Ta'qibga to'la umr iztiroblari yoxud “katta qirg'in” va ikki surgunda jabr ko'rgan ayol orzulari

    Maryam Sultonmurodova ham yurtimizga ilm-ma'rifat- yorug'lik istagan mard va jasur ayollardan biri edi.

    Maʼrifatparvar bobolarimiz mustaqillik uchun, xalqimiz emin-erkin yashashi uchun kurashganini bilamiz. Oxirgi yillarda butun jamoatchiligimiz harakati bilan ularning nomlarini tiklash, muzeylarni yangi namunalar bilan toʻldirish, ijod maktablari tashkil etish boʻyicha koʻp ishlar qilinyapti. Bularning hammasi - odamlarga tarixiy adolatni, haqiqatni yetkazish uchun, xalqimiz u kunlarni bilishi va hech qachon unutmasligi, bugungi kunlarning qadriga yetishi uchun...”

    Shavkat Mirziyoyev,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Qatagʻon qurbonlari haqida maʼlumotlarni jamlagan sahifalarni varaqlar ekansan, beixtiyor maʼrifatparvar shoir Botuning mana bu misralari yodga tushadi:

    Yirtilingiz, ey yaramas qora qalin pardalar,

    Hech yovuqsiz yulduzlarning nurli yuzi ochilsin!

    Yoʻqolingiz yorugʻlikni toʻsaturgan bulutlar,

    Yurtimizga eng yuksakdan yorugʻliklar sochilsin!

    Maryam Sultonmurodova ham yurtimizga ilm-maʼrifat- yorugʻlik istagan mard va jasur ayollardan biri edi. U 1905-yil 13-fevralda Xiva shahrida tugʻilgan. Dastlab Chandir Qiyot qishlogʻida dehqonchilik bilan shugʻullangan otasi Jumaniyoz Sultonmurodov 1916-yilgi xalq qoʻzgʻolonida ishtirok etib Xiva xonining taʼqibiga uchraydi. 1917-yilda u oilasi bilan xonlikni tark etib, 1919-yilgacha Toʻrtkoʻlda yashashga majbur boʻlgan. Inqilob natijasida Xiva xonligi hududiga qaytib kelgan Jumaniyoz Sultonmurodov bolsheviklar yordamida Harbiy tribunal rahbari, Xorazm Xalq Respublikasi Xalq komissarlari Kengashi raisi, Xorazm kompartiyasi kotibi lavozimlarida ishladi.

    Jumaniyoz Sultonmurodov taraqqiyparvar inson sifatida 1911-yil qizi Maryamni Urganchda yangi usuldagi noʻgʻoy (tatar) maktabiga bergan. Maryam u yerda besh yil oʻqigach, oilasi koʻchishi sababli Toʻrtkoʻldagi jadid maktabida taʼlimni davom ettirdi.

    Maryam Sultonmurodova Toshkentdagi maorif maktabi gimnaziyasida oʻqidi, soʻngra oliy maʼlumot olish maqsadida Orenburg tatar pedagogika institutiga oʻqishga kirdi.

    1921-yil yozgi taʼtilda Xorazmga kelgan Maryam Xorazm kompartiyasi Markaziy Kengashida avval adabiy boʻlimga, soʻng ayollar boʻlimiga rahbarlikka tayinlandi. Maryam bu vazifani bajarishga qiynaldi, chunki ogʻir tarixiy sharoit unga koʻnglidagidek ishlash imkonini bermadi. Natijada u 1922-yil Toshkentga qaytib, Oʻrta Osiyo davlat universitetining Ishchi fakultetiga hujjat topshirdi

    1922-yil oktyabrida Maryam Sultonmurodova Buxoro hukumati tomonidan Germaniyaga oʻqish uchun yuborilayotgan talabalar safiga kiritildi. Xorazm Xalq Respublikaning Moskvadagi muxtor vakilligi xodimi Karim Safoyev yordamida Maryam xorij uchun pasport olib, Leningradga yoʻl oladi.

    Leningrad portidan Xayrinisa Majidxonova va Toʻlagan Moʻminovlar guruhiga qoʻshilib, paroxodda Germaniyaning Shtetsin shahriga yetib boradilar.

    Hech qachon ochiq dengizni koʻrmagan sahro qizi paraxodga tushishi bilan u yerga yetib borguncha kasal boʻlib qoladi. Maryam Sultonmurodova avvaliga Berlin universiteti qoshidagi olti oylik tayyorlov kursida oʻqidi. Soʻng Darmshtadt shahridagi “Viktoriya” oʻqituvchilar seminariyasiga kirib ikki yil taʼlim oldi. 1926-27 yillarda esa Potsdamdagi “Fraunshul” ayollar maktabida amaliyot oʻtadi. 1927-yil yozgi taʼtil vaqtida dugonasi Xayrinisa Majidxonova bilan Fransiya poytaxti Parijga sayohat qilar ekan, ularning Parij opera teatri oshxonasida Ahmad Naim va Mustafo Choʻqaylar bilan ikki daqiqalik tasodifiy uchrashuvi keyinchalik qatagʻon etilishi uchun asosiy bahona boʻladi.

    Xorijda oʻqish esa, albatta, oson emas edi. “Turkiston” gazetasining 1924-yil sentyabr sonida eʼlon qilingan maqolasida Ertoy shunday yozgan: “...Xivalik Maryamxon moddiy tomondan yaxshi taʼmin qilinmagani uchun yoʻllarida koʻp chatoqliklar koʻradir. Chindan hayot xotini boʻlmoq va Turkistonda qolgʻon opa-singillarimizning istiqboli uchun hech kim koʻrsatmas qahramonlik qilib kelgan qimmatlik qizimizga Xorazm jumhuriyatimizning shunday sovuqqonlik bilan qarashigʻa Turkiston yoshlari taassuf etolmay turolmaydurlar”.

    Maktabdagi amaliyoti izidan Maryam Berlindagi professor Genrix Finkelshteynning olti oylik hamshiralik kursini oʻqib bitiradi va 1928-yil SSSRga qaytadi.

    Maryam Sultonmurodova Oʻzbekistonga kelishi bilan soʻroq va taʼqiblar boshlanib ketadi. Avvaliga hech kim bu qizga ish bermadi. Faqat 1929-yil fevralida Germaniyada taʼlim olgan Badri Sayfulmulk yordamida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash komissarligiga qarashli bolalik va onalikni asrash institutiga hamshira boʻlib ishga kirishga muvaffaq boʻldi.

    Maryam 1929-yil oxirida Asqar Axmadbekov bilan oila qurib, toʻrt yil Kattaqoʻrgʻonda yashadi. Eri qamoqqa olingach, 1933-yil Toshkentga qaytib, Oʻrta Osiyo davlat universitetida, “Guliston” va “Yorqin turmush” jurnallarida ishladi.

    Maryam oʻzbek matbuotida oʻzining olmon adabiyotidan qilgan tarjimalari va ayollarning oʻtkir ijtimoiy muammolarga bagʻishlangan maqolalari bilan elga tanila boshladi. Yosh jurnalist Davron Madaminga turmushga chiqib, baxtli hayot ostonasida turgan paytida haqiqiy ayanchli kunlar yetib keldi.

    1937-yil sentyabrida Maryam Sultonmurodova olti yil Germaniyada oʻqigan, “Turkiston” josuslik tashkiloti aʼzosi deb, OʻzSSR Jinoyat Kodeksining 60 (aksilinqilobiy tashviqot), 67- (aksilinqilobiy tashkilotga aʼzolik) moddalari bilan ayblanib qamoqqa olindi. Tintuv jarayonida uning pasporti, diplomlari, mehnat daftarchasi, xatlari, kitoblari, 35 ta shaxsiy suratlari xatlanib tortib olindi.

    Ortidan onasi Durdijon aya, murgʻak oʻgʻli Poʻlatjonlar zor yigʻlab qoldilar. Maryam olti oylik norasida qizi Anora bilan qamoqxona azoblariga giriftor etiladi.

    Maryam Sultonmurodova 1938-yil 4-oktyabrda soʻnggi bor soʻroqda ham “Germaniyada ”Ozod Turkiston“ degan tashkilot hech qachon boʻlmagan va bu haqida men vatanga qaytib eshitdim. Boshqa hech narsa qoʻshimcha qila olmayman. Mening hech qanday aybim yoʻq”, deydi.

    Uzoq vaqt davom etgan azobli tergov davomida unga qoʻyilgan birorta ayb oʻz isbotini topmadi. Biroq Maryam vatanga hiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj, qurolli qoʻzgʻolonga harakat, Sovet davlatiga qarshi terakt, aksilinqilobiy tashkilotga aʼzolik kabi oʻta xavfli ayblovlarga loyiq deb topildi.

    Shu oy oʻtkazilgan “Uchlik” sudi atigi 20 daqiqa davom etadi. Maryam Sultonmurodova 10 yillik qamoq jazosiga hukm etiladi. U jazoni dastlab Toshkent, soʻng Qozon va Suzdal turmalarida oʻtadi. Keyin uzoq Kolima oblastiga yuborilib, Magadandagi “Dalstroy” qurilishida 1947-yil 13-sentyabrgacha azob-uqubat chekadi.

    Farzandlari va qardoshlari sogʻinchi unga oʻlimni yoʻlatmadi. Jazo muddati tugagach vatanga qaytib, Urganch tumanidagi Yangibozor fuqarolar yigʻinida hamshira boʻlib ish boshladi. Biroq uning xursandchiligi yana uzoqqa bormadi. U 1949-yil 30-martda qayta qamoqqa olindi va bu gal ham eski “jinoyatlari” uchun OʻzSSR JKning 57-moddasi 1- qismi (Vatanga hiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj), 67- (aksilinqilobiy tashkilotga aʼzolik) moddalari qoʻllanib, u uzoq Krasnoyarsk Oʻlkasiga surgun qilindi.

    1954-yil 1-sentyabrda uyiga yozgan xatini u shunday yakunlaydi:

    “Azizlarim! Bizlar bugun surgundan boʻshadik. Uy va mollarni oʻz bahosiga sota bilsak, oktyabr oyoqlarina ketamiz. Sota bilmasak, bu yerda qishlaymiz. Sogʻ boʻling. Sogʻliqda koʻrishaylik. Xat yozinglar, hammangizga salom bilan Maryam.”

    Maryam Sultonmurodovaning 1956-yil 10-may kuni yozgan arizasi asosida uning ishi qayta koʻrib chiqishga topshirildi. 1956-yil sentyabrida oʻtkazilgan soʻroq davomida u boshidan kechirgan barcha koʻrgiliklarni birma-bir hikoya qiladi. Jumladan: “... 1949-54 yillar Krasnoyarsk oʻlkasida surgunda boʻlib qaytdim, hozirda Qaraman qishlogʻida hamshira boʻlib ishlayman. Berlinda ”Turkiston talabalar uyushmasi“ degan tashkilot boʻlgan. Ammo uning tadbirlarida faqat ilmiy munozaralar boʻlar, talabalarning taʼlim jarayonidagi muammolari va iqtisodiy masalalarini muhokama qilar edik...”.

    Tashkilot rahbarlaridan Toʻlagan Moʻminov juda bilimdon, Sulton Matqul nihoyat bosiq va mulohazali, Temur Kazbekov shoʻx va hazilkash, Sattor Jabbor esa yetuk olim va adabiyotga oshno inson sifatida umrbod xotirasida qolganini eslaydi.

    Ikki surgundan omon qolgan ziyoli Maryam Sultonmurodova 1957-yil 2-avgustda SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlandi.

    Biroq u toʻliq oqlanganidan keyin ham roʻshnolik koʻrmadi. Taʼqib toʻxtamadi. Sevgan sohasi boʻlmish jurnalistika bilan shugʻullanish u yoqda tursin, uning gazeta yo jurnal oʻqishiga ham toʻsqinlik koʻrsatildi. Maryam qorongʻu kechalarda oʻzining erksiz, baxtsiz hayotini quyidagicha qogʻozga tushirgan: “... 1957-yil meni oqlashgan. Mendan baxtli odam yoʻq edi. Axiyri orzuyim ushaldi! O, mening xursand boʻlganlarim... Hayotimda katta bir oʻzgarish kuta boshladim va axiyri toʻla huquqli sovet grajdani boʻlaman deb oʻyladim! Lekin afsus, koʻp oʻtmay ixlosim qaytdi. Men hamon nazorat ostida ekanligimni, sharmisorlik tamgʻasining yuki hamon bosib yotganini angladim... Oʻzligingni pastga urishlarini his etishdan ortiq alam yoʻq olamda. O, bu qanchalar ogʻir! Agarda menga yuqoridan, masxaromuz qarayotgan mana shu kimsalar mendan yaxshiroq va mendan pokroq boʻlishganida-ku, balki bu holga chidardim. Lekin aslo unday emas edi. Aksincha, ularning biri chayqovchilik, ichkilikbozlik, buzuqlik qilardi. Ikkinchisi, birovning erini tortib olgan, farzandini otasiz qoldirgan edi... Hech boʻlmasa mana shu kimsalar meni tinch qoʻyishsa edi, koʻnglimga gʻulgʻu solishmasa edi...”.

    Bu haqsizliklar ham Maryamning irodasini sindira olmadi. U oʻzini bir lahza boʻlsin aybdor deb bilmadi. Haqiqatga ishondi, insoniyligini yoʻqotmadi. Bu bilan shoʻrolar tuzumining sharmandali tarixida inson matonati timsoli sifatida qoldi. Maryam Sultonmurodovaning taʼqiblar va tazyiqlarga toʻla umri 1971-yilda nihoyasiga yetdi. Undan “Rahmat desinlar”, “Majnuntol”, “Qalbim nidosi”, “Mehr koʻzda”, “Karvonlar kelganda”, “Kutilmagan baxt”, “Betamiz yigit” nomli hikoyalar qolgan. Yurtimiz ozodligi yoʻlida jon bergan bu mard va jasur ayolning faoliyati hamda ijodidan boxabarlik bizni ayni yorugʻ kunlarimizni qadrlashga oʻrgatadi.

    Bahrom IRZAYEV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

    Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi