Albatta, aholi turmush farovonligini oshirish, mamlakat iqtisodiy barqarorligini taʼminlashga qaratilgan ushbu muhim qaror tarixan qisqa davr uchun katta maqsad. Lekin rejamiz har qancha ulkan, maqsadimiz buyuk boʻlmasin, unga kompleks yondashuvisiz erishib boʻlmaydi. Agar buni soddaroq ifodalab, yuqorida aytilgan maqsadni bir zambil yukni bir manzildan boshqa joyga olib borish vazifasi oʻlaroq olib qaraydigan boʻlsak, avvalo, undagi yuk biror tomonga ogʻmasligi uchun zambilning toʻrt tomoni birdek koʻtarilishi va butun yoʻl davomida shunday tutilishi kerak boʻladi. Chunki bir tomonning boshqasiga nisbatan past boʻlishi oʻsha tomonga bosimni oshiradi va natijada yuk manzilga yetib bormaydi yoki yoʻldagi toʻkilishlar hisobiga kamaygan holda boradi.
Shu maʼnoda, mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yoʻlidagi islohotlar barcha sohalarni qamrab olgani, oʻzaro uygʻun, kompleks yondashuv asosida olib borilayotgani ahamiyatlidir. Masalan, tadbirkorlik yoʻnalishini olaylik. Mamlakatimizda ushbu yoʻnalishni zamon talablari asosida rivojlantirish, qulay investitsiya va biznes muhiti yaratish maqsadida, avvalo, soha vakillariga kredit, soliq, bojxona kabi qator yoʻnalishlarda imtiyozlar berildi. “Tekshir-tekshir”larga moratoriy joriy qilindi, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish bilan bogʻliq byurokratik cheklovlar olib tashlandi.
Natijada ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bogʻliq muammolar, tinimsiz “tekshir-tekshirlar” sababli 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning oʻzidayoq toʻxtab qolgan boʻlsa, bugunga kunga kelib uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etgani holda ular soni ilk bor 300 mingtaga yetdi. Yana 100 mingdan ziyod shunday yakka tartibdagi tadbirkorlar bor.
Joriy yilning oʻzida tadbirkorlarning tovar aylanmasi oʻtgan yilga nisbatan 25 foizga koʻpayib, 986 trillion soʻmga yetdi. Yillik aylanmasi 10 milliard soʻmdan 100 milliard soʻmgacha boʻlgan oʻrta korxonalar 2 karra koʻpaydi. Aylanmasi 100 milliard soʻmdan ortiq yirik korxonalar esa 2 ming 200 tadan oshdi. Bu ham – oʻtgan yilga nisbatan 2 barobar koʻp boʻldi.
Bular – keyingi tarixan juda qisqa, 6-7-yil uchun katta natija, albatta. Lekin bu koʻrsatkichlarni faqatgina qulay tadbirkorlik muhiti bilan bogʻlash biroz xato boʻladi, nazarimda. Zero, bunday natijaga yuqorida aytib oʻtganimiz – tadbirkorlikni rivojlantirishga kompleks yondashuv orqali erishilmoqda. Boshqacha aytganda, davlat ishbilarmonlar uchun qulay biznes muhiti yaratibgina qolmay, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, ularni zarur infratuzilma va mablagʻ bilan taʼminlash, mahsulot ishlab chiqarishning toʻliq zanjirini yoʻlga qoʻyishdan tortib, unga yangi bozorlar topish, eksport bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni tizimli hal etish choralarini ham koʻrmoqda.
Eʼtiborli jihati, bunda Texnik jihatdan tartibga solish agentligining ham alohida vazifa va masʼuliyati bor. Jumladan, tadbirkorlik faoliyati rivojida eksport qanchalar muhim oʻrin egallasa, uni amalga oshirishda agentlik vazifasi bojxona, logistika kabi yoʻnalishlardagidan kam emas. Yaʼni, eksport jarayoni bilan bogʻliq xalqaro talab va standartlarga muvofiqlik masalasi aynan agentligimiz zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.
Shu bois ham mamlakatimizda agentlik faoliyati samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Xususan, shu yil 26-fevral kuni Prezidentimiz tanishgan texnik jihatdan tartibga solish tizimini isloh qilish boʻyicha takliflar taqdimotida soha rivojiga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.
Avvalo, mamlakatimiz standartlashtirish sohasini isloh qilish va sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish maqsadida davlatimiz rahbarining 2021-yil iyundagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi negizida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etilganini taʼkidlash oʻrinli.
Sohani zamon talablariga mos isloh qilish maqsadida koʻrilgan bu kabi choralar natijasida keyingi yillarda 12 mingta standart qabul qilindi, 400 turdagi mahsulotni sinovdan oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Natijada 40 ta yangi eksport bozoriga chiqildi.
Shu bilan birga, oxirgi yetti yilda Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2,5 barobarga oshib, 63 milliard dollarga yetdi. Bu yil ham eksportni 1,5 barobarga koʻpaytirib, 25 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, istiqbolda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish maqsad qilingan.
Umuman olganda, aholini sifatli va xavfsiz mahsulotlar bilan taʼminlashda davlat nazoratini taʼminlash ham agentlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlar bilan doimiy muloqot oʻtkazib kelinmoqda. Oʻrganishlar jarayonida aniqlangan muammolarni hal etish choralari koʻrilayotgani barobarida, mahsulotlar sifatini oshirish, eksport geografiyasini kengaytirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatidagi “Ideal tekstil orzu” hamda “Santex dizayn” MCHJ korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishish asnosida tadbirkorlarga ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni eksport qilish yuzasidan sohaga doir taklif va tavsiyalar berildi.
Buxoro viloyatiga xizmat safarimiz doirasida “Emirate Steyel” va “Zarhal Grup” MCHJlari faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Ushbu korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilish yuzasidan ishlarni tashkil etish, korxonalarning ishlab chiqarish quvvati, laboratoriyalar imkoniyatlari, mahsulot sifati va uni ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini taʼminlash masalalari muhokama qilindi. Ishlab chiqaruvchilarimiz texnik jihatdan tartibga solish sohasi, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida yangi qabul qilingan qonun, qarorlar va texnik reglamentlar talablari bilan tanishtirildi.
Profilaktika tadbirlari doirasida Samarqand shahrida joylashgan gilam mahsuloti uchun sunʼiy ip va gazon ishlab chiqaruvchi “Samarkand Euro Asia Textile” va Jomboy tumanida qadoqlangan suv ishlab chiqaruvchi “Hydrolife Bottlers” korxonalarida ham boʻlib, ularga mahsulotini eksport qilishda xorijiy davlatlar tomonidan qoʻyilgan talablarni tushuntirdik. Shuningdek, tadbirkorlarimizni texnik reglamentlarni qabul qilish va oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha qilinayotgan ishlarni bilan ham tanishtirdik, taklif va tavsiyalar berdik.
Xuddi shunday, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “Komfort Mebel” MCHJ va “Termiz xalqaro savdo markazi”da faoliyat olib borayotgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilishda xorijiy davlatlar tomonidan qoʻyilgan talablar tushuntirildi. Ular bildirgan taklif va tavsiyalar, muammoli masalalar yuzasidan soha masʼullariga topshiriqlar berildi.
Azamat ABDURAHMONOV,
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi inspeksiya boshligʻi