Xavotirli jihati, keyingi yillarda COVID-19 asoratlari tufayli suyak boʻgʻimlari yemirilishi tashxisi qoʻyilgan bemorlar soni sezilarli darajada koʻpaymoqda. Shunday kasalliklardan biri — aseptik nekroz. Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismatov shu mavzudagi mulohaza va xulosalari bilan oʻrtoqlashdi.
— Bu ogʻir kasallik tibbiyotda son suyagi boshchasining avaskulyar osteonekrozi deb ham ataladi, — deydi mutaxassis. — U suyak toʻqimasida qon oqimi vaqtincha yoki doimiy buzilishi oqibatida yuzaga keladi. Soddaroq tushuntirsak, tanamizdagi suyaklar bir-biridan togʻay bilan ajralib turadi. Yuzalari boʻgʻim paylari bilan mustahkamlangan. Ular harakat chogʻida yuzaga keladigan tashqi zarbalarga qalqon boʻladi. Boʻgʻimlar ichki qavati esa maxsus parda bilan qoplangan boʻlib, oʻzidan suyuqlik chiqarib turadi va shu tufayli boʻgʻimlar elastikligi ortadi hamda harakat-tayanch vazifasini oʻtaydi.
Son suyagi boshchasi tananing shu qismidan oʻtgan bitta arteriya bilan oziqlanadi. Agar unga qon borishi buzilsa yoki toʻxtasa, boʻgʻimlar kislorod va boshqa hayotiy zarur moddalarga toʻyinmasligi oqibatida nekroz, yaʼni hujayra va toʻqimalar nobud boʻlishi jarayoni boshlanadi. Nekroz oʻchogʻi kattalashgani sayin son suyagi boshchasi oʻz mustahkamligini yoʻqotib, tana ogʻirligiga bardosh berolmay qoladi. Bora-bora tananing bu qismi shunchalik moʻrt boʻlib qoladiki, u jismoniy harakatlar ostida xuddi tuxum poʻchogʻidek uqalana boshlaydi. Soʻng chanoq-son boʻgʻimida kuchli ogʻriqlar yuzaga kelib, harakat cheklanadi.
Kasallik shakllanishi turli omillar bilan bogʻliq. Tromboz, tromboemboliya, gormon vositalari, boʻgʻimlar shikastlanishi, spirtli ichimliklar shular jumlasidan. Qolaversa, aseptik nekroz ogʻir revmatik kasalliklar hamda Covid-19 asorati sifatida ham shakllanishi mumkin. Yaʼni pandemiya davrida ayrim bemorlar belgilangan dori vositalaridan oʻzboshimchalik bilan foydalanishi, ayniqsa, gormon preparatlarini palapartish qoʻllashi ularda avaskulyar osteonekroz paydo boʻlishiga olib keldi. Chunki bu preparatlar D vitamini va kalsiyning suyakka yetib borishiga toʻsqinlik qiladi. Qolaversa, son suyagi boshchasini oziqlantiruvchi tomirlardan oʻtayotgan qon quyuqlashishi bu boʻgʻimning normal oziqlanishiga toʻsqinlik qiladi.
Xuddi shunday omillar aseptik nekrozga chalingan bemorlar soni keyingi yillarda 3-4 barobar ortishiga olib keldi. Tahlillarimizga koʻra, hozir bu holat koʻproq erkaklarda kuzatilmoqda.
(Davomi bor!)
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati