Surxondaryoning 10 tumanida in vitro laboratoriyalari tashkil qilinadi

    Hukumat 17 Noyabr 2023 1056

    Viloyatning qishloq xoʻjaligidagi imkoniyatlari tahlil qilinar ekan, Surxondaryo oʻzining tabiiy tuproq-iqlim sharoiti bilan ertaki mahsulotlarni yetishtirishda birinchi oʻrinda boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

    Lekin, hosildorligi yuqori urugʻ va koʻchat bilan taʼminlash hamda yetishtirilgan mahsulotni sotib olishda muammolar borligi koʻrsatib oʻtildi. Shu bois, Qishloq xoʻjaligi vazirligiga 10 ta tumanda in vitro laboratoriyalarini tashkil qilish topshirildi.

    Kelgusi yilda dala chetlarida 100 ta mini quritish, saralash va qadoqlash uskunalari hamda 70 ta kichik sovutkichlar oʻrnatiladi. Buning uchun yerlar dehqonlarga tekin beriladi.

    100 ming gektarda ixcham parniklar tashkil qilib, barra piyoz, brokkoli, rozmarin, rukkola, timyan, qizil rayhon, yalpiz kabi eksportbop ekinlar yetishtirish mumkinligi taʼkidlandi.

    Termiz agro-texnologiya institutida Italiyaning Tushia universiteti, “Sivi Italiya” uyushmasi bilan Intensiv urugʻchilik va koʻchatchilik xalqaro markazini tashkil qilish topshirildi. Unda afgʻon shamoli va qurgʻoqchilikka chidamli navlar yaratiladi, in vitro laboratoriyasi va IT inkubator markazi, 20 ta issiqxona va tajriba-sinov uchastkalari ish boshlaydi.

    Meva-sabzavotni qayta ishlash quvvati Angor, Boysun, Uzun, Shoʻrchi, Qiziriq va Termiz tumanlarida 5 foizga ham yetmasligi koʻrsatib oʻtildi.

    Shu munosabat bilan mutasaddilarga Angor, Jarqoʻrgʻon, Qumqoʻrgʻon, Oltinsoyda 6 ta saqlash, quritish, saralash va tashish markazini barpo qilish, Termiz tumanida Koreya bilan birga 50 million dollarlik logistika xabini ishga tushirish topshirildi.

    Kelgusi yildan Surxondaryo oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishdagi tashish xarajatlarining 50 foizini qoplash tizimi joriy etiladi. Bunda qoʻshni davlatlarga tashish xarajatlari ham qoplab beriladi, eksport tovarlari roʻyxatiga karam, piyoz, qizil lavlagi, loviya, mosh ham kiritiladi. Bu – qoʻshimcha 150 million dollarlik eksport degani.

    Ingichka tolali gʻoʻza 15 foizgacha kam suv talab qiladi, tola chiqimi 10 foiz kam va 12-15 kun erta pishadi.

    Shu munosabat bilan ingichka tolali paxtani qayta ishlashni 30 foizga yetkazish, ingichka tolali gʻoʻza navlarini yaratishda molekulyar genetika va seleksiya boʻyicha qoʻshma loyiha va zamonaviy laboratoriya tashkil etish, tuproq-iqlim sharoitiga mos ingichka tolali gʻoʻza navlari maydonini 50 ming gektargacha kengaytirishga topshiriq berildi.