Bu jihatlar, ayniqsa, bugungi kunimizda gʻoyat muhim va hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Chunki davlatlararo va mintaqalararo manfaatlar toʻqnashuvi avj olgan, insoniyatning barqaror taraqqiyotiga tahdid kuchaygan bir sharoitda har qanday davlat zamon talablari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda strategik maqsadga ega boʻlmogʻi lozim. Bu borada Yangi Oʻzbekiston ham ichki, ham tashqi siyosatda ilmiy va amaliy jihatdan asoslangan oʻz taraqqiyot strategiyasiga egaligi bilan alohida ajralib turadi.
Strategik rivojlanish qanchalik muhimligini bugun barchamiz yaxshi anglab yetdik. Negaki, oʻtgan besh yillik tajribasi buni yaqqol namoyon etdi. Uzoqni koʻzlab amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarni har birimiz oʻz hayotimizda seza boshladik.
Bu yoʻlda erishgan haqiqatlarimiz ham koʻp boʻldi. Birinchi haqiqat shuki, davlat xalq manfaatlari uchun xizmat qila boshladi. Shu tariqa uzoq yillar bir tomon manfaati koʻzlab kelingan tamoyillar oʻzgarib ketdi.
Yangi Oʻzbekiston islohotlari odamlar hayotini farovonlashtirish uchun yoʻnaltirildi. Bu ikkinchi haqiqatni — fuqarolar oʻz fikrini, orzu-umidlari, maqsad va rejalarini ochiq aytish imkonini roʻyobga chiqardi. Pirovardida, erkin rivojlanish hodisasi sodir boʻldi. Erkin rivojlanish, deganda biz konstitutsiyaviy huquqlarimizdan toʻliq foydalanayotganimiz, qonunchilik siyosatida fuqarolar ishtiroki taʼminlanayotgani, davlat boshqaruvida ochiq-oydinlik yoʻli tanlangani, har bir islohot avvalida oddiy odamlar fikri eshitilayotgani va ular inobatga olinayotganini tushunamiz, albatta.
Uchinchi haqiqat maʼnaviy yuksalish yoʻli tanlanganida aks etdi. Zero, maʼnaviy yuksaklik sari intilgan xalq irodasini hech bir kuch sindira olmasligi tarixiy isbotini topgan haqiqatdir. Shu maʼnoda, yurtimizda yangi maʼnaviy muhit paydo boʻldiki, u biz koʻzlagan maqsadu muddaolarga erishishning ishonchli yoʻli sifatida boʻy koʻrsatmoqda.
Xullas, keyingi yillarda topgan va erishgan haqiqatlarimiz haqida yana koʻp gapirish mumkin. Shu kabi oʻnlab haqiqatlar silsilasida jamlangan yagona maqsad bor: u haqda bugun alohida fikr yuritishni joiz bildik.
Agar eʼtibor bersak, rivojlanish yoʻliga chiqib olgan, taraqqiyotga juda katta ehtiyoj sezayotgan, maqsadi odamlar dunyoqarashi va ongida tub burilish yasash boʻlgan Oʻzbekistonday mamlakatda taraqqiyot strategiyasi zaruratga aylandi.
Gap shu haqda borar ekan, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Yangi Oʻzbekiston orzusi amaliyotga, real voqelikka aylanayotganiga qayta va qayta ishonch hosil qilamiz. Darvoqe, oramizda hali ishonch haqiqati ham bor. Ishonch, bu — moʻjiza. Shu oʻrinda Singapurni “uchinchi dunyo”dan “birinchi dunyo”ga olib chiqqan XX asr ikkinchi yarmining buyuk siyosiy arbobi Li Kuan Yuning bir gapi yodga tushadi. “Agar Singapur erishgan muvaffaqiyatni bir soʻz bilan taʼriflashim lozim boʻlganda, bu soʻzni “Ishonch” degan boʻlardim”, deydi u. Bu haqiqat bizni xalqimiz orzu qilgan yangi jamiyatni barpo etish sari ilhomlantirib turadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy yetakchi sifatidagi noyob fazilati ana shu yerda koʻzga yaqqol tashlanadi. Unda oʻta qatʼiyatlilik, talabchanlik, har bir soha va yoʻnalishni butun koʻlamidan tortib ikirchikirigacha chuqur oʻrganib, ularni rivojlantirish orqali yalpi jamiyat taraqqiyotini taʼminlash maqsadi ustuvorlik qiladi. U bevosita aholining kundalik turmushi, ehtiyojlari, tashvish va iztiroblaridan kelib chiqib, ularning hayot farovonligini taʼminlashni nazarda tutib, yalpi Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqdi.
Darhaqiqat, siyosatda qatʼiy intizom, yuksak talabchanlik, boshlagan ishni oxirigacha yetkazish muhim fazilat hisoblanadi. Har bir vazifa, lavozim egasi oʻz majburiyatini toʻlaqonli, yuksak talablar darajasida bajarsa, umumiy taraqqiyot toʻla taʼminlanadi. Qayerda boshboshdoqlik, xoʻjakoʻrsinlik, vaʼdabozlik boʻlsa, boshqaruvga yolgʻon aralashsa, oʻsha yerda parokandalik yuzaga keladi, rivojlanish toʻxtaydi, odamlarda ishonch kamayadi.
Davlatimiz rahbari ana shu masalaga alohida eʼtibor beradi, joylarda yuradi. Viloyat va tumanlarda, shahar va qishloqlarda oddiy odamlar yashaydigan xonadonlarga kirib boradi. Bunday tasodifiy tashrif Prezident uchun zaruriy ehtiyoj. Uning ish uslubi, muammolarning yechimini topish usuli, xalq qalbiga va ruhiyatiga yaqinlashish istagi zamonaviy davlat rahbarining yuksak fazilatiga aylanadi.
Aytish mumkinki, Amir Temur saltanati jahon davlatchiligining ramziga aylangan edi. Bunday yuksak boshqaruv mexanizmi, shakllangan va samarali davlat tizimini hozirgacha dunyo koʻrgani yoʻq. Buni mashhur arab olimi Ibn Xaldun ham alohida taʼkidlagan. Amir Temur oʻzining tuzuklarida “Saltanatning bir foizini qilich bilan, toʻqson toʻqqiz foizini mashvarat bilan boshqardim”, degan.
Hozirgi zamon sivilizatsiyasi va jahon davlatchilik tajribasi nuqtayi nazaridan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi haqida gap borganida, Sohibqironning yuqoridagi donishmandona gaplari beixtiyor esga tushadi. Ayni oʻshanday boshqaruv shakli Yangi Oʻzbekistonda joriy etilayotganiga guvoh boʻlamiz.
Masalan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning har yili Oʻzbekiston parlamentiga Murojaatnomasi va tez-tez yigʻilishlar oʻtkazayotgani temurona mashvaratning zamonaviy shakli. Prezidentning jiddiy qarorlarga kelishi, zamon talablariga dosh berolmayotgan rahbar kadrlarni almashtirib turishi, yosh, kuchli, iqtidorli, zamonaviy bilimlarga ega boʻlgan kadrlarga ishonch bilan qarashi temurona bir qatʼiyat va talabchanlikning oʻzginasi, deyishimiz mumkin.
Aytish mumkinki, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi mamlakatimiz va xalqimiz tarixining oʻziga xos yangi davrini boshlab beradi. Taraqqiyot butun mohiyati bilan yalpi jamiyat rivojlanishining, fuqarolar ongi va tafakkuri tubdan oʻzgarishi, millat intellektual salohiyati real voqelikka aylanishi singari qadriyatlar jamuljami hisoblanadi.
Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi haqida gap borar ekan, eng avvalo, ana shu tarixiy va ijtimoiy hodisaga aylanayotgan strategik maqsadning asoslari, ildizlari, uning mohiyati va koʻlami xususida fikr yuritishga toʻgʻri keladi. Zotan, millat va davlat taqdirini, uning buyuk yaratuvchilik qudratini oʻzida ifoda etgan, gʻoyat mahobatli strategik maqsad tasodifan dunyoga kelgan emas. Jumladan, bir necha sivilizatsiyaviy hodisalarga guvoh boʻlgan, insoniyat hayotiga madaniyat olib kirgan, jahon taraqqiyotiga misli koʻrilmagan hissa qoʻshgan oʻzbek xalqining tarixiy taraqqiyot bosqichlari, uning dinamikasi, evolyutsiyasi muhim asos boʻlib xizmat qiladi.
Davlatchilik tarixi jahon davlatchiligi ibtidosi bilan tengdosh boʻlgan Turonzamin xalqlari oʻzining buyuk yaratuvchilik, bunyodkorlik imkoniyati, aqliy salohiyati, tafakkur kengliklari bilan zamonaviy sivilizatsiya sharoitida ham oʻzining yuksak maʼnaviy-axloqiy, maʼrifiy-madaniy imkoniyatlarini namoyon qilmoqda. Bu — birinchidan.
Ikkinchidan, Yangi Oʻzbekiston davri oʻzining butun koʻlami, mazmuni va mohiyati bilan butunlay yangi tipdagi hayot, nazariy-fundamental va amaliy jihatdan yangilangan davlatchilik asoslarining yuzaga kelishi, boshqaruv tizimida ochiqlik muhiti paydo boʻlishi va uning real voqelikka aylanishi bilan bogʻliq.
Uchinchidan, butunlay yangi tafakkurdagi insonning shakllanishi, hayotga munosabatlarning jiddiy ravishda oʻzgarishi, erkin va ozod fuqarolik jamiyatini barpo etish maqsadi bilan bogʻliq.
Darhaqiqat, Yangi Oʻzbekistonda ochiq jamiyat qurish va davlat boshqaruvini erkinlashtirish borasida butunlay yangicha tamoyil — xalqchillik va oshkoralik asosidagi davlat boshqaruvi tamoyili joriy etildi. Prezident bilan fuqaro, davlat bilan jamiyat oʻrtasidagi “xitoy devori” olib tashlandi. Odamlar toʻgʻridan-toʻgʻri davlat idoralari va rahbarlari bilan muloqot qilish, oʻz fikr va mulohazalarini toʻgʻridan-toʻgʻri bildirish imkoniyatiga ega boʻldi. Natijada yurtdoshlarimiz kayfiyati oʻzgardi, tafakkuri yangilandi, maqsadlar va intilishlari real asoslarga ega boʻldi. Muammolarni hal etishda umumiy safarbarlik, yalpi hamjihatlik, oʻzaro bir-birini tushunish va hurmat qilish kabi sof insoniy fazilatlar chuqurlashdi. Faqat shugina emas, ushbu fazilatlar milliy qadriyatga aylandi. Jamiyatda yalpi barqarorlik, fikriy va hissiy hamjihatlik, oʻzaro bir-birini tushunish va hurmat qilish tamoyili qaror topdi.
Bir qarashda biz hammamiz ham oldingi, fuqarolik pasporti maʼlumotlariga qaraganda oʻsha-oʻsha odamlarmiz.
Lekin aqliy salohiyat, intellektual imkoniyat, ongimiz va tafakkurimizdagi oʻzgarishlar, orzular va maqsadlarimizdagi ezgulik tuygʻulari har birimizning butunlay yangi tipdagi fuqaroga aylanganimizdan dalolat beradi. Bu davlatimizning eng katta yutugʻi, deyishimiz mumkin.
Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish gʻoyasi ustuvorlik qiladi. Ulugʻ bobokalonimiz Abu Nasr Forobiy “Insonning mohiyati aqlda, aqlning mohiyati xatti-harakatda bilinadi”, degan edi.
Darhaqiqat, insonning qadru qimmatini, insoniylik darajasini belgilaydigan yagona va birdan-bir oʻlchov aqldir. Aqlning esa rangi, hajmi, ogʻirligi, kengligi yo torligi yoʻq. Uni oʻlchaydigan mezon insonning xattiharakatida. Bizning har birimiz oʻz feʼl-atvorimiz doirasida, atrofdagilarga munosabatimiz, xatti-harakatlarimiz, maqsad-intilishlarimiz orqali aqlimizning qay darajadaligini namoyon etamiz.
Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida inson qadrini yuksaltirish orqali erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, xalqparvar davlat barpo etish gʻoyasi ilgari surilar ekan, eng avvalo, inson oʻzini oʻzi qadriyatga aylantirish orqali yalpi jamiyat qadriyatiy jihatlarini takomillashtirishni taqozo etadi.
Davlatning yagona va birdan-bir manbai xalq. Yakka tartibdagi har bir insonning oʻzini oʻzi qadriyat darajasiga olib chiqishi, aqliy salohiyatini rivojlantirishi, oʻzini oʻzi anglashi, boshqarishi, ezguliklar sari yoʻnaltirishi, illatlarini kamaytirib, fazilatlarini koʻpaytirishga intilishi orqali qudratli davlatni barpo etish imkoniyati tugʻiladi. Bu esa yalpi jamiyatda barchaning umummilliy hamjihatlik, umummilliy safarbarlik fazilatlariga tayanadi.
Taraqqiyot strategiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va muhim shartiga aylantirishni zarurat deb biladi. Maʼlumki, insoniyat tarixida odamlar hamisha adolatga ehtiyoj sezgan, unga intilib yashagan. Biroq adolatsizlik hamisha mavjud boʻlgan, chunki adolat tamoyillarini buzadigan, natijada inson haqhuquqlarining poymol boʻlishiga olib keladigan illatlarni ham insonning oʻzi yaratadi.
Inson mavjudot sifatida hamisha oʻziga oʻzi muammo yaratib, shu muammolar girdobida yashaydigan jonzot hisoblanadi. Ana shunday sharoitda jamiyatda adolat ustuvorligini taʼminlaydigan yagona mezon qonunchilik hisoblanadi. Qonunlari mukammal boʻlgan va ushbu qonunlar toʻla quvvat bilan ishlaydigan jamiyatda tabiiy ravishda adolat oʻrnatiladi.
Davlatimiz rahbari bu masalada bot-bot gapiradi. Inson haq-huquqlarini toʻla kafolatlash, qonunchilikni butun choralar bilan mustahkamlash, qonun ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, mustaqil va odil sud tizimini vujudga keltirish masalalarini dolzarb qilib koʻtarmoqda.
Inson huquqlari va ijtimoiy adolat haqida gap borar ekan, Amir Temurga yana bir bor murojaat qilishimizga toʻgʻri kelmoqda. “Mamlakatimning bu burchagidan narigi burchagigacha bir oʻspirin bola bir lagan tillani boshiga qoʻyib piyoda oʻtib ketsa birov qoʻl choʻzmaydigan saltanat qurdim”, deydi bobomiz. Mana sizga inson huquqlari toʻla kafolatlangan, ijtimoiy adolat hukmron boʻlgan, qonun ustuvorligi aniq koʻzga tashlanadigan jamiyat. U paytda qonunchilik, parlament degan tushunchalar yoʻq edi. Lekin inson huquqlari va ijtimoiy adolat taʼminlangan.
Prezidentimiz xuddi ana shunday qudratli davlat, kuchli ijtimoiy adolat qaror topgan jamiyat qurmoqchi.
Davlatimiz rahbarining boshqaruv tamoyilida adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish muhim oʻrin tutadi. Aytish mumkinki, hozirgi jahon sivilizatsiyaviy sharoitida davlatlarning qudrati kuchli ijtimoiy siyosati bilan ham oʻlchanadi.
Fuqarolarning farovon turmush tarzini tashkil etish davlat ijtimoiy siyosatining muhim yoʻnalishi hisoblanadi. Sogʻliqni saqlash tizimini butun choralar bilan rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini yanada chuqurlashtirish, jismoniy tarbiya va sportni har bir oilada qaror toptirish jamiyat ijtimoiy kayfiyatini belgilaydigan muhim omil hisoblanadi. Har bir mahalla oʻz hududida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish orqali yalpi jamiyat maʼnaviyruhiy koʻtarinkiligini taʼminlaydigan muhim omil hisoblanadi. Aholi turar joylarida jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishni tashkil etish anʼanaga aylanib qoldi. Bir qarashda oddiy koʻrinadigan ushbu hodisa butun mohiyati bilan yangi tipdagi insonni vujudga keltirish kabi gʻoyat zalvarli maʼnaviy-ruhiy hodisa ekanligini anglash qiyin emas.
Uzluksiz taʼlimning barcha boʻgʻinlarini tubdan isloh qilish jarayoni davom etmoqda. Yangi Oʻzbekistonning butunlay yangi mazmundagi fuqarolarini shakllantirish bevosita maktabgacha taʼlim muassasalaridan boshlanadi. Murgʻakkina farzandlarimizning maʼnaviy-ruhiy va jismoniy sogʻlom oʻsishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Maktabgacha yoshdagi bolalarimizning 60 foizdan koʻprogʻi bolalar bogʻchalariga jalb etilmoqda. Bu keyingi besh yilda shu sohada amalga oshirilgan eng katta yutuqlarimizdan hisoblanadi.
Umumtaʼlim maktablarida ishlayotgan oʻqituvchilarning moddiy va maʼnaviy manfaatdorligi keskin oshirildi. Oʻqituvchining obroʻsini, shaʼnini oshirishda davlatning oʻzi rahnamolik qilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchi, murabbiy, muallim soʻzlarining naqadar ulugʻvorligini, moʻtabarligini, jamiki taraqqiyotimizning asosida oʻqituvchi turishini alohida taʼkidlamoqda.
Milliy fanimiz taraqqiyoti, albatta, yalpi rivojlanishning muhim omili hisoblanadi. Bu borada oliy taʼlim sifati va samaradorligini yuksaltirish, ilmiy-tadqiqot institutlarida fundamental kashfiyotlarni, ilmiy yangiliklarni amalga oshirish va hayotga joriy etish imkoniyatlari kengaymoqda.
Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida alohida oʻrin tutadi. Darhaqiqat, maʼnaviyat har qanday taraqqiyotning sarchashmasi. Maʼnaviyat — olam va odam xaloskori. Maʼnaviy qashshoqlik, axloqsizlik kuchaygan paytda inson oʻz mohiyatini yoʻqotadi. Odam shaklidagi boshqa jonzotga aylanadi. Uning yagona va birdan-bir qadriyati maʼnaviyatda namoyon boʻladi.
Insoniyatning hozirgi taraqqiyot bosqichida, axloqsizlik xuruj qilayotgan bir paytda Oʻzbekiston va uning xalqini buyuk maqsadlarga, porloq kelajakka daʼvat etayotgan qudratli kuch maʼnaviyat boʻlib qoldi.
Davlat esa Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida maʼnaviy yangilanishlarga homiylik qilmoqda. Barkamol inson tarbiyasi, Oʻzbekistonning yangi, kuchli, qudratli yangi fuqarosini vujudga keltirish chora-tadbirlari koʻrilmoqda. Yalpi maʼrifatli jamiyat qurish gʻoyasi ilgari surilmoqda.
Bu, bir tomondan, milliy xavfsizligimiz asosi boʻlsa, ikkinchi tomondan, taraqqiyotimiz poydevoridir.
Qolaversa, koʻp millatli xalqimizni oʻzaro bagʻrikenglik, hamjihatlik muhitida bir maqsad sari intilish yoʻlida maʼnaviy-ruhiy oziqlantirib turadigan hayotbaxsh gʻoyadir.
Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi har bir fuqaro taqdiri, buguniyu istiqboli bilan bogʻliq boʻlgan, davlat ichki va tashqi siyosatining qudrati hamda samaradorligini taʼminlaydigan siyosiy voqelikka aylandi.
Uni butun jamiyat va, hatto, jahon hamjamiyati ham toʻla eʼtirof etmoqda.
Oqil SALIMOV, akademik