Oʻzbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, soliq yukini kamaytirish, 8 ming nomdagi tovar uchun bojxona toʻlovlarini, bir qator faoliyat turlarini litsenziyalashni bekor qilish, investorlar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning amaliy jihatlari qayd etildi.
Olib borilgan saʼy — harakatlarning samarasi ham qayd etildi. Xususan, 2017-yildan buyon toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobar, eksport hajmi 2 barobarga oshdi, 5 foizlik barqaror iqtisodiy oʻsish va sanoatning 8 foizga oʻsishi kuzatildi. Aholi jon boshiga 4 ming dollarlik daromadga teng YAIMni 160 milliard dollarga yetkazish, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yaqin yillarda koʻzlangan asosiy maqsadlar hisoblanadi.
Oʻzaro manfaatli konstruktiv hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligi taʼkidlandi. Oʻzbekistonning boy tabiiy resurslari va malakali kadrlarini Germaniyaning texnologik va sanoat salohiyati bilan uygʻunlashtirishdan katta samara kutilyapti.
Uchrashuv davomida mamlakatimiz elektrotexnika, mashinasozlik va kimyo sanoatining sarmoyaviy salohiyati taqdimotlari ham tashkil etildi.
Germaniya kompaniyalari rahbarlari Oʻzbekiston bozoriga kirish boʻyicha oʻz qarashlari va rejalari bilan oʻrtoqlashdi. Birgalikda ishlash boʻyicha aniq taklif va yoʻnalishlar bildirildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha mis mahsulotlari, tibbiyot buyumlari va shaxsiy gigiyena vositalari, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, kasb-hunar taʼlimi tizimini rivojlantirish, Oʻzbekiston fuqarolarini Germaniya korxonalarida ish bilan taʼminlashni tashkil etish, zamonaviy logistika markazini yaratish, taʼlim va moliyaviy-texnik hamkorlik boʻyicha qator bitim va shartnomalar imzolandi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi ijrochi direktori Mixayel Xarms Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida 2024-2026-yillarga moʻljallangan texnologik hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi dasturini imzoladilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.