Ta’lim odimlari

    Toshkentda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusida xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirni o‘tkazishdan maqsad mamlakatimizda barcha sohada erishilayotgan yutuqlar haqida xalqimiz va xalqaro hamjamiyatni yana bir karra keng xabardor etish, muhim natijalarni tahlil qilish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olishdan iborat.

    So‘z tadbir ishtirokchilariga!


    Tazin Fasih,

    Jahon bankining yetakchi iqtisodchisi va dasturlar menejeri:

    "O‘zbekistonda maktabgacha va maktab ta’limi borasida erishilayotgan yutuqlar tahsinga sazovor. Ta’lim infratuzilmasiga sarmoya kiritish barqaror o‘sishda muhim ahamiyatga ega, xalqaro ko‘mak esa ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar muvaffaqiyatini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

    Shuningdek, MELQO xalqaro baholash instrumenti orqali davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘tkazilgan ta’lim sifatini baholash natijalari, O‘zbekistonda ta’lim tarbiya jarayoni umumiy holati va sifati yuqori darajada.

    O‘zbekistonda o‘tkazilgan baholash natijalari boshqa davlatlarda o‘tkazilgan natijalar bilan solishtirilganda O‘zbekistonda bolalarni erta yoshdan rivojlantirish darajasi yuqori ekanligiga guvoh bo‘ldik".


    Ahmad al-Bastaki,

    "Emirates National Schools" tashkiloti bosh direktori:

    “Birlashgan Arab Amirliklari hukumati ta’lim rivojlanishini o‘zining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan. Biz O‘zbekiston bilan barcha sohalarda, ayniqsa ta’lim sohasida aloqalarni mustahkamlashga intilmoqdamiz.

    Ta’limni yoshlarimiz uchun porloq kelajak qurishning asosi, deb bilamiz va ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik bu maqsadga erishishda muhim rol o‘ynaydi, deb ishonamiz".


    Volfgang Herrman,

    Myunxen texnika universiteti professori:

    “O‘zbekiston ta’lim taraqqiyoti yo‘lida noyob qadam qo‘ydi. U so‘nggi yillarda ushbu yo‘lda jadal harakat qilayotgan mamlakatlardan biri hisoblanadi.

    Bu yerda maktab va oliy ta’limni rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezident maktablari tajribasi hamda o‘zim faxriy Prezidenti hisoblangan Yangi O‘zbekiston universiteti bu boradagi ko‘zga ko‘rinarli tashabbuslardan biridir.

    O‘ylaymanki, bugungi panel sessiyada keltirib o‘tilgan hamda O‘zbekistondagi ta’lim islohotlariga doir fikrlar kelajagini ta’lim rivoji bilan bog‘lagan yurt uchun muhim ahamiyatga ega.”


    Syu Peng Yim,

    "Times Publishing Ltd" kompaniyasi bosh ijrochi direktori:

    "O‘zbekistonlik pedagoglar va xalqaro hamkasblar o‘rtasida ilg‘or tajriba almashish barqaror ta’lim tizimini barpo etishda muhim ahamiyatga ega. Xalqaro hamkorlik orqali qo‘llab-quvvatlangan o‘qituvchilar malakasini oshirish ta’lim sifati va samaradorligini oshirishning asosiy omili bo‘lib qolmoqda.Biz O‘zbekistondagi ta’lim islohotini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, chunki u Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlar uchun ilhom va namuna bo‘lib xizmat qiladi".


    Tom Kiddl,

    Norvich til ta’limi instituti direktori:

    “O‘ylaymanki, loyihamiz muvaffaqiyatining eng ta’sirchan ko‘rsatkichlaridan biri shundaki, O‘zbekiston maktablaridagi o‘qituvchilar malaka oshirishi bo‘yicha tajribamizni qo‘shni davlatlarda ham tatbiq etmoqdamiz. Bu model Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmanistonda o‘tkazilgan amaliy tadqiqotlarda qo‘llaniladi. Natijada o‘zbekistonlik o‘qituvchilar shijoati qo‘shni o‘lkalardagi o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlab, ilhomlantiradi.

    Bundan tashqari, men yana bir narsadan juda faxrlanaman. Norvich til ta’limi institutida 90 dan ortiq davlat o‘qituvchilari bilan ishlaymiz. O‘zbekistonlik o‘qituvchilarning hikoyalari, ularning muvaffaqiyatlari, Yevropa, Shimoliy Afrika, Amerika hattoki Avstraliyadan kelgan o‘qituvchilarni ham ilhomlantirmoqda.

    Bu ishlarni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ko‘magisiz, xususan vazirlik huzuridagi A.Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti yordamisiz amalga oshirib bo‘lmas edi".