Yaqinda O'zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi Belgiyaning “Eccholine” kompaniyasi bilan realiti-shou yaratishga doir shartnomani imzoladi. Loyiha 15 yil davomida efirga uzatilib, katta shuhratga erishgan.
Realiti shou bir necha jamoalar poygasi orqali muayyan mamlakat madaniyatini ochib berishga qaratilgan hamda u millionlab fransuz tomoshabinlaridan iborat auditoriya tomonidan katta qiziqish bilan kuzatiladi.
Shu munosabat bilan Namanganga 100 kishidan iborat suratga olish guruhi yetib keldi. Ular 16 kun davomida O'zbekistonning turli shaharlarida - Qo'qondan Nukusgacha shou-ko'rsatuvini tasvirga oladi.
Loyiha turizm sohasidagi tadbirkorlarning daromadini oshirish imkonini beradi, chunki uni yaratishga gidlar, turoperatorlar, mehmonxonalar va hunarmandlar jalb qilingan.
"Biz Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovdan g'oyalarimizni to'liq qo'llab -quvvatlagani uchun minnatdormiz. Aytishim mumkinki, O'zbekiston boshqa davlatlardan farqli ravishda tasvirga olish guruhlarini juda samimiy kutib oldi. Biz sizning mehmondo'stligingizdan mamnun holda O'zbekistonni o'z tomoshabinlarimiz orasida targ'ib qilishga tayyor ekanligimizni bildiramiz", - deya ta’kidladi loyiha menejeri Safi Dehili.
Shou-ko’rsatuvning Fransiya televideniyesidagi taqdimoti 2022-yilning bahoriga rejalashtirilgan.
Avvalroq, 2018-yilda O'zbekistonda mashhur “BBC Two” telekanalining "Dunyo bo'ylab poyga" turistik realiti -shousi suratga olingan. 2020-yilda uning mualliflari Britaniyaning eng nufuzli televizion va kino mukofoti hisoblangan “BAFTA”ga sazovor bo'lgan.
Turizm va sport vazirligi Аxborot xizmati