Eʼtiborli jihati, bunga eʼtirozli fikrlar bilan bir qatorda, narxlar oshishi bozor talablariga moslashuv, ayniqsa, suv tanqisligi muammosi tobora kuchayib borayotgan ayni vaziyatda ushbu neʼmatni asrash, isrofgarchilikning oldini olishning samarali usuli oʻlaroq bugungi kun zarurati ekaniga oid qarashlar ham koʻp boʻldi.
Darhaqiqat, global iqlim oʻzgarishlari dunyo boʻylab qurgʻoqchilik, atmosfera havosining ifloslanishi kabi qator ekologik muammolarni yuzaga keltirmoqda. Ushbu holat oʻz navbatida, barcha mintaqalar, shu jumladan, Markaziy Osiyoda ham muzliklarning keskin qisqarib ketishi, demakki, daryo havzalariga salbiy taʼsir koʻrsatyapti. Mutaxassislar prognozlariga koʻra, 2050-yilga kelib Sirdaryoda suv hajmi 5 foiz, Amudaryoda esa 15 foizgacha kamayishi mumkin.
Bu masalaning bir jihati. Boshqa tomondan esa, suv hajmi kamayib borishiga nomutanosib ravishda aholi soni oʻsishi hamda ishlab chiqarish sanoati rivoji hisobiga suvga talab muttasil oshib boradi. Demak, bundan xulosa qilish mumkinki, suv tanqisligi va u keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan muammolar koʻlami yildan-yilga kengayib boraveradi.
Xoʻsh, bunday vaziyatda nima qilmoq kerak? Sayyoramiz boʻyicha qariyb 1,1 milliard kishi turli darajadagi suv tanqisligidan aziyat chekayotgan bir paytda, ushbu muammoga eng samarali yechim – tejamkorlik hisoblanadi. Negaki, birinchidan, suv zaxiralarini oshirish, yaʼni togʻlardagi muzliklar hajmini kengaytirishning imkoni yoʻq. Borini asrab qolish esa ekologik barqarorlikka bogʻliq. Bu, oʻz navbatida, koʻp vaqt – uzoq yillar talab etadigan jarayon.
Ikkinchidan, suv tanqisligi muammosi bilan yuzma-yuz turibmiz, lekin hali ham obi hayotni isrof qilishda davom etyapmiz. Yoʻq, deysizmi? Unda adashasiz, yon-atrofingizga, jilla qursa, yaqinlaringizning suvga munosabatiga nazar soling: qanchadan-qancha mehnat, resurs va mablagʻ evaziga necha bosqichda tozalanib, xonadonimizga olib kelingan toza ichimlik suvini salqinlik uchun hovliga to yer loy boʻlgunicha sepamiz, mashinamizni yuvamiz, tishimizni tozalab boʻlgunicha jumrakni yopmaymiz... Toʻgʻri, bu bilan muammo tugal hal boʻlmas, lekin hammamiz har ishimizda, har bir sohada uni tejasak, tanqislikning oldini olish mumkin. Axir donolarimiz “Toma-toma koʻl boʻlur”, deb bejiz aytishmagan.
Gap suvdan samarali foydalanish, uni tejash haqida borar ekan, bu borada eng avvalo, eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan tarmoq, bu – qishloq xoʻjaligi. Negaki, dunyo, shu jumladan, Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida ishlatilayotgan suv resurslarining eng katta qismi agrar soha hissasiga toʻgʻri keladi – 89,7 foiz. 5 foizi esa kommunal xoʻjalik, 2 foizi sanoat tarmoqlari, qolgan qismi boshqa tarmoqlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Shu bois, mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, ariq va kanallarni betonlashtirish, suv agregatlarini modernizatsiya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Poytaxtimizda Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Kelajak uchun suvni asrang” mavzuidagi tadbirda ham suv tejamkorligiga erishishning ahamiyati toʻgʻrisida oʻzaro fikr almashilib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi.
Tegishli vazirlik va idoralar, jurnalist va blogerlar, suv tejovchi texnologiyalar butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi va pudratchi korxonalar, klaster va fermer xoʻjaliklari vakillari ishtirok etgan tadbirda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun kredit olish shartlari, “Suvchilar maktabi” faoliyati haqida atroflicha maʼlumot berildi.
– Bugungi kunga qadar jami 473,5 ming gektar maydonda tomchilatib, 44,7 ming gektarda yomgʻirlatib, 18 ming gektarda diskret, 133,9 ming gektar maydonda boshqa suv tejovchi sugʻorish tizimlari joriy qilindi, – deydi Suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Rustam Qarshiyev. – Shuningdek, 569 ming gektar ekin maydoni lazer uskunasi yordamida tekislandi. Natijada suv tejalishiga erishilgan yer maydoni hajmi 1,2 million gektarga yoki umumiy maydonga nisbatan 28 foizga yetkazildi. Shu tariqa mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligi yil sayin ortib bormoqda.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, Oʻzbekiston nisbatan qisqa vaqt ichida sugʻorish suvidan tejamkorlik bilan foydalanish borasida sezilarli natijalarga erishyapti.
Yaqinda Euronews xorijiy ommaviy axborot vositasi yurtimizda suv tejamkorligi boʻyicha amalga oshirilayotgan samarali loyihalar haqida maqola chop etdi.
Maqolada qayd etilishicha, suv tanqisligi kuzatilayotgan yerlarda amalga oshirilgan yirik infratuzilma loyihasi suv isrofini kamaytirish orqali qishloq xoʻjaligida sugʻorishni yaxshilash, shuningdek, elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish va ekinlar hosildorligini oshirish imkonini berdi.
“Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasida rekonstruksiya qilingan “Boʻston” kanali suv yoʻqotilishini keskin kamaytirishga zamin yaratmoqda.
— Bu yerlarda chor-atrof koʻchma qumtepalardan iborat, — deydi loyiha rahbari Azat Serjanov. — Shuning uchun ham suvning 50 foizi yerga singib ketadi. Bunday katta yoʻqotishning oldini olish maqsadida kanalni betonlashtirishga qaror qildik.
Maʼlumki, Boʻston kanali qayta qurilishdan oldin tuproqli oʻzan boʻlgani bois katta miqdordagi obihayot tuproqqa singib ketardi.
Kanal ikkilamchi kanallar tarmogʻi bilan ham bogʻlangan — ularning umumiy uzunligi 800 kilometrdan ziyodni tashkil etadi. Loyiha doirasida uchta viloyat va 100 ming gektar qishloq xoʻjaligi yerlariga suv yetkazib beradigan kanallarning barchasi rekonstruksiya qilindi. Suv sizishidan yuzaga keladigan yoʻqotishlarni bartaraf etish uchun 70 kilometr uzunlikdagi Boʻston kanali maxsus material — geomembranaga yotqizilgan beton bilan qoplandi.
Natijada suv yoʻqotishlarni kamaytirish orqali taxminan 300 million metr kub suvni tejash hamda aylanmadan chiqqan 35 ming gektar sugʻoriladigan yerni qayta foydalanishga kiritishga erishilishi kutilmoqda.
Ilgari suv dalalarga nasos stansiyalari — yirik davlat va kichik fermer xoʻjaliklari yordamida yetkazib berilardi. Loyiha doirasida Boʻston kanali tubi ikkinchi darajali kanallar va sugʻoriladigan dalalardan balandroqqa koʻtarildi. Va endi ogʻirlik kuchi qonuni tufayli suvning oʻzi kerakli joyga oqib boradi. Bu davlat va fermerlarga har yili elektr energiyasidan taxminan 3 million dollar tejash imkonini beradi.
400 dan ziyod fermerning nasoslari, shuningdek, davlat byudjeti hisobidan ishlaydigan 20 ta kichik va 3 ta yirik nasos stansiyasi olib tashlanishi hisobiga issiqxona gazlari, karbonat angidridning atmosferaga chiqishi kamayadi, gaz sarfi esa 36 ming metr kubga qisqaradi.
Tadbirda suvning qadri va qiymati yil sayin oshib borayotgani, obihayotdan foydalanish madaniyatini tezroq oʻzgartirib, suvni tejashga toʻliq oʻtish davr talabi ekaniga alohida eʼtibor qaratildi.
– Qishloq xoʻjaligi sohasida suvdan samarali foydalanishga erishishda “Suvchilar maktabi” tashkil etilgani ayni muddao boʻldi, – deydi Suv loyihalari markazi direktori oʻrinbosari Muzaffar Hayitboyev. – Mazkur oʻquv kursi faoliyati Prezidentimiz tashabbusi bilan Suv xoʻjaligi vazirligi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti va “Agrobank” ATB hamkorligida yoʻlga qoʻyilgan. Fermer xoʻjaliklari rahbar va suvchilari, suv xoʻjaligi xodimlari bugungi kunda sohada qoʻllanilayotgan innovatsion texnologiyalar, rivojlangan xorijiy mamlakatlar amaliyotiga joriy etilayotgan yangi bilim va koʻnikmalarni egallagan holda, oʻz faoliyatini takomillashtirib, suvdan samarali foydalanish orqali yuqori hosildorlikka erishishi oʻquv kursining asosiy maqsadi hisoblanadi.
Eʼtiborli jihati, darslarda roʻyxatdan oʻtib, tekin ishtirok etish mumkin. Darslar mahalliy va turkiyalik mutaxassislar tomonidan olib borilmoqda. Shu vaqtga qadar 60 ming fermer, 4 ming maxsus miroblar, ming nafar bank xodimi oʻqishga jalb qilindi. 84 tumanda 24,5 mingga yaqin tinglovchi oʻqitildi.
– Qishloq xoʻjaligida suvdan toʻgʻri foylalanish, uni maydonlarga teng taqsimlash va hosildorlikni oshirishda eng yaxshi samara beradigan usul, bu – suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish hisoblanadi, – deydi turkiyalik mutaxassis Mavlud Ayden. – Bilasizmi, Turkiyada ham suv muammosi mavjud va aynan shuning uchun ham yurtimizda mana shunday texnikalardan bir necha yillardan beri foydalanib kelinadi. Asosiysi, bu usul allaqachon amaliyotda yaxshi natijalar bilan oʻzini oqlagan. Faqat buni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish va qanday foydalanishni bilsangiz bas.
Darhaqiqat, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish suv tejamkorligiga erishishning eng samarali yechimlaridan biriga aylandi. Binobarin, tomchilatib sugʻorishda suv toʻgʻridan-toʻgʻri madaniy oʻsimliklar va ekinlarning ildiz qismiga kichik miqdorda yetkazib beriladi. Suv va boshqa resurslarni (oʻgʻitlar, mehnat xarajatlari, energiya va quvurlar) sezilarli darajada tejash imkonini beradi. Shuningdek, bu sugʻorish usuli erta hosil yetishtirish, tuproq eroziyasining oldini olish, kasalliklar va begona oʻtlarning tarqalish ehtimolini kamaytirishi bilan ahamiyatlidir.
Avazbek XUDOYQULOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri