Taraqqiyot yoʻllarini belgilovchi muhim omil

    Fikr 10 Mart 2021 5128

    Prezidentimizning 2019-yil 22-fevraldagi “Sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingandan buyon “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi nafaqat ilmiy, balki amaliy tadqiqotlar markazi sifatida ham rivojlanmoqda.

    Bugungi kunda markaz vazirliklar, idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlarning talabiga oʻz vaqtida munosabat bildiradi. Ijtimoiy soʻrovlar ahamiyati esa taraqqiyot tendensiyalari, ilmiy asoslangan prognozlar ishlab chiqilishi va sohalarni rivojlantirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar bilan tavsiflanadi.

    Soʻnggi yillarda hokimiyat hamda boshqaruv organlari jamoatchilik fikrini oʻrganish imkoniyatlaridan barcha sohalarda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan siyosat olib borish uchun keng foydalanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, ijtimoiy jarayonlarni determinatsiyalash, shaharlar va qishloqlardagi hayotni oʻrganish dolzarb vazifalardan biridir.

    Bugun Oʻzbekistonning etnik, diniy, maʼrifiy, gender, yosh va boshqa koʻplab omillarni oʻz ichiga olgan ijtimoiy tarkibida dinamik oʻzgarishlar yuz bermoqda. Shu maʼnoda, sifatli sotsiologik axborotga ehtiyojning ortib borayotganini hisobga olgan holda, jamoatchilik fikrining tegishli monitoring tadqiqotlarini oʻtkazish zarurati dolzarb hisoblanadi.

    “Ijtimoiy fikr” markazining asosiy tadqiqotlaridan biri — Oʻzbekistonda fuqarolar qadriyatlarini oʻrganish, barcha sohalar erkinlashtirilishi taʼsirida aholining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, axloqiy, huquqiy ongida sodir boʻlayotgan asosiy oʻzgarishlarni aniqlashga qaratilgan “Oʻzbekiston fuqarolarining qadriyat mezonlari va tamoyillari” monitoringi.

    Oʻzbekiston fuqarosi shaxsi maʼnaviy-axloqiy rivojlanishi mamlakatni modernizatsiya qilishning asosiy omillaridan biri sanaladi. Jamiyat rivojlanishi surʼatlari va xususiyati bevosita insonlarning fuqarolik pozitsiyasiga, motivatsiyasi, ehtiyoji, hayotiy ustuvorliklari, eʼtiqodi, maʼnaviy qadriyatlariga bogʻliq.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida maʼnaviy qadriyatlarni tiklash, axloqiy ideallarni shakllantirish, millatning, ayniqsa, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirishni ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi. Yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi boʻlgan insonlar etib voyaga yetkazamiz, dedi. Yosh avlodning jismoniy, maʼnaviy sogʻlom, vatanparvar boʻlib ulgʻayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etish zarurligini alohida taʼkidladi.

    Aslida turli ijtimoiy guruhlardagi qadriyatlarni oʻrganish masalasi jamiyatdagi tub oʻzgarishlar tufayli yuzaga keladi. Davlat va jamiyatdagi oʻzgarishlar munosabati bilan ayrim qadriyatlar oʻz xususiyatini yoʻqotadi, ularga ehtiyoj qolmaydi, boshqalari esa fuqarolarning koʻpchiligi uchun qadriyatga aylanadi, shuningdek, yangilari ham paydo boʻladi. Soʻnggi yillarda muvaffaqiyat, mansab gʻoyalari va xususiy tijoratni rivojlantirish muhim sanala boshladi. Umuman olganda, oila, ish, farzand tarbiyasi kabi barqaror qadriyatlar oʻzining maʼnosini, jamiyatda qabul qilinish jihatlarini oʻzgartirmoqda. Agar bundan bir necha oʻn yillar oldin biror mashgʻulot koʻpchilik uchun qiziqarli boʻlgan boʻlsa, hozirgi vaqtda munosib yashash, mamlakat rivoji yoʻlida fidoyilik koʻrsatib, yutuqlarga erishish imkoniyati uchun motivatsiya kuchayishi yuz bermoqda.

    Oʻtkazilgan tadqiqotlar tasdiqlab turibdiki, jamoatchilik soʻnggi yillarda mamlakatimiz fuqarolari ongida katta oʻzgarishlar yuz berdi, degan fikrda. Soʻrov ishtirokchilarining 86,6 foizi fikricha, Oʻzbekistonda roʻy berayotgan ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlar fuqarolar, ayniqsa, yoshlar qadriyatlari tizimiga taʼsir koʻrsatmoqda.

    Soʻrovlar 2020-yilda 2017-yilga qaraganda, oʻzbekistonliklarning ustuvor qadriyatlari va hayotiy qarashlari tizimida sezilarli oʻzgarishlar boʻlganini qayd etgan fuqarolar soni 8,2 foiz oshganini aniqlab berdi (mos ravishda 78,4 foiz va 86,6 foiz). Maʼnaviy-axloqiy xususiyatlar va eʼtiqodlar yurtdoshlarimizning asosiy qadriyatlari sifatida qolayotgani oydinlashdi.

    Aksariyat fuqarolar fikricha, hamyurtlarimiz uchun oila, qarindosh va doʻstlarga gʻamxoʻrlik qilish, keksalarga yordam berish, yosh avlodni qoʻllab-quvvatlash, ishonch, mehr-oqibat, sadoqat, oʻzaro tushunish, yaqinlariga hurmat kabilar asosiy qadriyatlar sanaladi. Koʻpchilik insoniylik, ezgulik, rahmdillik, oʻzgalar uchun quvonish va hamdard boʻlish Oʻzbekiston xalqi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarining asosi ekanini qayd etdi. Bu jihatlar, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi hamda Buxoro va Sirdaryo viloyatlaridagi favqulodda vaziyatlar vaqtida barcha fuqarolar insoniy fazilatlarini namoyon etib, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari, yolgʻiz keksalar, koʻp bolali oilalar, tabiiy ofatdan jabr koʻrganlarga moddiy-maʼnaviy koʻmak koʻrsatganida yaqqol koʻrindi.

    Fuqarolar fikricha, oʻzbekistonliklarda boshqa millat va elat vakillari bilan tinch-totuv yashash tajribasi shakllangan. Sabr-toqat va bagʻrikenglik, totuvlik madaniyati, muloqot olib borish qobiliyati yurtdoshlarimizga xos fazilatdir.

    Jamoatchilik Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyev rahbarligida boy tariximizni oʻrganish, donishmand ajdodlarimiz ilmiy-maʼnaviy merosiga hurmat bilan yondashish, ularga munosib avlodlarni tarbiyalash yoʻlidagi saʼy-harakatlar keng aholi qatlami ongida yangilanishlarga turtki bermoqda, deb ­hisoblaydi. Soʻrov ishtirokchilari davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi sharafiga, ota-bobolarimizning Ikkinchi jahon urushi yillarida jang maydonlaridagi jangovar qahramonligi va frontorti mehnatkashlarining mehnat jasoratiga bagʻishlangan “Matonatga qasida” yodgorlik majmuasi va Gʻalaba bogʻi yaratilganini mamnuniyat bilan taʼkidladi. Respondentlarning fikricha, majmuaning qurilishi Oʻzbekiston xalqi uchun, ayniqsa, yosh avlodni oʻz vatani va xalqiga muhabbat, sadoqat ruhida tarbiyalash, xalqimiz tarixining qahramonona sahifalari, mamlakatimizning fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasi haqidagi xotirani saqlashda ulkan ahamiyatga ega.

    Soʻrov ishtirokchilariga mamlakatimiz fuqarolariga xos ijobiy va salbiy xususiyatlarni aytish taklif qilindi. Koʻpchilik fikriga koʻra, saxovatpeshalik va rahmdillik hamyurtlarimizning eng yaxshi xislatlaridan biri. Farzandlar bolaligidan kattalarga yordam berish, kichiklarni himoya qilish, gʻamxoʻrlik koʻrsatish, eʼtiborli, mehribon, xayrixoh va samimiy boʻlish ruhida tarbiyalanadi.

    Soʻrov davomida zamonaviy yoshlarning ijobiy xususiyatlari aniqlandi. Respondentlarning fikricha, yoshlarga bilim egallash, turli sohalarga doir yangi axborotlarni olish, aniq maqsadga erishishga intilish va kattalarga hurmat bilan munosabatda boʻlish kabi xislatlar xos. Aniqlanishicha, bozor iqtisodiyoti qadriyatlari jozibali kuchga ega boʻlib, yoshlar orasida qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ularda tashabbuskorlik, omilkorlik, muvaffaqiyatga erishish va karyera qilish kabi qarashlar shakllanmoqda.

    Fuqarolarning fikri, xatti-harakatida yuz berayotgan tub oʻzgarishlarni anglash hayotning barcha jabhalarini demokratlashtirish va liberallashtirish boʻyicha ijtimoiy jarayonlarni boshqarish samaradorligini oshirish hamda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishda foydalanish imkonini beradi.

    Kelgusida ijtimoiy rivojlanishning istiqbolli, muayyan jamoatchilik fikri soʻrovlarining natijalariga asoslangan prognozlarini ishlab chiqish zarur. Shu bois, ijtimoiy tizimlardagi munosabatlar va bogʻliqliklarni ochib berishga imkon beruvchi ijtimoiy modellashtirish usullaridan keng foydalanish dolzarb ahamiyatga ega. Oldinda Oʻzbekistonning yangi ijtimoiy muhiti — demokratik, huquqiy va fuqarolik jamiyatini qurishda jamoatchilik fikri soʻrovlarining ahamiyatini ochib berish vazifasi turibdi.

    Zero, hayotiy muammolarga yechim topishda jamoatchilik fikri monitoringi juda muhim. Ijtimoiy soʻrov natijalari fuqarolarning mamlakatda yuz berayotgan oʻzgarishlarga boʻlgan munosabatini aniqlash, ijtimoiy hodisalar va jarayonlarning holati, dinamikasini obyektiv baholash, qabul qilinayotgan qarorlar oqibatlarini prognoz qilish uchun ahamiyatli vositaga aylanishi kerak. Buning uchun tahliliy, kundalik hayotni hisobga oluvchi tadqiqotlar zarur.

    Nigina RAHIMOVA,

    “Ijtimoiy fikr” respublika

    jamoatchilik fikrini oʻrganish

    markazi direktori