Taʼlimga yoʻnaltirilgan sarmoya farovonlikka erishishning eng toʻgʻri va samarali yoʻlidir

    Fikr 1 Sentabr 2024 98

    Жонажон Ўзбекистонимизнинг ҳар бир гўшаси йилдан йилга ўзгариб, янгича чирой очмоқда. Юртимизда бунёд этилаётган замонавий иншоотларни кўриб, кўзингиз қувнайди, чин дилдан севинасиз. Осмони мусаффо мамлакатимиз кундан-кунга обод бўлиб бормоқда.

    Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yillik shodiyonasida ham “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh gʻoyani ilgari surilishi bejiz emas, albatta. Yangi Oʻzbekiston qisqa davr ichida ilgʻor davlatlar safiga qoʻshilishni strategik maqsad sifatida belgilagan. Bu yuksak marraga erishish uchun esa bizga salohiyatli kadrlar, fundamental tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar zarur. Bu boradagi islohotlar mamlakatimizda kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, ilmiy-tadqiqot muassasalarini modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga jadal tatbiq etishda yaqqol koʻzga tashlanmoqda.

    Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyish davrida oliy taʼlim tizimi ham yangilanish va islohotlar bosqichidan oʻtmoqda.Tizimda sifat va samara shiddat bilan koʻtarilgani oliy taʼlim olishning tub mohiyatini anglagan yoshlar dunyoqarashida, natijalarida yaqqol namoyon boʻla boshladi. Xususan, taʼlim-tarbiya tizimida tub islohotlar olib borilmoqda. Ayni vaqtda taʼlim, jumladan, ijtimoiy soha uchun xarajatlar miqdori davlat byudjeti xarajatlari umumiy qiymatining salmoqli qismini tashkil etmoqda. Tabiiyki, har qanday davlat ham bunday katta xarajatlarni koʻtara olmaydi. Qanchalik ogʻir boʻlmasin, yurtimizda buning uchun zarur mablagʻ va resurslar izlab topilyapti. Davlatimiz rahbari mazkur xarajatlarni xarajat emas, balki, kelajak uchun yoʻnaltirilgan eng samarali sarmoya hisoblab, taʼlim rivojiga eʼtiborni yildan-yilga kuchaytirmoqda.

    Ayniqsa, mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlarni tayorllash oliy taʼlim tizimidagi ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Joriy yil 25-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi. Ushbu Farmonda birinchi navbatda inson qadrini ulugʻlash va iqtidorli yoshlarni oliy taʼlimga koʻproq qamrab olish uchun moʻljallangan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat buyurtmasini shakllantirish va davlat granti ajratish mexanizmlarini takomillashtirish, yoshlarning sifatli taʼlim olishi uchun mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash, kadrlar tayyorlashni iqtisodiyotning rivojlanayotgan tarmoq va sohalariga manzilli yoʻnaltirish maqsadini koʻzda tutadi. Shu bilan birga, davlat buyurtmasi boʻyicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlarga ustuvorlik berildi. Farmonda taʼlim oluvchilar manfaatlarini koʻzlovchi shu kabi koʻplab yangi tartib va oʻzgarishlar belgilanib, yangi oʻquv yili qabulida shu Farmon asosida talabalar oʻqishga qabul qilindi. Yoshlarimiz oliy taʼlim muassasasiga qabul qilingandan soʻng ham uning talaba sifatidagi imkoniyatlari davom etadi. Joriy etilgan imtiyozlar endi uni sifatli taʼlim olish va oʻz kasbining yetuk mutaxassisi boʻlib yetishish uchun ruhlantirishga xizmat qiladi.

    Hozirda yurtimizda oliy taʼlim oʻquv jarayonlariga ishlab chiqarish korxonalarining malakali va tajribali mutaxassislari jalb qilinmoqda. Oʻz navbatida, talabalar, professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot va stajirovka oʻtash tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Oliy oʻquv yurtlari iqtisodiyotdagi zamonaviy korxonalarning rivojlanish istiqbollaridan kelib chiqqan holda mutaxassislar tayyorlash, talabalar olayotgan nazariy bilimlarini innovatsion hamkorlik asosida xuddi oʻsha korxonalarda amaliy jihatdan mustahkamlanmoqda.

    Mamalakatimizda oliy taʼlim muassasalariga belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Fargʻona politexnika instituti jamoasi bilan joriy yilda institutni 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi hamda ushbu strategiyaning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida innovatsion faoliyatni “Tarmoq – korxona – oliygoh” tamoyili asosida yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha aniq maqsadlar belgilab olindi. Institutda ilmiy va innovatsion ekotizimni yaratish hamda bu orqali ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishga erishish asosiy vazifamizga aylangan. Tadqiqotchi va talabalarning ilmiy tadqiqot, tajriba konstruktorlik ishlanmalari natijalarini ishlab chiqarishga transferi va tijoratlashtirishga yoʻnaltirishning eng samarali mexanizmlaridan biri oliy taʼlim muassasalarida markazlar tashkil etish hamda mazkur markazlarga spin-off korxonalarini biriktirish hisoblanadi. Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda, institutda dolzarb va ustuvor yoʻnalishlardagi ilmiy tadqiqotlarga investitsiyalar kiritish orqali mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha innovatsion infrastruktura ishlab chiqildi.

    Bugungi kunda Fargʻona politexnika institutida ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan jami 19 ta markaz faoliyat boshladi. Til oʻrgatish, tayyorlov va malaka oshirish markazi, oʻquv-ishlab chiqarish kompleksi, bino va inshootlarni loyihalashtirish markazi, media-markaz, qurilish materiallari akkreditatsiya markazi, AKT inkubatsiya markazi shular jumlasidan. Yana bir eʼtiborli jihati, ushbu markazlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida xorijiy tajribani qoʻllagan holda 14 ta “Spin-off” korxonasi ochildi. Hozirda markaz va spin-off korxonalari faoliyatini takomillashtirish institutning 2030-yilgacha rivojlanish strategiyasi va mazkur strategiyaga asosan 2024-2025-yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” asosida olib borilmoqda. Shu oʻrinda ushbu markazlar faoliyatiga toʻxtalib oʻtsam. Markazlar xalqaro va milliy mehnat bozorlariga raqobatbardosh muhandis kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan boʻlib, ilmiy-tadqiqot oʻquv ishlab chiqarish kompleksi, bino va inshootlarni loyihalashtirish, qurilish materiallarini akkreditatsiyadan oʻtkazish, til oʻrgatish, tayyorlov va malaka oshirish, PR-media, axborot-texnologiyalari hamda dasturlash yoʻnalishlariga moʻljallangan. Shuningdek, Yaponiyaning Willtec kompaniyasi bilan birgalikda xalqaro miqyosda qurilish sohasida maqsadli kadrlar tayyorlash uchun “Yapon tili va yapon texnologiyalarini oʻqitish” markazi ham tashkil etilgan.

    Davlatimiz ijtimoiy–iqtisodiy farovonligi inson kapitaliga asoslanadi. Shuning uchun ham kadrlar bilan taʼminlash masalasi yonilgʻi-energetika kompleksini rivojlantirish strategiyasida muhim oʻrin tutadi. Davr taqozosiga koʻra, bu borada yangi talab va ehtiyojlar paydo boʻlmoqda. Ular asosiy fanlar, jumladan, kimyo fanini oʻrganishga asoslangan boʻlishi kerak. Shu maʼnoda, Fargʻona politexnika instituti kafedra va laboratoriyalarida ushbu jarayon muvaffaqiyatli bajarilmoqda.

    Taʼlim muassasadagi muhandislik taʼlimi modelining muhim xususiyati koʻp tarmoqlilik, turli vazifa va mulʼtitexnologiyalarga asoslanganidadir. Institutda talabalar uchun oʻzgaruvchan texnologik jarayonlarga moslashuvchan va faol munosabatda boʻlish imkonini beruvchi individual taʼlim yoʻnalishlari tizimi joriy etilmoqda. Bu borada Oliy muhandislik maktabi loyihasi amalga oshirilishi ayni muddaodir.

    Yaqinda Prezidentimiz rahbarligida muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muasassalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilishda respublikamizdagi 10 ta oliy taʼlim muasassasida oliy muhandislik maktablari ochilishi belgilandi. Xususan, ushbu 10 ta oliy taʼlim muasassasi qatorida Fargʻona politexnika instituti ham boʻlib, ayni yoʻnalishda “Sanoat muhandisligi” oliy muhandislik maktabini tashkil etish rejalashtirilgan. Oliy muhandislik maktabi ilmiy faoliyati orqali mashinasozlik, kimyo sanoati, energetika va elektrotexnika sohasi boʻyicha yuksak salohiyatli va yetuk muhandis kadrlarni tayyorlash hamda sanoat tarmoqlarini rivojiga hissa qoʻshishga qaratilgan.

    Ayni paytda institutda mashinasozlik, kimyo sanoati, energetika va elektrotexnika yoʻnalishi sohasida 2863 nafar talaba bakalavriatda hamda 57 nafar talaba magistraturada tahsil oladi. Oʻz navbatida 54 nafar tayanch doktorant va 1 nafar doktorant ilmiy tadqiqot ishlari bilan shugʻullanib kelmoqda.

    Mashinasozlik, kimyo sanoati, energetika va elektrotexnika sohalarida “h-(Xirsh)” indeksi 5 va undan yuqori boʻlgan professor-oʻqituvchilar soni 24 nafarni tashkil etadi. Oliy muhandislik maktabi laboratoriya va ishlab chiqarish bazalari zamon talablariga mos jihozlangan. Institutda ilmiy tadqiqot, oʻquv ishlab chiqarish kompleksi – Texnopark tashkil etilgan boʻlib, “Metallarni innovatsion quyish”, “Metallarga mexanik ishlov berish”, “Metrologiya va reinjiniring“, “Qurilish sinov” laboratoriyalari tashkil etilgan. Amaliyot bazasi sifatida 1100 nafardan ziyod talabalar qamrab olingan.

    Oliy muhandislik maktabida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Hudud gaz taʼminot” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, Uzavtosanoat AJ, “Quvasoysement” AJ, “Fargʻonaazot” AJ, “Kvars” AJ, “Qoʻqonmexanikazavodi” AJ kabi 20 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan. Shuningdek, institut Italiyaning Turin politexnika universiteti, Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti, Tomsk politexnika universiteti va Buyuk Pyotr nomidagi Sankt-Peterburg politexnika universiteti bilan ham hamkorlik qilib kelmoqda.

    Dastlabki bosqichda oliy muhandislik maktabida mashinasozlik, elektrotexnika, energetika va kimyo texnologiya ixtisosliklari boʻyicha maxsus magistratura dasturlari yoʻlga qoʻyiladi. Magistratura dasturlarida dastlabki yilda kadrlar buyurtmachilari talablari asosida shakllantirilgan oʻquv rejalari asosida oʻqitiladi. Oʻquv rejalarida belgilangan malaka talablari boʻyicha Prezidentimiz ham yigʻilishda alohida taʼkidlab oʻtdi. Bu borada reinjinering, koʼstinjinering va boshqa hozirgi zamon rivojlanish tendensiyalariga mos maxsus taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi. Talabalarga soha buyurtmachilari talablari asosida shakllantirilgan maxsus oʻquv dasturlari asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtirish hamda ilmiy izlanishlarga yoʻnaltirigan dasturlar boʻyicha taʼlim beriladi.

    Magistraturaning ikkinchi yilida yanggi mahsulotlar boʻyicha tajriba konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bogʻliq texnologik jarayonlar korxonalarda bevosita amaliyotda sinovdan oʻtkaziladi. Amaliyot bilan bogʻlangan ilmiy tadqiqotga yoʻnalgan maxsus taʼlim dasturlarida tahsil olgan ushbu talabalar kelajakda yurtimiz iqtisodiyotini raqobatbardoshligiga, sanoatimiz rivojiga hissa qoʻshadigan yuqori malakali kadrlar boʻlib yetishadi.

    Prezidentimiz topshirigʻiga binoan Fargʻona politexnika instituti hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti tomonidan “UzAvto” korxonasi bilan “Oliy muhandislik maktablari”ni ochish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilishiga kirishildi. Shu yilning 25-iyun kuni institutimiz vakillari “UzAvto” korxonasi mutasaddilari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda kelgusidagi hamkorlik aloqalari, oliy muhandislik maktablarini tashkil etish, innovatsion faoliyatdagi hamkorlik, dual taʼlim kabi muhim masalalar muhokama qilindi. Uchrashuvda korxona vakillari Manufacturing engineering, Manufacturing management va avtomobillar uchun Electrical engineering yoʻnalishlarida mutaxassislar zarurligini taʼkidlashdi. Shu asosda institut oʻquv dasturlarida reinjinering, kostinjinering, bench-marking, boshqaruv kabi yoʻnalishlarni shakllantirib, fan va amaliyotni oʻzaro uygʻunligini taʼminlashga kelishib olindi. Bundan tashqari, korxonaga avtomobillar elektrikasi yoʻnalishida ham mutaxasis juda zarurligi aytildi. Bu yoʻnalishda institut yetarlicha imkoniyat va tajriba mavjud boʻlib, har yili dars jarayoniga xorijdan 40 ga yaqin doimiy asosda, 160 dan ziyod modul asosida jalb qilinmoqda.

    Muloqotda “Uzavtosanoat” tarmoq korxonalarining strategik rivojlanish rejalari, muammolar bankidan kelib chiqib, ilmiy tadqiqot yoʻnalishlarini belgilash va shunga qarab ilmiy laboratoriyani shakllantirish kabi masalalar ham koʻrib chiqildi. Laboratoriyaga oliy muhandislik maktabi talabalari hamda soha boʻyicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan doktorant va tadqiqotchilarni biriktirish, “Uzavto” akademiyasi qoshida muammolarni texnologik yechimlarini oʻrganish boʻyicha ilmiy markaz tashkil qilishga kelishib olindi.

    Yigʻilishda davlatimiz rahbarining “Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur. Har bir vazir, tarmoq rahbari, rektor va professor-oʻqituvchi masʼuliyatni chuqur his qilib, qattiq ishlasa, izlansa, bunga albatta erishamiz” degan soʻzlari bizga katta kuch va motvatsiya berdi. Prezidentimiz bevosita bizning taʼlim muassasamizni bu borada tajriba sifatida eʼtirof etganligi ushbu jarayondagi ishlar koʻlamini yanada kengaytirishimiz uchun muhim omildir.

    Umuman olganda, mustaqillik ulkan imkoniyatlarni berdi. Oliy taʼlimdagi islohotlar ham buni yaqqol koʻrsatib turibdi. Bayram shukuhi kezayotgan kunlarda Prezidentimizning Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda yoshlarni ilmli, zukko va intiluvchan kasb egalari qilib tayyorlash biz taʼlim sohasi vakillarini fidoiylikka chorlaydi.

    Oʻktam SALOMOV,

    Fargʻona politexnika instituti rektori,

    texnika fanlari doktori.