Tojikistonning Hisor vodiysida qishki ayozlar tufayli uzumzorlarning 80 foizdan ortigʻi nobud boʻldi

    Agrosektor 29 Aprel 2023 1256

    2023-yilning aprel oyi oʻrtalarida Tojikistondagi uzumzorlarga yanvar oyining qattiq sovuqlari taʼsiri maʼlum boʻldi.

    Maʼlumotlarga koʻra, Hisor vodiysi uzumzorlari eng koʻp zarar koʻrgan, Xatlon va Soʻgʻd viloyatlaridagi tokzorlarga esa deyarli taʼsir koʻrsatmagan.

    Tursunzoda, Shahrinav va Hisor fermerlarining maʼlumotlariga koʻra, ularda tokzorlarning 80 foizdan ortigʻi sovuqdan nobud boʻlgan. Endi uzumzorlarni tiklash uchun uch-toʻrt yil kerak boʻladi.

    Tursunzodalik fermerning aytishicha, bu yilgi hosil juda kam boʻladi va oʻtgan yilgi hosilning atigi 10-15 foizini tashkil etadi. Mahalliy fermerlarning fikricha, kelasi yildan boshlab uzum yetishtirishni har yili 20-25 foizga bosqichma-bosqich oshirib borish mumkin boʻladi va faqat 4 yildan soʻng mahsulot yetishtirish 2022-yilgi hosil darajasiga yetkaziladi. Buning uchun katta mablagʻ va kuch zarur, chunki qurib qolgan tokzorlarni toʻliq yangilash kerak.

    BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) xalqaro maslahatchisi Baxtiyor Abduvohidov sovuqning Hisor vodiysi uzumchilari uchun halokatli oqibatlarini tasdiqladi.

    “Bu yil mazkur viloyatda uzum hosili deyarli boʻlmaydi. Sovuq deyarli barcha uzum navlarining tokzorlariga zarar yetkazdi, baʼzi navlar zarar koʻrib, boshqalariga ziyon yetmagan, deb aytib boʻlmaydi”, — dedi u.

    Shu bilan birga, Baxtiyor Abduvohidovning xabariga koʻra, mamlakat shimoli, xususan, Soʻgʻd viloyatidagi tokzorlarda barcha ishlar reja asosida ketmoqda va hosil kutilgan darajada boʻladi.

    FAO xalqaro maslahatchisining hozirgi vaziyatda shu yilgi mavsumda uzum narxi oshishi muqarrar ekaniga ishonchi komil. Mutaxassis mana bunday ijobiy holatni qayd etdi:

    Tojikistonda, asosan, eski navlar yetishtirilayotganini inobatga olsak, uzumzorlarni sovuq urishi fermerlar uchun navlarni yangilash va jahon bozorlarida talabgir yangi navlarni ekish uchun bir imkoniyatdir. Bu muammo boʻlmaganda, hech kim eski uzumzorlarni ildizi bilan qoʻporib, ular oʻrniga yangi navlarni ekmasdi. Shu maʼnoda ayni vaziyat ishlab chiqarishni modernizatsiyalash uchun yaxshi imkoniyatdir.

    2022-yili mamlakatda 279 ming tonna uzum yetishtirilgan va bu koʻrsatkich boʻyicha Tojikiston Markaziy Osiyoda Oʻzbekiston va Turkmanistondan keyin uchinchi oʻrinni egallagan.

    Joriy yilda Iqtisodiy rivojlanish vazirligining prognozlariga koʻra, uzum yetishtirish 281 ming tonnaga yetkazilishi kerak edi. Xatlon viloyatida yiliga 120-125 ming tonna, Soʻgʻd viloyatida 60-65 ming tonna, Hisor vodiysi hududlarida 100 ming tonnaga yaqin uzum yetishtirish rejalashtirilgan edi.