Yoshlar ishlashni istaydi Ularning xavfsiz mehnat qilish huquqi qay darajada himoyalangan?

    Baʼzan kichik narsalar katta yoʻllarni toʻsib qoʻyadi. Gohida arzimas tuyulgan hodisa inson taqdirini oʻzgartirib yuborishi mumkin. Jamiyatdagi eʼtiborsiz ayrim holatlar esa yillar oʻtishi bilan qaygʻuli koʻrinish olishi ham bor gap. Xullas, hech bir qismat sababsiz va asossiz boʻlmaydi.

    Bu oʻrinda gap inson taqdiri, taraqqiyotga gʻov boʻlayotgan qusurlar haqida ekan, anchadan buyon bizni zimdan bezovta qilib kelayotgan bitta muammo – ish beruvchilar va yollanma ishchilar oʻrtasidagi munosabat borasidagi mulohazalarimizni aytishga qaror qildik. Bunga tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulovning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida (2024-yil 15-oktyabr, 208-son) chop etilgan “Axloqsizlik “yangi axloq”mi?” sarlavhali maqolasi turtki boʻldi.

    Muallif yozadi: “Haqiqat shunday: milliy qadriyati boy, azaldan tarbiya masalasiga, yoshlar kelajagiga alohida ahamiyat bergan xalqlarda axloq davlat qabul qilgan qonunlardan ham ustuvor ahamiyatga ega boʻladi. Shu maʼnoda, agar biz qonun ustuvorligini axloqiy meʼyorlar ustuvorligi bilan uygʻunlashtira olsak, jamiyatni tom maʼnoda maʼnaviy-mafkuraviy barqarorlashtirishga erishamiz”.

    Taraqqiyotga daxldor bu fikrlarning biz koʻtargan masala bilan tutash nuqtasi esa hali oldinda.


    Tabiiy huquqlar mohiyati


    Har bir inson tugʻilishi bilan qator tabiiy huquqlarga ega boʻladi. Ulardan biri – yashash huquqi. Bu jarayon insonning oʻzi tanlagan yoʻl bilan amalga oshadi. Qanday yashash esa boshqa masala. Shu bois, inson doim harakatda boʻladi, yashash uchun kurashadi, jismoniy va maʼnaviy zehnini ishga solib mehnat qiladi. Demak, mehnat inson hayotining asosiy mazmunini tashkil etadi.

    Jamoa boʻlib mehnat qilishning oʻziga xos axloqiy meʼyorlari bor. Ammo jamiyatda bu meʼyorlarga koʻp hollarda rioya qilinmaydi. Gap shu haqda.

    Har bir inson xavfsiz sharoitda mehnat qilishni istaydi. Xavfsiz mehnat huquqi, deganda faqat jismoniy xatarlar emas, shaxsning ruhiy holatiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydigan sharoitda ishlashi ham tushuniladi. Biroq kundalik hayotimizda yon-atrofga sinchiklab nazar tashlasak, bu huquq buzilayotgan holatlarga tez-tez guvoh boʻlamiz. Ayniqsa, yollanma yoki ishbay asosida ishlovchi yoshlar bilan bogʻliq bunday holatlar koʻp uchraydi.

    Masalan, koʻchadagi oddiy oshxona yoki doʻkonlarni olaylik. Ularning aksariyatida ish boshqaruvchilarning ishchilariga qoʻpol munosabatiga har birimiz duch kelganmiz.

    Bir safar koʻp boraverganimizdan hamma ishchisi tanish boʻlib qolgan tamaddixonada boshligʻidan doim soʻkish eshitib yuradigan bir yigitni savolga tutdim: “Nimaga ular shaxsiyatingizni haqorat qilsa ham jim turaverasiz? Sizga nima zaril bular bilan birga ishlab, qoʻl-oyogʻingiz butun, boshqa joydan ish izlab koʻrsangiz boʻlmaydimi?” U talaba ekanini, bu ishda vaqtincha ishlayotgani, ish masalasiga kelsak, bu yer toʻrtinchi joy ekanini aytdi.

    — Foydasi yoʻq, aka, boshqa joylarda ham holat shunday. Toʻgʻrirogʻi, bundan ham battar joylar bor, — deydi yigit. — Ayrim ish boshqaruvchilar oylik olyapsan-ku, deb sizga aybdorga qaragandek qaraydi. Qarshi chiqsangiz, ishdan boʻshatish bilan dagʻdagʻa qiladi. Nachora boshqa yerda ham holat shundayligini bilib ishlayveramiz.

    Ikki-uch yil ilgari poytaxtdagi nomdor oziq-ovqat doʻkonlaridan birida sotuvchi boʻlib ishlovchi yigit bilan birga ijarada yashaganman. U ishga tong sahar ketib, yarim tunda qaytardi. Oʻzaro kelishuvga koʻra, haftada bir kun dam olardi. Biroq unga ana shu bir kun dam olish har doim ham nasib qilavermasdi. Doʻkon menejeri qoʻngʻiroq qilib, xaridor koʻpayib ketayotgani, ulgurmayotganini aytar va chaqirib olardi. Undan dam olish kuningda ishlaganing uchun maoshingga qoʻshib berishadimi, deb soʻraganimda, “Qayoqda, ishlab tur, lavozimingni oshiraman, sabr qil, deb vaʼda beradi, xolos”, deya javob bergandi. U bilan salkam bir yarim yil ijarada birga yashagan boʻlsak, na lavozimi oshdi, na maoshi. Aksincha, arzimagan xatosi uchun maoshining yarmini kesib qolinganini aytib, siqilib yurganiga koʻp guvoh boʻlganman.

    Savol tugʻiladi: ana shunday xususiy kompaniyalarning mehnat shartnomasi ham mamlakat qonunchiligiga asosan tuziladimi? Ularda mehnat huquqlari buzilmasligini kimdir nazorat qiladimi yoki barchasini oʻzlari bilganicha yozib oladimi? Aslida adolat mezonidan kelib chiqib, mehnat huquqi barcha uchun – xoh davlat tashkiloti, xoh xususiy sektor boʻlsin — bir xil boʻlishi kerak emasmi? Mehnatga yarasha haq toʻlash barchasida umumiy yagona qoida emasmi?


    Nega urasiz? Bunga haqqingiz yoʻq


    Atrofga jiddiyroq nazar solsak, mehnat huquqlari buzilishiga har qadamda koʻzimiz tushaveradi. Buning, ayniqsa, yoshlar hissasiga koʻproq toʻgʻri kelishi dilni xufton qiladi. Dorixona deysizmi, avtomobil yuvish shoxobchasimi – aksariyatida yoshlar huquqi buzilishi holatlari uchraydi.

    Talabaligimizda darsdan keyin avtoyuvish shoxobchasida ishlovchi bir kursdoshim darsga yuzi koʻkargan holatda keldi. Aytishicha, mijoz yoʻqligi paytida telefonda uydagilari bilan gaplashib oʻtirgani uchun muassasa rahbari tomonidan kaltaklangan. Ammo rahbar uni yollanma ishchi sifatida ishlatgan va oʻrtada hech qanday qonuniy kelishuv boʻlmagan. Kaltaklagandan keyin esa bu haqda biror joyga arz qilsa, 15 kunlik xizmat haqini bermaslik bilan qoʻrqitgan. 15 kunlik mehnatiga achingan kursdoshimizning rozi boʻlishdan oʻzga chorasi qolmagan.

    Biroq adolatli xulosa qilish uchun ikkala tomonni ham eshitish lozim. Xodimlarga munosabat borasida ish beruvchilar qanday fikrda? Shu maqsadda poytaxtda joylashgan tamaddixonalardan birining rahbari bilan suhbatlashdim. Savolim quyidagicha boʻldi: “Xodimlarni ishlatishda rahbar shunday jahldor va qoʻpol boʻlishi shartmi?”.

    — Kimningdir shaʼniga putur yetkazishga hech kimning haqqi yoʻq. Bu yerda hamma muammo boshqaruv uslubida, — deydi u. — Muassasada aniq tizimni yoʻlga qoʻymas ekansiz, tayinlagan ish boshqaruvchilaringiz qoʻpollikka, kamsitishga oʻtadi. Chunki aniq tizim yoʻq joyda xodimlar ham kamroq ishlashga, oʻzini charchatmaslikka intiladi. Bu esa xizmat koʻrsatish sifatiga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Shunday tizimni yoʻlga qoʻyishingiz kerakki, xodimlar bir-birini soʻzsiz tushunsin. Chaqqonlik koʻrsatganlar boshqalardan koʻra koʻp haq olsin. Ana shunda tajribali xodimlarga ega boʻlasiz.

    Yana bir tamaddixonaga kirib, rahbariga yuqoridagi savol bilan yuzlanganimizda “Xizmatchilarni urishib turmasangiz, koʻzingizni shamgʻalat qilib, ish sifatini tushirib yuborishdan nariga oʻtmaydi”, dediyu shoshib turganini bildirib biz bilan xayrlashdi. Shundan soʻng bu yerda ishlayotgan xodimlar bilan suhbatlashib koʻrdik. Taxmin qilganimizdek, bu tamaddixonada ham rahbar va ish boshqaruvchilar tomonidan qoʻpollik hamda hurmatsizlik tez-tez sodir etilar ekan. Bir nechta xodimning “Boshligʻimizdan gap eshitamiz”, deya intervyu berishdan bosh tortgani taxminimizni yana bir marta tasdiqladi.

    Xoʻsh, xavfsiz mehnat huquqi kamsitilayotgan bu kabi muassasalarga qarshi qanday chora koʻrish kerak? Yagona chora yollanma mehnatga oid qonunchilik qayta koʻrib chiqilishi hamda nazorat yetarlicha taʼminlanishi zaruratidir. Xodimlarga qoʻpollik ishlatiladigan tashkilotlar munosib javob sifatida boykot eʼlon qilinishi lozim.


    Boykot qilish – samarali yechim


    Tarixan yaxshi tadbirkor bilan yomonini saralashda boykot eng samarali yechim boʻlib kelgan. Bu atama XIX asrda yashagan ingliz mulkdorlaridan birining ismidan olingan boʻlib, mazmunan muayyan korxona mahsulotlarini sotib olishdan bosh tortishni anglatadi. Demak, erkin bozor munosabatlariga asoslangan demokratik jamiyatlar tomonidan eʼtirozga sabab boʻlgan bizneslar uchun beriladigan eng yaxshi zarba boykotdir.

    Lekin bir jihatni ham inobatga olish zarur: boykot har bir shaxsning erkin huquqi, unga majburlash, rad etilgan mahsulotni sotib olgan shaxsni kamsitishga hech kimning haqqi yoʻq. Boykot qilish muddatini ham har bir kishi mustaqil oʻzi belgilaydi. Ammo jamiyatimizga bu tushuncha kirib kelganiga koʻp boʻlmagani bois, ayrim radikal holatlar ham uchrayotir. Yaʼni koʻpchilik tomonidan boykot qilingan mahsulotlarni isteʼmol qilayotganlarga yomon nazar bilan qarash, baʼzi hollarda ularga qoʻpol munosabatni koʻrib dil xira tortadi.

    Bir tanishim “Bizda hali boykot anʼanasi toʻliq shakllanib ulgurmadi, aksariyat kishilar ayrim mahsulotlarni boykot qilishga qaror qiladi, ammo oʻsha brend katta chegirmalar eʼlon qilsa, boykotni ham unutib, yugurib boradi. Qisqasi, aksariyatimizning boykotimiz biror chegirmagacha”, deya fikr bildirdi. Biroq sogʻlom bozor munosabatlariga asoslangan mazkur anʼana asta-sekinlik bilan boʻlsa-da, jamiyatimizda rivojlanib borayotir.

    Yevropa mamlakatlarida boykot tufayli baʼzi yirik kompaniyalar inqiroz darajasiga yetib kelgan. Oʻn minglab ishchi kuchiga hamda uzoq yillik tajribaga ega kompaniyalarni “omon qoldirmagan” bu uslub nisbatan kichik tadbirkorlarni oʻnglab boʻlmas oqibatlarga duchor qilishi ham haqiqat.

    Bunda tadbirkorlar, eng avvalo, imijini yoʻqotib, bozordagi mavqeyidan ayrila boshlaydi. Moliyaviy yoʻqotishlar esa ishchilar sonini qisqartirishga majbur qiladi. Bu xizmat koʻrsatish sifati keskin tushib ketishiga, bora-bora muassasa boykot qilmagan xaridorlar uchun ham xizmat koʻrsata olmay qolishiga olib keladi. Endi hammasi ravshan: insofsiz tadbirkorning biznesni tugatishdan boshqa chorasi qolmaydi. Kompaniyasi boykotga uchragan tadbirkorlar faoliyatini toʻxtatib, butunlay oʻzga nom bilan qayta ish boshlashga harakat qiladi. Shuning uchun ham jahon amaliyotida tadbirkorligi qayta boykotga uchragan shaxslarning oʻzini boykot qilish anʼanasi ham mavjud. Bu degani bir martadan koʻp boykotga uchragan tadbirkor yuz xil nom bilan faoliyat boshlasa-da, mahsulotlaridan voz kechiladi.

    Boykot tadbirkorlar uchun oʻziga xos tarbiyachi. Zora shundan keyin ular xatosini tuzatsa, zoʻravonligi kamaysa. Shundan keyin yosh yigit-qizlar ish joyida haqorat eshitmasdan, ahil-inoq muhitda bexavotir mehnat qilsa. Bularning barchasi sizu bizning boykot masalasiga munosabatimizga bogʻliq.


    Qonunchilik nima deydi?


    Deylik, xodim ish joyida zoʻravonlikka yoki nohaqlikka uchradi. Bu vaziyatda qonunchilik uni qanday himoya qiladi?

    — Mehnat kodeksiga koʻra, xodim ish jarayonida hayoti va sogʻligʻiga tahdid soladigan holatlar yuzaga kelgani toʻgʻrisida ish beruvchini darhol xabardor qilib, bunday holatlar bartaraf etilguniga qadar tegishli ishni bajarishni rad etishga haqli. Ana shu davrda xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanadi, — deydi yurist Shahboz Davronov.

    Bu, albatta, qonuniy mehnat shartnomasi asosida ishlovchi xodimlar uchun moʻljallangan. Biroq yollanma yoki ishbay asosida mehnat qiluvchi xodimlarning huquqlari-chi? Mamlakatimiz qonunchiligida ularning ham huquqiy xavfsizligi kafolatlab qoʻyilganmi? Axir bizdagi koʻpchilik xususiy tadbirkorlik subyektlari soliq toʻlashdan qochib, doimiy ish turlari uchun ham yollanma ishchilardan foydalanadi.

    — Mehnat kodeksiga koʻra, davlat roʻyxatidan oʻtgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bank hisobvaragʻini ochganidan keyin yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turiga qarab Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda yollanma xodimlar mehnatidan foydalanishga haqli, — deydi Shahboz Davronov. — Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ishga qabul qilinayotgan shaxs bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar yuzaga kelishiga yozma shaklda tuziladigan mehnat shartnomasi asos boʻlishi belgilangan. Demak, yollanma mehnat asosida ishlayotgan xodim mehnat huquqi toptalsa, himoyalanishi uchun yozma shartnoma boʻlishi lozim. Shundagina uning huquqlari, Mehnat kodeksida belgilanganidek, xodim va yakka tartibdagi tadbirkor oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv asosida tartibga solinmagan yakka tartibdagi mehnat nizolari sud tartibida hal etiladi.

    Bundan anglashiladiki, mehnat huquqingiz toʻliq taʼminlanishini istasangiz, mehnat qonunchiligi bilan yetarlicha tanish boʻlishingiz lozim. Huquqini yaxshi bilgan inson talab qilishni biladi. Hayoti va sogʻligʻini zoʻravonlik hamda tazyiqlardan himoyalaydi. Zero, har bir inson xavfsiz mehnat qilish huquqiga ega.

    Demak, huquqiy jihatlar aniq. Ammo psixologiyaga yetkazilgan zarar-chi? Bu kabi holatlar endi katta hayotga qadam qoʻyayotgan yoshlarning ruhiyatiga qanchalik taʼsir qiladi? Ular kelajakda oʻz fikrini aniq ifodalay olmaydigan, mustaqil harakat qilishga botinolmaydigan shaxsga aylanib qolmaydimi? Shu savollar bilan taniqli psixolog Shoira Isakovaga murojaat qildik.

    — Bolalarimizda avvalboshdanoq oʻzini oʻzi himoya qilish retseptorlarini shakllantiramiz kerak, — deydi ruhiyatshunos. — Afsuski, tarbiyada bunga doim ham eʼtibor beravermaymiz. Natijada ular zoʻravonlik holatiga uchrasa, oʻzini oʻzi himoya qilishga qiynaladi, ruhiy zoʻriqishga duch keladi, tortinchoq boʻlib qoladi. Xoʻsh, ish joyida koʻngilsiz voqeaga duch kelgan yoshlar nima qilishi zarur? Avvalo, ular oʻzini yangi joylarda, yangi muhitda sinab koʻrishlari lozim. Aks holda oʻziga nisbatan ishonchsizlik hamda “hech kimga kerak emasman” degan tushuncha shakllanib qolishi mumkin. Shuningdek, birinchi navbatda, farzandlarimizni tarbiyalash jarayonida ularda bardoshlilik, stressli vaziyatlardan chiqa olish kabi xususiyatlarni shakllantirishga ham jiddiy eʼtibor qaratishimiz lozim.

    Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz: ish joyingizda zoʻravonlik holatlariga duch kelsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining 1282 qisqa raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

    Bu masalaning bir tomoni. Ammo boshqa tomondan ish beruvchilar va yollanma ishchilar oʻrtasidagi qoʻrquv muhitining urchib borishi jamiyatda jiddiy muammolarni yuzaga keltiradi, taraqqiyotimizga tushov boʻladi.

    Mavrulov domlaning maqolasidan iqtibos keltirib, axloqiy meʼyorlar ustuvorligi, jamoa boʻlib mehnat qilishning maʼnaviy jihatlari haqida soʻz boshlagan edik. Muallif bir oʻrinda bunday fikrni ilgari suradi: “Agar axloq ishlamasa, jamiyatdagi barcha institut – tashkilotlar, jamoalar, oilalaru boshqa hamma narsa zulmatga yuz tutadi”, deydi.

    Bundan anglashiladiki, jamiyatda ish beruvchilar va xodimlar oʻrtasidagi munosabat bevosita milliy taraqqiyot uchun xizmat qiladi yoki aksincha.

    Oʻzingiz oʻylab koʻring, bugun yosh yigit-qizlarni jamoada haqoratlayversak, shaʼnini yerga ursak, ertaga ularda jamiyatga nafrat uygʻonmaydimi, qonunchilikka, huquqiy, xalqparvar davlatchiligimizga ishonchi soʻnmaydimi?! Bu esa, oʻz navbatida, umumiy tanazzul manzarasini hosil qiladi.

    Shu maʼnoda, yoshlarimiz, umuman, xususiy sektorda ishlayotgan katta ishchilar jamoasini maʼnaviy jihatdan inqirozga yetaklayotgan ayrim ish beruvchilarning hamyurtlarimizga qoʻpol muomalasini hech bir bahona bilan oqlab boʻlmaydi.


    Jonibek ALIJONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    

    Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 225-sonida (2024-yil 6-noyabr) chop etilgan.