Ta’lim krediti yoshlar uchun katta imkoniyat

    Yangi o‘quv yilining dastlabki oylari ham ortda qolmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv yili boshida kuzatiladigan barcha jarayon, jumladan, to‘lov-shartnoma masalalari hali ham dolzarb. Chunki talabalikka tavsiya etilganlarning salmoqli qismi to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan.

    Aksariyatida o‘qishga ishtiyoq, rag‘bat kuchli bo‘lsa-da, xayolining bir burchida kontrakt pulini to‘lash muammosi turadi. Xo‘sh, bu masala bugun qanday yechim topayotir? Shartnoma asosida tahsil olish uchun hamma oilada moddiy imkoniyati yetarli bo‘lmasligi tabiiy hol. Shu bois, bu borada qanday imtiyozlar mavjud? Yoshlarning sifatli va mazmunli o‘qish huquqini ta’minlash maqsadida joriy etilgan ta’lim krediti to‘lov imkoniyatiga ega bo‘lmagan oilalarga ko‘mak bo‘lyaptimi?

    Qamrov oshdi, talabalar soni ham

    O‘tgan 6 yilda mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan 213 taga yetdi. Shuningdek, qabul kvotasi 3,5 barobar ortdi. Oliy ta’limda raqobatni qo‘llab-quvvatlash va xususiy sektorni jalb qilish orqali 30 ta xorijiy hamda 67 ta nodavlat OTM ochildi. Shu asosda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 42 foizga yetkazildi.

    Mamlakatdagi OTMlarga 2023/2024 o‘quv yili uchun qabul ko‘rsatkichi jami 190 ming 287 o‘rinni (17 ming 128 o‘rin magistratura uchun) tashkil etib, o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 5,1 foiz (magistratura bo‘yicha 1,2 foiz) oshgan. Joriy yilda 8 ta yangi OTM ochildi. Bu yigit-qizlar uchun to‘lov-shartnoma asosida tahsil olish imkoniyatini ham kengaytirdi. Ammo hammaning ham to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga imkoniya ti yetmaydi. Xo‘sh, shartnoma asosida o‘qishga kirgan talabalar uchun qulay yechim bo‘lgan ta’lim krediti qanday tartibda berilmoqda?

    Bugun 12 ta tijorat banki taqdim etayotgan bu imkoniyatdan barcha oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha (qo‘shma ta’lim dasturining O‘zbekiston hududida ta’lim beriladigan yillari uchun) bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida hamda magistraturada to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan talabalar, o‘qishini ko‘chirgan yurtdoshlarimiz foydalanishi mumkin.

    Shartlari qanday?

    Ilgari ta’lim krediti olish uchun tijorat banklari talab qiladigan qog‘ozbozlik, uzoq kutish, kredit foizi yuqoriligi, qisqa muddatda qaytarish kabi shartlar bir qancha noqulayliklar keltirib chiqarayotgan edi. Yoshlarning ta’lim olishiga yanada keng imkoniyat yaratish, oliy ma’lumot olayotgan fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida qabul qilingan me’yoriy hujjatlar bilan joriy etilgan tartib ana shu muammolarga munosib yechim bo‘ldi.

    — Ta’lim kreditining asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. Misol uchun, 1-kursga qabul qilingan talaba 4 yil bakalavriat bo‘yicha tahsil oladi. O‘qishni bitirib ishga joylashib, to‘lov imkoniyatiga ega bo‘lganidan so‘ng 7 yil mobaynida kreditni qaytarishi mumkin, — deydi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Qurbonnazar Ortiqov. — Yana bir qulaylik shuki, imtiyozli ta’lim krediti Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida ajratilmoqda. Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi ham mutanosib ravishda pasayadi. Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoladi. Asosiysi, jismoniy shaxslarning ta’lim kreditini qoplashga yo‘naltirilgan soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq imtiyozi qo‘llanadi.

    Bu, albatta, katta qulaylik. Sababi, to‘lov-shartnoma asosida talabalikka tavsiya etilgan talabalar o‘qish davomida mablag‘ yetishmovchiligidan qiynalsa, ta’lim kreditidan foydalanib, o‘qishini davom ettirishi mumkin. Ta’lim kreditini rasmiylashtirgandan so‘ng talaba o‘quv yili davomida faqat kreditning foiz qismini to‘laydi. Kreditning asosiy summasini o‘qishni bitirgach, 7 yil mobaynida to‘laydi.

    — 2021 yildan boshlangan bu jarayonni har yili tegishli tashkilotlar monitoring qilib bormoqda. O‘sha yilda qariyb 25 ming 300 talaba ta’lim kreditidan foydalangan. Ushbu maqsadda 263,7 milliard so‘m sarflangan, — deydi Qurbonnazar Ortiqov. — 2022 yilda 174 ming 641 talabaga 1 trillion 718,4 milliard so‘m ajratilgan. Shundan 1 trillion 250,5 milliard so‘mi talaba ayol-qizlarning o‘qishiga yo‘naltirilgan. 2023 yilning 30 sentyabr holatiga ko‘ra, 144 ming 10 talabaning o‘qishi uchun 1 trillion 626,6 milliard so‘m taqdim etilgan. Shundan 1 trillion 296,7 milliard so‘mi OTMlarda o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun ajratilgan.

    Muddatidan oldin to‘lash mumkinmi?

    Qo‘shimcha mablag‘i mavjud bo‘lsa, qarz olgan shaxs ta’lim kreditini muddatidan oldin so‘ndirishga haqli. Deylik, talaba o‘qishni bitirdi va birdan daromad manbaiga ega bo‘ldi. U 7 oy davomida kreditning foizi bilan birga asosiy qarzni ham so‘ndirib borishi mumkin. Shunda kredit bo‘yicha umumiy to‘lov miqdori kamroq bo‘ladi.

    Kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki vasiylari birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishi mumkin.

    Kimlarga ta’lim krediti olish mumkin emas? Ta’lim krediti tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan talabalarga tavsiya etilmaydi. Shuningdek, xorijda o‘qiyotgan talabalar ushbu imkoniyatdan foydalana olmaydi.

    Qizlar ta’limiga e’tibor

    Vazirlar Mahkamasining “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olishi uchun ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab talaba qizlarga foizsiz ta’lim krediti ajratish yo‘lga qo‘yildi. Bu qanday amalga oshiriladi?

    Markaziy bankning asosiy stavkasi foizi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘i hisobidan qoplab boriladi. Amalda talaba qizlar foizsiz ta’lim kreditiga ega bo‘ladi. Bu ta’lim kreditini qoplash masalasi ham xuddi amaldagi ta’lim krediti singari bo‘lib, o‘qishning to‘liq kursini tugatgandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil mobaynida asosiy qarz to‘lanadi.

    — Bog‘chada ishlashni orzu qilaman. Ancha yillar shu bo‘yicha o‘qib, oliy ma’lumot olishga moddiy imkoniyatim yetmadi. Bu yil Namangandagi Turon xalqaro universitetining boshlang‘ich ta’lim fakultetiga o‘qishga kirganimda ham shartnoma pulini to‘lay olmasligim tufayli o‘qimaslikka qaror qildim. Ammo yaqinlarim xotin-qizlar ta’limi uchun foizsiz kredit ajratilayotgani haqida aytganida, ko‘nglimda umid uyg‘ondi. Xalq bankining Baliqchi tumani filialiga bordim. Bank xodimlari imtiyozlar haqida ma’lumot berdi, nihoyatda xursand bo‘ldim. Bank o‘qishim uchun 12 million so‘m ajratdi. Nihoyat, talabalik baxtiga va o‘zim sevgan sohada ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldim, — deydi Andijon viloyati Baliqchi tumanida yashovchi Go‘yoxon Hojimatova.

    Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Muhimi, xotin-qizlarning ilmli bo‘lishiga qaratilayotgan e’tibor kun kelib samarasini beradi. Chunki bugungi talaba qiz ertaga sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lish bilan birga iqtidorli, salohiyatli farzandlarni tarbiyalaydigan ona hamdir. Bilimli ayol yetuk mutaxassis, zakovatli ona, jamiyatda o‘z o‘rniga ega inson sifatida yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.

    — 2022 yilda qariyb 133,6 ming xotin-qizning o‘qishi uchun 1 trillion 250,5 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, joriy yil 30 sentyabrga qadar qariyb 116,4 ming ayol-qizga 1 trillion 296,7 milliard so‘m miqdorida foizsiz ta’lim krediti ajratilgan, — deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi departamenti boshlig‘i Adham Eshchonov. — Bu ham opa-singillarimiz va qizlarimizning kelajagiga davlat miqyosida berilayotgan yuksak e’tibordan dalolat.

    Qaysi toifadagi talabalarga imtiyoz bor?

    Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ko‘mak ko‘rsatish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida qilinayotgan xayrli ishlar tufayli ko‘plab ehtiyojmand oilalar muammosi barham topib, hayotiga fayz va baraka kirayotir. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarga mansub xotin-qizlarga ajratiladigan ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmasligi ham ana shu g‘amxo‘rlikning amaldagi namunasi. Shunday imkoniyatdan foydalangan Farangiz O‘tayeva O‘zbekiston Milliy universitetida 1-kursda tahsil oladi.

    — Oddiy oila farzandiman. Onam yolg‘iz o‘zi bizni voyaga yetkazish uchun tunni tongga ulab ishladi. O‘qishga kirganim oila a’zolarimni qanchalik quvontirgan bo‘lmasin, shartnoma pulini to‘lash masalasi onamning zimmasiga katta mas’uliyat bo‘lib yuklandi. Oilamizning bunga imkoniyati yetmasdi. Jurnalist bo‘lish niyatim orzuligicha qolib ketishi muqarrar bo‘lib turgan paytda ta’lim krediti jonimizga ora kirdi, — deydi Farangiz. — Shartlari ham qulay, oilamiz “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgani bois, ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmasligi men uchun katta imkoniyat bo‘ldi. O‘qishni bitirib, biror joyda ish boshlasam, kreditni bemalol to‘lashim mumkin. Ariza bilan Xalq bankiga murojaat qildik. Ishimiz juda oson ko‘chdi. Bank bir hafta ichida o‘qish pulining 75 foizini universitet hisob raqamiga o‘tkazdi. Qolgan 25 foizini o‘zimiz to‘ladik.

    To‘rtga bo‘lib to‘lash tartibi

    — Ilgari to‘lov-kontrakt summasini bir yilda ikki marta — o‘quv yili boshida, ya’ni 15 sentyabrgacha 50 foizini va 1 martdan qolgan qismini to‘lash mumkin edi, — deydi Qurbonnazar Ortiqov. — Bu tartib ko‘p hollarda mablag‘ vaqtida kelib tushmasligi kabi muammolarga olib keldi. Ayni paytda kontrakt summasini to‘rtga bo‘lib to‘lash tartibi yo‘lga qo‘yilgan. Shartnomalarda to‘lov muddati belgilangan. To‘rtga bo‘lib to‘lanadi, degani faqat belgilangan muddatda emas, xohlasa, oyma-oy to‘lash mumkin. Bu ham ota-onalarga yana bir qulaylik. Oliy ta’lim muassasalarida tushumlar holatini tahlil qilganimizda, aksar ota-onalar kontrakt pulini ish haqi hisobidan o‘tkazishi ma’lum bo‘lgan va bu to‘lovlarni oyma-oy to‘lab borish imkoniyatini kengaytiradi.

    Yoshlar tashkilotining ko‘magi

    Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan nizomda 8 toifadagi yoshlarga professional va oliy ta’lim muassasasidagi o‘quvchi-talabalarning to‘lov-shartnoma mablag‘ining 50 foizigacha, ammo BHMning 50 barobaridan oshmagan qismi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘i hisobidan qoplab berilishi belgilangan. Bular oila boquvchilarining kamida bittasi birinchi guruh yoki har ikkalasi ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan yoki “Temir daftar”ga kiritilgan oilaning professional yoki OTMda ta’lim olayotgan farzandi, “Ayollar daftari”, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ro‘yxatidagi yigit-qizlar, Mehribonlik uyi yoki Bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchisi, ota-ona qaramog‘idan mahrum, vasiylikka olingan kam ta’minlangan, nogironligi yoki salomatligida nuqsoni bo‘lgan, oilasi kam ta’minlangan o‘quvchi-talabalardir. Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparati boshqarma boshlig‘i Umidulla Sattorovning ma’lum qilishicha, joriy yilning 30 oktyabr holatiga ko‘ra, 45 ming 38 yoshning o‘qishi uchun 140,6 milliard so‘m to‘lab berildi.

    — “Yoshlar daftari”ga kiritilganman, — deydi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabasi Yulduz Niyozqulova. — Otam bog‘bonlik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi, onam uy bekasi. Oilada uch farzandmiz. Singlim ham talaba. Kam ta’minlangan oila farzandi bo‘lganim uchun bir yillik to‘lov-shartnoma pulining 50 foizi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘lab berilgani biz uchun katta yordam bo‘ldi. Yo‘qsa, ota-onam juda qiynalib qolardi...

    Yurt iqtisodiyoti barqarorligi, barcha sohalarda rivojlangan davlatlar bilan raqobatlasha olishi ham mehnat bozoridagi kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Bunday iqtidor egalari yurtimizning har bir go‘shasida topiladi. Ularning iqtidorini yuzaga chiqarish, ko‘mak va rag‘bat berish, ilm olish huquqini ta’minlash davlatimiz e’tibori markazida. Ana shu oliy maqsad yo‘lida joriy etilgan ta’lim krediti bugun ilm olish istagidagi yoshlar va ularning ota-onalari uchun haqiqiy ko‘mak bo‘lmoqda.

    Risolat MADIYEVA,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri