Teatr ijodkorlari hayotida yana bir yorqin sahifa

    Bu nafaqat gastrol safarlariga, kerak bo'lsa, odamlarni teatrga olib kelishga ham beminnat xizmat qiladi.

    Prezidentimiz “Yaratgan ijod ahliga shunday bir qobiliyat, muruvvat, saxovat in'om etganki, bu saxovat, bu muruvvat hammaga ham in'om etilmagan”, deya ijod biz, ijodkorlarni yuksak e'tirof etadi. Shu ma'noda bugun adabiyot, san'at va madaniyat, umuman, ijodga jiddiy ahamiyat berilayotgani bejiz emas.

    Teatrga keladigan bo'lsak, teatr bu — ko'zgu, hayot ko'zgusi. Dunyoda turli mafkuraviy hurujlar, ma'naviyatimizga zid, yoshlarni buzg'unchilikka boshlovchi g'oyalar urchib turgan ayni paytda yaxshilik, ezgulik, iymon-e'tiqod, hayo-ibo degan mentalitetimizga xos tushunchalarga kuchli urg'u berish bugunning talabi. Ana shu maqsadda teatrlarda qo'yiladigan asarlardan tomoshabin nimadir olib chiqib ketishi kerak. Salbiy obrazmi, ijobiymi, umuman spektakl` ta'sirida, aytaylik, 500 kishidan loaqal besh kishi o'nglanish yo'liga kirsa, demak, teatr mavjud, teatr ishlayapti.

    Buning uchun xalqimizni teatrga keng jalb etish birinchi galdagi vazifalardan edi. Davlatimiz rahbari bu masalaga ham alohida yondashdi. Teatrlarga mahallalar kesimida ro'yxatlar shakllantirilgan holda bepul kirish tizimi yo'lga qo'yildi. Bu eng ezgu amallardan bo'ldi. Zero, teatrlarimiz o'rindiqlari to'lib tursa, biz, aktyorlar yanada ruhlanamiz, muxlislardan quvvat olamiz. Shu ma'noda “Madaniyat va san'at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi yangi tarixiy qaror teatr ijodkorlari hayotida yorqin sahifa ochdi, deyish mumkin. Negaki, endi chekka qishloqlarga ham “Madaniyat karvoni” etib borib, tanti, mehnatkash odamlarimiz spektakllarimizdan ko'proq bahramand bo'ladi. Bu borada vazirlik tizimidagi kontsert-tomosha muassasalari, tsirk va teatr xodimlari orasidan “Madaniyat karvoni” tarkibiga kiritiladigan ijodkorlar (doimiy a'zolar va muayyan tadbirlarda ishtirok etuvchilar) ro'yxati shakllantirilishi yoshlarni o'z ustida tinimsiz ishlashga undaydi.

    Madaniyat vazirligi tomonidan “Inson qadri uchun” ezgu g'oyasi asosida har yili kamida 40 ta yangi spektaklga davlat buyurtmalari berilishi esa tetarlar o'rtasida sog'lom raqobat muhitini vujudga keltiradi. Shuningdek, yosh, yangi iste'dodlar tanlovlarda toblanib, saralanadi. Sohaning umidli vakillari kashf etiladi.

    Teatrlarga avtobus ajratilishi esa, yana bir xayrli ishlardan bo'ldi. Bu nafaqat gastrol safarlariga, kerak bo'lsa, odamlarni teatrga olib kelishga ham beminnat xizmat qiladi. Shu o'rinda aytish joizki, teatrga ham xuddi ta'limdagi kabi rahbarlar e'tiborini tortish kerak. Masalan, bironta prem`erani viloyat hokimi har bir tumanga bo'lib bersa, avtobusda odamlarni olib kelib, teatrni to'ldirsa, ham teatr, ham tomoshabin manfaat ko'radi. Umuman olganda, qaror san'at va madaniyatning har bir qirrasini qamrab olgani bilan bemisl bo'ldi. Endilikda barcha davlat organlari, muassasalari va korxonalari har chorakda kamida bir marta o'z xodimlari uchun ommaviy-madaniy va kontsert-tomosha tadbirlarini tashkil etishi, ayniqsa, tsirk va teatrlarga kirishi uchun bilet va abonementlarni xarid qilishi soha rivojida muhim omil bo'lishi aniq. Zero, internetning tubsiz daryosiga g'arq bo'lib, chinakam san'at va madaniyatdan yiroqlashmaslik uchun ham mana shunday ezgu harakatlar amalga oshirilmog'i lozim.

    Erkin Komilov,

    O'zbekiston xalq artisti