Taʼlimga eʼtibor – kelajakka eʼtibor

    Kuni kecha “1-oktyabr – oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev soha vakillari bilan kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan muloqot oʻtkazdi.

    Davlatimiz rahbari yurtimizda taʼlim-tarbiya sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni bayram bilan qutlar ekan, “...Avvalo, oʻqituvchining oʻzi huquqiy, ijtimoiy va moliyaviy tomondan himoya qilingan va yetarli taʼminlanishi kerak”, — deya Yangi Oʻzbekistonda ustozlar qadri va huquqiy manfaatlari yanada baland boʻlishi lozimligini alohida taʼkidladi. Pedagoglarning eʼtibori hamisha taʼlim berishga qaratilgan boʻlishi va ortiqcha yumushlarga jalb qilish esa “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, javobgarlikka tortilishini aytib oʻtdi.

    Ushbu qonun kasb egalarining huquqiy himoyasini oʻzida namoyon etsa, moliyaviy tomonlama qoʻllab-quvvatlashga ham katta eʼtibor qaratilgan. Oʻz ustida ishlagan va doimiy ravishda mahoratini oshirib boruvchi pedagoglar saʼy-harakati bilan ular 10 million soʻmdan ortiq maosh olish imkoniga ham ega boʻldilar. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu miqdorda maosh oluvchilar soni 2020-yilda 102 nafarni tashkil etgan boʻlsa, soʻnggi ikki yil ichida bu koʻrsatkich 5.3 barobarga oshgan.

    Jonkuyar ustozlar mehnati bilan mamlakatimizda taʼlim yoʻnalishida koʻplab yutuqlarga erishilyapti. Jumladan, Oʻzbekistonning eng oldi taʼlim dargohlaridan hisoblangan Prezident maktabi va ijod maktablari bitiruvchilarining 100 nafari dunyoning TOP-100 oliygohlarida tahsil olishmoqda. Yurtimizda bir yilda 310 ming nafar abituriyent talabalikka qabul qilindi. Ilmli yigit-qizlar xalqaro fan olimpiadalarida 122 ta medalni qoʻlga kiritdi.

    Taʼlim kamchiliklari toʻgʻrisida soʻz borar ekan, pedagoglarning malaka oshirishi shartligini anglash mumkin. Bu borada oʻqituvchilarning kasb mahoratini yaxshilashga masʼuliyat bilan yondashish kerakli belgilandi. Endilikda barcha malaka oshirish markazlari zamonaviy qiyofaga keltirilishi vazifasi berildi. Pedagogikani oʻrgatishga asoslangan taʼlim muassasalarida kadrlar tayyorlash jarayoniga eʼtibor ortishi taʼkidlandi. Endi tajriba oʻrnida Andijon va Buxoro shaharlarida pedagogika institutlari boshqaruvida pedagogika kollejlari barpo etiladi. Bu esa bir necha yildan soʻng pedagog-kadrlarning oʻrni va mavqeyi hozirgidan ancha ortishiga ishora.

    Ishonch bilan aytish mumkinki, taʼlimning rivoji uchun amalga oshiriladigan islohotlar natijasida mamlakatimizda yetakchi oʻqituvchilar safi kengayadi. Oʻquvchi va talabalarning kitob oʻqish, taʼlim olishga boʻlgan ishtiyoqi ortadi. Ayniqsa, pedagoglarning ham moliyaviy, ham qonuniy qoʻllab-quvvatlanishi, hatto, uy-joy bilan taʼminlanishi taʼlim tizimi poydevorini mustahkamlashga munosib takbir boʻladi. Bundan tashqari, yoshlarga taʼlim berish, tarbiyalash, oʻz ustida ishlash ularning asosiy eʼtibor markazida boʻlishini mustahkamlaydi. Zero, taʼlimga eʼtibor – kelajakka eʼtibor, demakdir.


    Rustam Rahimboyev,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi,

    Buxoro davlat pedagogika instituti rektori yordamchisi