Shohi Zinda nomi Muhammad alayhissalomning amakivachchalari Qusam ibn Abbos nomi bilan bogʻliq. Gʻiyosiddin Javhariyning yozishicha, hazrat Qusam ibn Abbos Muhammad (s.a.v.) vafot etgandan soʻng, uni yuvish va kafanlashda qatnashganlardan biridir. Oʻsha chogʻda Qusam 8 yoshda boʻlgan. Paygʻambarimizni hadislarida aynan u kishi toʻgʻrisidagi quyidagi soʻzlari Qusam ibn Abbosni kirish eshiklarini peshtoqida yozilgan: “Qusam ibn Abbos oʻz xulqlari va tashqi koʻrinishlari bilan menga oʻxshaydigan shaxslardandir”, deyilgan. Hazrat Qusam imom Xasan bilan emishgan aka-ukadur.
Qusam ibn Abbos Hazrat Amir-ul moʻminin Ali ibn Abu Tolib xalifaligi davrida Makka shahrida hokim boʻlgan. Uning vafotidan soʻng Muoviya ibn Abu-Soʻfiyon zamonida Xuroson hokimligiga tayinlangan. Usmon oʻgʻli Saʼid bilan Movarounnahrga kelgan. Usmon oʻgʻli Saʼid Samarqandni olib, xalq musulmonchilikka qabul qilgan, dinni kuchaytirmoq va shariat hukmlarini yurguzmoq niyatida Qusamni bir qancha islom qoʻshini bilan Samarqandda qoldirgan. Uning asosiy vazifasi mamlakatda islomni targʻib qilish boʻlgan. Bu esa oson kechmadi. Chunki Qadim Movarounnahr xalqi otashparastlikka sigʻinardi.
Ular Markaziy Osiyo davlatlarini arablarga qarshi faol kurashga chorladi. Biroq Islom lashkarlari qarshiliklarni tabora yengib borib, oʻlkaning ichkari qismini ishgʻol qila boshladi. Milodiy 677-yil boshqa dinga eʼtiqodchilar shaharga hujum qildi. Samarqand shahri namozgohida Qusamga oʻq tegdi va uni Bonu-Nojiya qabristonidagi gʻor yoniga dafn etildi. Keng tarqalgan boshqa bir rivoyatda aytilishicha Said ibn Usmon Qusam ibn Abbos bilan birgalikda Usrushonani fath etmoq uchun yoʻl olishib, Siyrakasga yetishganda bir necha kun toʻxtab dam olishadi. Shu yerdagi janglarning birida Qusam ibn Abbos vafot etadi. Mayit solingan tobutni shaharga joʻnatadilar.
Qusam ibn Abbosning onalari Luboba al Kubro (Ummul-fazl) moʻminlar onasi Maymuna bintiy Xorisning singillari boʻlib, Abbos ibn Mutalibning jufti halollari edilar. Ul muhtarama olti oʻgʻil koʻrganlar, ular Fazl, Abdulloh, Ubaydulloh, Qusam, Maʼruf va Abdurahmon. Bularni barchasi turli mamlakatlarga Islom targʻiboti bilan mashgʻul boʻlib shahid boʻldilar.
Tarix va afsona ana shu tariqa bir-bir bilan uygʻunlashib ketgan.
U koʻhna Samarqandning janubiy qismida joylashgan boʻlib, sharq musulmonlarining muqaddas ziyoratgohlaridan biridir. Shohi Zindaga ziyorat qilish va bu qutlugʻ joyda toat-ibodat bajo keltirish xayrli ish hisoblanadi.
Majmuada binolarning aksariyati podshohlar xonadoniga mansub shaxslarning qabri ustiga qurilgan maqbaralardir. XI asr oxirida yuqori maydonchada dastlabki maqbaralar paydo boʻlgan. Qusam ibn Abbos maqbarasi shulardan biridir. Uning yonida yogʻochga oʻymakorlik uslubida naqshlar solib bezatilgan masjid boʻlgan. 1219-yil moʻgʻullar istilosidan keyin Afrosiyobda hayot soʻngan. Dastlabki maqbaralar nurab asta-sekin yemirilgan. Amir Temur hukmronligi davrida uning yaqin qarindoshlari va sarkardalari Qusam ibn Abbos qabri atrofida oʻzlari uchun maqbaralar qurdirishgan.
Shohi Zinda majmuasi oʻziga xos yoʻlaklari va mahobatli binolari bilan sayyohlarni oʻziga maftun etadi.