24 ming 222 kvadrat metrga ortgan. Natijada obodonlashtirish boshqarmalarida mavjud shtat birliklari ish yuklamalarining meʼyorlarga nisbatan farqlari sezilarli darajada oshgan.

2023-yil boshidagi maʼlumotlarga koʻra, obodonlashtirish sohasidagi ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishda sarflanadigan vaqt va boshqa meʼyorlar boʻyicha tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari xodimlarining meʼyorlangan sonini belgilash toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga Iqtisodiyot va moliya vazirligining tegishli hisob-kitoblariga asosan oʻzgartirish kiritilgan.

Ushbu yoʻriqnoma boʻyicha bir-biridan mustaqil obodonlashtirish boshqarmalari faoliyati boʻyicha ular tasarrufidagi hududlar qayta xatlovdan oʻtkazilib, boshqarmalar kadastr hujjatlari va pasportlari yangidan tasdiqlangan, shtat birliklari talabi qayta hisob-kitob qilingan.

Hisob-kitoblarga asosan, 201 ta tashkilotda 2019-yilda jami 53 ming 586 ta shtat birligi mavjud boʻlgan boʻlsa, 2022-yilga kelib, hukumat qarorlariga asosan yangi tashkil etilgan obodonlashtirish tashkilotlari hamda belgilangan meʼyorlarga koʻra 229 ta tashkilotda shtat birliklari 65 ming 575 tani tashkil etdi. Qariyb 12 mingta shtat birligi shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalariga ajratib berilgan.

Toshkent shahri Obodonlashtirish boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, bugun tizimda koʻkalamzorlashtirish ishchisi, irrigator, obodonlashtirish ishchisi, farrosh, haydovchi, yoʻl ishchilari kabi mutaxassislar mehnat qiladi.

Boshqarma tarkibidagi tashkilotlarda 9546 xodim mehnat qilib, shahar obodligi va sarishtaligi uchun masʼul hisoblanadi. Ularning oyligi bugungi kunda oʻrtacha 2 million 200 ming soʻmdan 3 million 200 ming soʻmgachani tashkil qiladi. Shaharning tozaligi uchun bir kunda 3077 farrosh va obodonlashtirish ishchisi safarbar etiladi.

Endi doʻppini boshdan olib, bir hisob-kitob qilsak. Toshkent shahri Statistika boshqarmasi bergan ochiq maʼlumotlarga koʻra, bugun shaharning doimiy aholisi soni 3 million 128 ming 458 nafarni tashkil etmoqda (2025-yil 1-aprel holati). Bu raqamni bir kunda shahar tozaligi uchun xizmatga chiqadigan farroshlarga boʻlsak, har ming odamga bir farrosh toʻgʻri keladi. Yana ham aniqrogʻi, 2000 ming izni supurishga bir supurgi.

Bu maʼlumotlarni tahlil qilar ekanman, uning qoʻlidagi supurgi shunchaki mehnat quroli emas, balki koʻchalarimizni obod qilib, insonlar hayotiga qulaylik bagʻishlayotgan timsol ekanini his qildim. Ammo biz bu mehnatning ortidagi inson, uning hayoti, orzularini unutib qoʻygandekmiz. Ularning ishini yana ham qadrlashimiz, imkoni boricha qoʻshimcha qulaylik va imtiyozlar joriy qilish vaqti kelganini tushunishimiz kerak.

Mazkur soha vakillari uchun kommunal toʻlovlar, jamoat transporti, bolalar bogʻchalari va davlat muassasalarida imtiyozli tartiblar joriy etilsa, nimasi yomon?

Ayniqsa, qish faslida muz, sirpanchiq, qattiq shamol, yozning issiq kunlaridagi ogʻir sharoitlarda ishlash xavfini inobatga olib, har bir ishchiga mavsumiy kiyim, himoya vositalari va ish uskunalarini bepul berish mumkin emasmi?

Yoki navbatdan tashqari tibbiy koʻriklar va davolanish imkoniyatini yaratish bilan ularni qanchalar eʼzozlagan boʻlardik.

Har bir mahalladagi mehnat muhiti, ishchi-xodimlar huquqlari va sharoitiga aholi vakillari va OAV orqali jamoatchilik nazorati oʻrnatish, mahalla va fuqarolar yigʻinlari qoshida “tozalik jamoasi”ga yordam kengashlarini tuzish orqali imkoniyatlarni yanada kengaytirsa boʻladi.

Maqolani yozib tugatar ekanman, Zulayho opaning “Bizning ishimizni hech kim bilmasa ham mayli, shahar toza boʻlsa, jamiyat ham, odamlar ham faqat yaxshi tomonga oʻzgaradi, men shundan xursand boʻlaman”, degan gaplari qulogʻim ostida jarangladi.

Darhaqiqat, har bir supurilgan iz ortida bir umr, bir taqdir, bir yurak bor. Shuning uchun ham jamiyat sifatida bizning burchimiz nafaqat shaharlarimizni, balki ushbu mehnatkash insonlarning hayotini ham obod qilish boʻlmogʻi zarur.

Axir tozalik faqat supurgida emas, avvalo, qalbimizda boʻlishi kerak. Hech bir iz shunchaki supurilmaydi. Ayrim izlar esa insonning qalbida abadiy qoladi. Keling, ushbu soha vakillarining ham izini, mehnati va orzusini qadrlaylik.

Abu Bakir OʻROZOV,

jurnalist