Abdulla Oripov deganimizda ko'z o'ngimizda beixtiyor qalblarni larzaga soluvchi, ko'ngillar torini chertib o'tuvchi she'riyat dunyosini o'z qalami bilan titrata olgan ulkan qalb egasi gavdalanadi. Uning asrlarda barhayot asarlarida zamon dardi bilan hamnafas bo'la olganligini, zo'rma-zo'rakilikdan qochib, xalq muammolari, insoniy dard to'lg'onishlari bilan she'riyat atalmish bebaho xazinani tengsiz javohirlar bilan to'ldirganligini ilg'ash qiyin emas. Abdulla Oripov shoirlik zahmatini Alloh uning zimmasiga yuklagan burch deb bildi va har bir so'zini ming chig'iriqdan o'tkazadi. Abdulla Qahhor ta'biri bilan aytganda: “She'riyatda kutilmagan yangi nafas paydo bo'ldi. Tomchini kuzatgan bo'lsangiz, to'lishganidan keyin tomadi. Abdullajonning she'rlari ham ana shunday. Oldin so'zma-so'z, satrma-satr yuragi qonida qaynab pishadi”
Abdulla Oripov she'riyatga o'ziga xos ovoz, o'ziga xos ohang bilan kirib keldi. Shoir she'rlarida insonga xos barcha tuyg'ular: quvonch, qayg'u, hasrat, alam dard, muhabbat, ishonch, vafo, sadoqat, nafrat, rashk o'zgacha aks ettirilgan va ulardan har bir inson o'z “men”ini topadi. Xalq shoiri ijodining eng muhim jihatlaridan biri shuki, badiiy obrazlarni mahorat bilan yaratadi va bu obrazlarda siz kimnidir ko'rasiz. Ayniqsa, uning ijodida ona, ayol obrazlari “Onamga xat”, “Ayol”, “Onajon”, “O'zbek onasi”, “Ona vafotiga” she'rlari yuksak mahorat bilan yaratilgan.
Shoirning ijodida badiiy tasvir vositalari ham o'ziga xos aks ettirilgan:
Besh asrkim nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir sher.
Temur tig'i etmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher
Ushbu misralarda besh asrdan beri nazmiy saroyni zanjirband sher titratayotganligini va, hatto, Temurning tig' bilan ololmagan joylarini Navoiy qalami bilan zabt etganligiga ishora qilgan va bu o'xshatish san'atini yuzaga keltirgan. Bu kabi tasvir vositalarini uning har bir she'rida ko'rish mumkin.
Abdulla Oripov asarlarining asosiy qismini o'zbek she'riyatidagi etakchi shakl — barmoq vazni tashkil etsa-da, serqirra ijodkor sifatida aruzda g'azalda ham, ruboiyda ham ijod qilgan va go'zal namunalar yaratgan:
Tog' aro balqqanda sen
Bilki, u tog'ning toshiman,
Tun bo'yi kutgan seni jim
Sabriman, bardoshiman.
Bu g'azal olti baytdan iborat bo'lib, ramali musammani mahzuf (maqsur)da yozilgan hamda tashbeh san'ati mahorat bilan qo'llangan.
O'sha hammamiz uchun tanish va mashhur bo'lgan O'zbekiston xalq yozuvchisi O'tkir Hoshimov qalamiga mansub “Bahor qaytmaydi” qissasi qahramoni Alimardon To'raev tilidan kuylangan “Ketmakdaman” radifli g'azali ham shoir ijodiga mansubligi ko'pchilikka ayon. Qaysidir ma'noda asarning jozibadorligini oshirishda misralardagi nolalar qahramonning ichki kechinmalarini tasvirlashda, hatto asar syujetida ham ushbu g'azalning o'rni beqiyosdir:
Yaxshi qol, ey dilbarim, dilda kadar, ketmoqdaman,
Ishq aro endi holim zer-u zabar ketmoqdaman.
Na ishonch-u, na quvonch-u, na ko'ngildan ochma gap,
Barchasidan ushbu kun yo'qdir samar ketmoqdaman.
Birinchi misralarda qo'llangan “kadar” so'zi ko'pchilik tomonida “qadar” tarzida talaffuz qilinadi. Aslida bu “kadar”, ya'ni arabchadan olingan so'z bo'lib, g'am-g'ussa ma'nosida kelgan. G'azal ramal bahrida yozilgan bo'lib, ishonch, quvonch so'zlari tanosub san'atini yuzaga keltirgan. Ushbu g'azalda oshiq yigitning yoridan ketishi haqidagi iztirobli kechinmalari tasvirlangan bo'lsa, “emish” radifli g'azalida keltirilgan quyidagi misralarda shukronalikni, ma'nan etuklikni yurakdan his etadi:
Ming bor shukr aytsa arzir, kimki omon emish,
Yaratganga noshukurlik juda yomon emish.
Rasululloh lutf aylamish sahobalarga:
G'azabini engolsa kim chin pahlavon emish.
Shoir ko'pgina she'rlarida poetik sintaksislarning, jumladan, intonatsiya, ritorik murojaat, ritorik so'roq, parallelism, ellipsis, aposfora kabi turli ko'rinishlari aks ettirilgan. “Hayot, seni ulug'lay nechun” deb boshlanuvchi “Hayot” she'ri – aposforaga, “Men nechun sevaman, O'zbekistonni?” misrasi — ritorik so'roqqa yorqin misol qilish mumkin. Yoki:
– Otang bilan onang hayotmi, ukam?
– Ular yuribdilar salomat o'ktam.
– Senga qilmadimi do'stlar xiyonat?
– Hozircha o'rtada bordir diyonat .
“Dialog” sheridagi ushbu misralari ellipsisning yorqin namunasidir.
Shoir ijodida nafaqat poetik sintaksis, balki poetik fonikaning alliteratsiya, assonans, dissonans, monirim hodisalari ham ko'p uchraydi. Quyidagi g'azalidagi qo'llangan qalam, alam, qadam, adam, dam-badam, nam, sham, jam va ham kabi qofiyadosh so'zlarda so'zlarida kelgan “m” raviysi buning yorqin namunasidir:
Seni yod aylagan chog'im qog'oz paydo, qalam paydo,
Seni yod etmagan onim o'kinch paydo, alam paydo.
Abdulla Oripov nafaqat she'riyatda, balki doston yaratishda ham o'z yo'liga ega ijodkordir. Bu asarlardagi qahramonlar hayoti misolida olis moziy voqeligi bila birga bugungi kunni bog'lab, ezgulik, adolat g'oyalarini, betimsol ma'naviy-axloqiy go'zallik namunalarini yozadi. Yuksak mahorat bilan badiiy-falsafiy yog'sinda ko'rsatishga muvaffaq bo'ladi va dostonchilik an'anasini yana bir pog'onaga ko'tardi. Masalan, “Hakim va ajal” dostonidagi asar voqealari lirik qahramon tilidan hikoya qilinadi.
Hakimda ham turfa xislat edi mujassam,
Xususan, u tabiblikda pur hunar edi.
Har bir giyoh ko'zlariga go'yoki malham,
Malham esa giyoh bo'lib ko'rinar edi.
Abdulla Oripov bu dostonida moziy voqeligini millat manfaatlari nuqtai nazaridan yoritadi, ya'ni Abu Ali ibn Sino taqdiri, hakimlik faoliyati yoritilgan misralarida haqiqat, ezgulik va adolat yo'lida kechgan qutlug' umr mazmuni aks etgan.
Hakim dedi:
Ikki narsa mubham men uchun,
Biri ajal, biri esa muhabbat dardi…
Shoir dotonlariga nazar tashlar ekanmiz, uning o'z aqidasiga, o'ziga hukm qilingan burchga sodiq qolib “qalbiga doir” so'zlaganligining, xalq orzu-armonlari, intilishlarining ifodachisi bo'lganligining guvohi bo'lamiz. Shoirimiz qalamiga mansub bo'lgan “Jannatga yo'l” nomli dramatik dostonidagi ushbu misralar yuqoridagi fikrimizning yaqqol dalilidir:
Sen shoirsan, senga Alloh yorug' nur berdi,
Otash berdi, zabon berdi, ham ulug' yurak.
Timsolingda bechoralar o'z dardin ko'rdi,
Baxtin ko'rdi, shodliklarin ko'rganlar beshak…
Xalqimizning suyukli shoiri Abdulla Oripov o'zini tarjimachilik sohasida ham sinab ko'rdi va Dante Aligerining “Ilohiy komediya” asaridan “Do'zax” qismini mahorat bilan tarjima qildi. Bundan tashqari Ukrainkaning “Mog'orlarda” hamda Xeltainning “Soqov ritsar” she'riy dramalarini, A.S. Pushkin, T. SHevchenko, N. Nekrasov, K.Kuliev va boshqa bir qancha ijodkorlarning ijod namumalarini o'zbek tiliga mahorat bilan tarjima qiladi va bu tarjimalar millatimizga xos qarashlarni o'zida uyg'unlashtirgan hamda xalqimiz ko'nglidan chuqur o'rin egallagan.
Shoir she'riyatidagi o'zgachalik shunda ediki, qaysi bir mavzuni olmang, bu ulkan bisotdan, albatta, shunga mos bir satr topiladi. Shoir bor umrini, hayotda ko'rgan-kechirganlarini, o'y-xayollarini bus-butun she'rga ko'chirgan, she'rga sola olgan deyish mumkin. Vatanga bo'lgan sevgi-muhabbatini Vatan sevgisi deya o'zgacha nom bilan ta'riflaydi:
Sev Vatanni, sevgin borini,
Tog'larining qorigacha sev.
Hukm deb bil ixtiyorini,
Cheksiz, tubsiz g'origacha sev.
Yuqoridagi falsafiy misralardagi so'z qo'llash mahorati ham o'zgacha tasvirlangan. “Hukm” va “ixtiyor” so'zlari, “tog'larning qori va “tubsiz g'ori” kabi jozibador tasvirlarda so'zlar o'rtasida qarama-qarshilik bilan birga ma'noviy bog'liqlik ham bor.
Abdulla Oripov mehr, ishonch, sog'inch vafo, sadoqat, armon, xiyonat, ikkiyuzlamachilik va boshqa bir qancha insonga xos tuyg'ularni teran his qila olgan va go'zal satrlarda jo qila olgan ijodkordir. Shoir misralarida xayolga kelmagan badiiy topilmalar topganki, misralarini o'qiganimizda beixtiyor “haqiqatdan ham” deya fikrlariga qo'shilamiz:
Negadir yosh bola va yoki bemor
Gunoh ish qilgandek boqar jovdirab.
Ovozingni baland qildingmi bir bor,
Ular hadik ichra qolar dovdirab.
Bu holat barchamizga tanish, barchamizning boshimizdan o'tgan. Ammo bu nigohlarning o'xshash boqishlari haqida hech birimiz o'ylab ham ko'rmaganmiz.
Sog'inch – hammamizga tanish tuyg'u. Barchamiz kimnidir sog'inamiz yoki kimlarnidir sog'intiramiz. Ammo “Chora yo'q baribir ikki holda ham” deganda shoir mutlaq haq edi:
Sog'ingan odamning ko'nglida dog'i,
Sog'intirganga ham oson emasdir.
Hayotda shunday insonlar borki, el orasida o'z o'rniga, obro'yiga ega shaxslarni ko'ra olmaydilar. Ularni o'z hayotida muvaffaqiyatga erishishidan ko'ra boshqa birovlarning hayotda uchraydigan omadsizliklari ko'proq qiziqtiradi va quvontiradi. O'zining kamchiligini ko'ra olmaydi, ammo o'zgalar kamchiligini o'z yutug'i deb biladi:
Birovlarni kamsitib erga urishdan oldin
Kattakon ko'zgu qo'yib, o'zingga qarab olgin.
Zarga o'ralgan bilan kesak hamisha kesak,
Choldevor o'rtasida ko'milgan bir xum oltin.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Abdulla Oripov ijodi bepoyon sahro, tubsiz ummon, seryog'in bulut va serhosil daraxtdir. Uning she'riyatidan har bir yaralangan qalblar malham topadi, oynada go'yo o'z aksini ko'rganday bo'ladi. Uning she'riyati inson qalbida beixtiyor ijodga nisbatan mehr tuyg'usini oshiradi, hayotga nisbatan muhabbatni kuchaytiradi. SHoirning har bir she'rida kimningdir ruhi yashaydi, har bir misrasi qalb torlarimizdan yaralgan o'tli satrlardir va ular doimo bizni o'ziga ohanrabodek tortib turadi.
Dildora SHODMONOVA,
Mohigul OLIMJONOVA,
Abdulla Oripov nomidagi ijod
maktabining ona tili va adabiyot fani o'qituvchilari