Hisob-kitoblarga koʻra, daraxtlarning kesilishi natijasida kelib chiqadigan umumbashariy zararni qoplash uchun har yili 150 million gektar yerga koʻchat ekishimiz kerak ekan. Agar bir yilda 100 million tup koʻchat eksak, atmosferaga karbonat angidrid gazi chiqarilishini 18 ming tonnaga qisqartirgan boʻlamiz. Shu orqali biologik xilma-xillik saqlab qolinishi barobarida suv toshqinlari, qurgʻoqchilik, tuproq eroziyasining ham oldi olinadi.

Hozirgi kunda yurtimizda 75 turdan ortiq daraxt va buta turlari oʻsadi. Bundan tashqari, povlovniya, klon terak navlari, magnoliya, pekan, pirakanta kabi oʻndan ortiq choʻl-yaylov oʻsimliklari iqlimimizga moslashtirilib oʻstirilmoqda.

Joriy yilda oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan 85,2 million dona daraxt va buta nihollari hamda koʻchatlari yetishtirildi. Koʻkalamzorlashtirish maqsadida 15 million dona tut koʻchatlari parvarishlanmoqda. Shuningdek, oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan 20 million dona tez oʻsuvchi daraxtlar qalamchalari tayyorlandi.

INVESTITSIYALAR — TARAQQIYOT OMILI

Har bir soha rivojini taʼminlaydigan muhim omillardan biri – unga investitsiyalarni jalb qilish hisoblanadi. Tadbirkorlarga oʻrmon fondidagi yerlarni ijaraga berish tizimi bandlik va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash imkoniyatini kengaytiradi. Yana bir jihatni inobatga olish kerakki, oʻrmon hududlarida turizmni rivojlantirish uchun juda katta zaxiralar mavjud. Bu borada tadbirkorlik imkoniyatlaridan foydalanish yaxshi samara beradi.

2020-yilning toʻrtinchi choragidan 2021-yil 1-iyuniga qadar hududlardagi bandlikka koʻmaklashish markazlarida roʻyxatda turgan jami 350 nafar yoshni ish bilan taʼminlash maqsadida 1052,8 gektar yer maydonlari ijara shartnomasi asosida ajratib berildi. Ularning faoliyat turlari oʻrmon va mevali bogʻlar, limonariya, yaylov va pichanzorlar barpo qilish, qishloq xoʻjalik ekinlarini ekish, koʻchatchilik va tutzorlar yaratish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va ekoturizmni rivojlantirishni qamrab olgan. Mazkur yoʻnalishdagi tadbirkorlar uchun qator imtiyozlar ham mavjud.

— Salohiyatli investor va tadbirkorlarga invetitsion loyihalari boʻyicha oʻrmon fondi yerlarining samarasiz maydonlarini foydalanishga kiritish yuzasidan 5 mingga yaqin ijaraga berish shartnomalari rasmiylashtirilib, 587,2 milliard soʻmlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, — deydi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Anvar Roʻziyev. — Bu 11 mingddan ortiq yangi ish oʻrinlari ham demakdir. 2020–2022-yillarda oʻrmon fondi yerlarini ijaraga olgan ijarachilarga oʻzlashtirilmagan yer uchastkalarida yangidan yongʻoq mevali bogʻlar va tez oʻsuvchi daraxtlar yetishtirishi uchun 5 yil, saksovul, cherkez, qandim, qoraburoq kabi choʻl oʻsimliklari plantatsiyalarini barpo etish uchun esa oʻn yil, dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etish uchun uch yil muddatga nol stavkada foydalanishga berildi.

Albatta, bu kabi yengilliklar tadbirkorlar va atrof-muhit uchun muhim ahamiyatga ega. Boisi yashil hududlarni qanchalik koʻpaytirsak, ekologiyaga shunchalik foyda keltirgan boʻlamiz.

YARIM QARICHLIK NIHOL BIR YIL OʻTMAY 4 METRGA YETDI

Guliston tumanida yashovchi Matrasul Kuryazov ham mazkur imkoniyatlardan oʻrinli foydalanib, 22 gektar yerni 49 yil mobaynida foydalanish uchun ijaraga olib, 15 ming tup pavlovniya daraxtini ekdi. Oʻzining taʼkidlashicha, oʻrmon fondidagi uzoq vaqt foydalanilmagan, ishlov berilmagan bunday yerlar kishidan anchagina mehnat talab qiladi. Ammo qunt bilan yondashsa, oʻrmonchilik serdaromad soha.

— Avvallari avtomashinalarni yuvish shahobchasida ishlardim, — deydi Matrasul aka. — Dehqonchilikka ham qiziqishim bor edi. Pavlovniya yetishtirayotgan dehqonlar bilan tasodifan suhbatlashib qolganman va unga qiziqishim ortgan. Sohada yaratilayotgan imkoniyatlar va biz kabi ijaraga yer oluvchilarga berilayotgan imtiyozlar qiziqishlarimni maqsadga aylantirib, harakat qilishimga sabab boʻlgan. 10 santimetrlik nihollarni qadaganimizga hali bir yil boʻlmadi. Hozirda ularning boʻyi 4 metrgacha yetadi. Pavlovniyadan katta daromad olish mumkin. Bunday daraxtlar ulkan miqdordagi biomassa beradi, ulardan olinadigan pilet yoqilgʻisidan esa muqobil yenergiya manbai sifatida foydalanish mumkin. Koʻmirni eslatuvchi pilek va briket yoqilgʻilari yonganida oʻzidan kul qoldirmaydi. Keyinchalik asalarichilik bilan ham shugʻullanmoqchiman. Sababi pavlovniya plantatsiyalaridan yuqori sifatli asal olish mumkin. Shuningdek, daraxt oralariga rezavorlar ekishni ham niyat qilganman.

Pavlovniya yogʻochi sip-silliq boʻlib, quriganda buralib ketmasligi sifatli yogʻoch olish imkonini beradi. Daraxt tanasida yogʻ mavjud boʻlgani bois uning suvga qarshiligi bor. Boʻkib qolmaydi. Shuningdek, olovbardoshligi bilan ham ajralib turadi. Umuman olganda, zarur agrotexnik tadbirlarni vaqtida amalga oshirsa, koʻplab oʻsimliklar havoni musoffolashtirishi bilan bir qatorda kattagina daromad manbai ham boʻla oladi.

Bebaho moʻjiza, hayot va tabiat muvozanatini saqlab, insoniyatga ming yillardan beri xizmat qilib kelayotgan oʻrmonlarni asrab-avaylash, shahar va qishloqlarda mevali va manzarali daraxtlarni koʻpaytirib, ulardan oqilona foydalanish har birimizning insoniy burchimiz ekanini unutmasligimiz kerak. Ammo sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga hayrixoxlik qilish oʻrniga daraxtlarni noqonuniy tarzda kesish holatlari ham uchrab turgani achinarli holat. Biz tabiatga qanday munosabatda boʻlsak, u ham bizga shunga munosib javob qaytaradi.

Sohada ilmiy tadqiqot loyihalarini kuchaytirish oʻsimlik va hayvonot olamini qayta tiklash, tabiiy resurslarni saqlash, hududdagi aholi hayot sifatini va yashash tarzini yaxshilash, kelajak avlodga tabiatni shu holida yetkazish imkonini beradi.

— 2018–2021-yillarda 14 ta ilmiy loyiha bajarilgan boʻlib, shundan 11 ta innovatsion ishlanmalar amaliyotga joriy etildi, — deydi Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Abdushukur Hamzayev. — Buning natijasida 76 turdagi dunyo seleksiyasiga taʼluqli yogʻochbob, tez oʻsuvchi duragay terak, povlovniyaning ikkita “shang-tong” va “tomentoza” navlari “in-vitro” laboratoriyalarida koʻpaytirildi. Qolaversa, xandon pistaning 13 ta yangi navi yaratilib, Navoiy viloyati oʻrmon xoʻjaliklarida 900 gektar maydonga, Jizzax viloyatida 1000, Andijon viloyatida 2000, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 1000 gektar maydonda pista palantatsiyalari barpo etildi. 15 dan ortiq turdagi yangi dorivor oʻsimliklar, xususan, zafaron, sistanxe, damashq atirguli, godji, guava, exinatsiya kabi oʻsimliklarni ochiq joylarda va issiqxonada koʻpaytirish hamda turli iqlim sharoitlarida plantatsiyalar barpo etishning innovatsion agrotexnologiyalari ishlab chiqildi.

SHAHAR EKOTIZMI BARQARORLIKNI TAʼMINLAYDI

Sohada amalga oshirilayotgan ishlar kutilgan natijalarni berishi uchun qaysidir maʼnoda barchamiz masʼulmiz. Cheklovlarga qaramay daraxtlarni kesishimiz, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlashimiz oqibatida koʻz oʻngimizda butun boshli ekotizmlar yoʻq boʻlib, suv-botqoqlik maydonlari qurib, choʻl hududlari tobora kengaymoqda. Bugun insoniyat oldida global isish, iqlim oʻzgarishi kabi qator ekologik tahdidlar koʻndalang turibdi. Bu kabi xavflarni kamaytirib, ekologik barqarorlikni taʼminlovchi tizimlardan biri shahar ekotizimi hisoblanadi. Mana shu jihatlarni eʼtiborga olgan holda, 2021-yil oktyabr–noyabr oylarida 55 million dona, kelgusi yil bahor mavsumida avtomobil yoʻllari, dala chetlari, aholi maskanlarida 70 million dona tut, povlovniya kabi mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek, tez oʻsuvchi boshqa koʻchatlarni ekish vazifasi qoʻyildi.

Maʼlumotlarga eʼtibor beradigan boʻlsak, yer sayyorasining atiga 3 foizini egallashiga qaramay energiyaning 60-80 foizi shaharlarda isteʼmol qilinib, atmosferaga chiqarilayotgan uglerod gazining 75 foizi ham ular xissasiga toʻgʻri keladi. Yashil maydonlar, oʻsimlik dunyosi shu yerda istiqomat quluvchi insonlar uchun eng asosiy hayot manbai ekanini inobatga oladigan boʻlsak, shahar ekotizmini asrab avaylash nechogʻlik muhimligini anglash qiyin emas. Shaharlarda daraxt bilan qoplangan maydonni 10 foizga oshirish, isitish yoki sovutish uchun energiya sarfini 10 foizgacha kamaytirish imkonini beradi. Yashil xiyobonlarning yana bir muhim jihati borki, ular ifloslangan havoning 85 foizini filtrlay oladi. Nima uchun bizga shuncha imkoniyatlar tuhfa etadigan “qoʻrgʻon”ni barbod qilishimiz kerak.

COVID–19 kasalligi bilan bogʻliq holatlarning koʻpchiligi aynan shahar aholisida qayd etilgan. Shu jihatdan ham sogʻlom turmush tarzi yashil maydonlarga borib taqaladi. Tadqiqotlarga koʻra, shahar hududidagi yashil zonalarga yaqin joyda istiqomat qiluvchi aholi jismoniy jihatdan faol boʻlib, ularda ortiqcha vazn va yurak-qon tomir kasalliklari nisbatan kam uchraydi.

Yildan yilga global iqlim oʻzgarishi, anomal issiqliklarga oʻrganib boryapmiz. Bularga insoniyatning baʼzan bilib, baʼzan bilmay ekotizm barqarorligiga putur yetkazishi ham sabab boʻlmoqda. Demakki, tabiatni asrab-avaylash doimiy qoidaga aylanmogʻi shart.

Kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyatni chuqur anglagan holda mamlakatimizda shaharlarni yashil va obod maskanga aylantirish boʻyicha ezgu tashabbuslarni amalga oshirishda davlat boshqaruv organlari bilan birgalikda biz ham oʻz hissamizni qoʻshishimiz kerak. Soha faqatgina mutasaddi tashkilotlar, olimlarning eʼtiborini talab qilmaydi. Ekotizm muvozanatini saqlashda chekka qishloq yoki katta megopolislarda istiqomat qilayotgan har bir insonning munosabati va saʼy-harakati ham muhim oʻrin tutadi.

Feruza JOʻRAYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri