Bu yil yurtimizdagi eng nufuzli ilmiy muassasa — Fanlar akademiyasi tashkil etilganining 80 yilligi keng nishonlanmoqda. Tarkibiga qirqdan ziyod yirik ilmiy tekshirish institutini jo qilgan akademiya Ikkinchi jahon urushining qizgʻin pallasida — 1943-yilda mamlakatimizdagi bir necha ilmiy tadqiqot tashkiloti asosida tashkil etilgan. Ular orasida Toshkent astronomiya observatoriyasi ham boʻlgan.

1873 yida tashkil etilgan observatoriya nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyodagi zamonaviy ilmiy muassasalarning eng keksasidir. Bir yarim asrlik faoliyati davomida Toshkent astronomiya observatoriyasida sayyoralar, kometalar, yulduzlar, galaktikalar kabi osmon jismlarini oʻrganish bilan birga, xalq xoʻjaligining koʻplab tarmoqlari uchun amaliy tadqiqotlar ham oʻtkazilgan. Bular orasida aholi va mamlakatni aniq vaqtdan xabardor qilish, geografik koordinatalarni aniqlash va ularning oʻzgarishini tekshirish, Yerning sunʼiy yoʻldoshlarini kuzatish va hatto gravimetrik kuzatishlar asosida qazilma boyliklarni topish kabi masalalarni aytib oʻtish mumkin. Masalan, poytaxtning yuqori nuqtalaridan birida oʻrnatilgan zambarakdan har kuni observatoriya soati bilan 12:00 da toʻp otilib, aholi peshin vaqti boʻlganidan xabar topgan. Keksa avlod vakillari oʻshanda tilimizga “toʻp vaqti” atamasi kirib kelganini eslashadi.

1911-yilda Toshkent astronomiya observatoriyasida qirq yil davomida oʻtkazilgan ekspeditsion oʻlchashlar natijasida mamlakatimiz hududining birinchi zamonaviy geografik koordinatalari tuzilib, chop etilgan. Bugun bu kitob nafaqat geodeziya va kartografiya masalalari bilan shugʻullanuvchi tadqiqotchilarda, balki tarixchilarda ham qiziqish uygʻotishi mumkin. Masalan, ushbu kitobda hozir yoʻq boʻlib ketgan koʻplab aholi yashash joylari nomi va aniq koordinatalari keltirilgan. Bular orasida Samarqand viloyatidagi Kishtut qalʼasi, mulla Shaffi Mullaboyevning Oʻguk qishlogʻida qurilgan saroyi yoki Fargʻona vodiysidagi Elnazar karvonsaroyi, Kengkoʻl raboti, Ishtamberdi soyini keltirish mumkin.

Hujjatlarda Toshkent astronomiya observatoriyasi tashkil etilishiga oid qiziqarli maʼlumotlar ham keltirilgan. Observatoriya ochilishi uchun Toshkent shahri boshligʻi bir necha boyning Oqqoʻrgʻon arigʻi boʻylarida joylashgan 31 ming kvadrat sajen atrofidagi (14 gektarga yaqin) yerini 1000 kumush rublga sotib olgan ekan. Eng qizigʻi, hujjatlarda oʻsha boylarning nomi birma-bir keltirilgan. Bu maʼlumotlar ham tarixchilarimizga qiziqarli boʻlishi mumkin.

Turkiston general-gubernatorligining Buxoro amirligi va Xiva xonligi bilan muayyan darajada aloqalari boʻlgan. Masalan, bayramlarda vakillar orqali bir-biriga sovgʻalar joʻnatib turgan. Ana shunday paytlarda Toshkentga kelgan zodagonlar uchun Toshkent observatoriyasida ekskursiyalar uyushtirilgan. Diniy ulamolar uchun esa hijriy-qamariy taqvim tuzishda Oyning harakatidan foydalanish uchun ommabop leksiyalar tashkil etilgan. Bir soʻz bilan aytganda, Toshkent astronomiya observatoriyasi tarixi nihoyatda qiziqarli va katta ilmiy ahamiyat kasb etuvchi maʼlumotlarga boy.

Urush yillari birgina Toshkent astronomiya observatoriyasi butun sobiq ittifoqni yarim yil davomida aniq vaqtdan xabardor qilib turgan. Aniq vaqt signallari toʻgʻridan-toʻgʻri observatoriya hududidan sutkasiga yetti marta efirga uzatib turilgan. Uning ilmiy salohiyati oshgani inobatga olinib, 1966-yili Fanlar akademiyasi Astronomiya institutiga aylantirilgan.

Oʻzbekistonda yuqori malakali yoshlarni tayyorlash ishlari Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etishdan boshlangan. Bu maktab oʻquvchilari uchun amaliy mashgʻulotlarni Astronomiya instituti huzurida oʻtish nazarda tutilgan. Shu maqsadda har qadami tarixiy ahamiyat kasb etuvchi institut hududida “Astronomiya va aeronavtika” parki tashkil qilinishi maqsadga muvofiq. Hududdagi mavjud teleskoplar va barpo etiladigan planetriy oʻquvchi-yoshlarning olam tuzilishi haqida ilmiy tasavvurini shakllantirishga xizmat qiladi. Qoʻshni davlatlarning birortasida zamonaviy planetariy yoʻqligini inobatga olsak, bu inshoot naqadar ahamiyatli va nufuzli boʻlishini tasavvur qilish qiyin emas.

Oʻtgan asrning 60-yillarida Toshkent shahri ancha kengayib, osmonining yoritilish koʻlami ham oshdi. Bunday sharoitda yorugʻlik manbalaridan yiroqroq joyda observatoriyaga mos joyni izlab topish Astronomiya instituti oldida turgan eng dolzarb masalalardan biriga aylangan edi. Uzoq yillar davomida togʻu toshlarda oʻtkazilgan mashaqqatli izlanishlar natijasida Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida joylashgan Oloy togʻ tizmalaridan biridagi Maydanak togʻi tanlandi. Astrofizika fanida astroiqlimni oʻrganishga qaratilgan ancha-muncha murakkab usullarga asoslangan maxsus soha mavjud. Ana shunday tadqiqotlar natijasida keyinchalik Maydanak togʻi astronomik kuzatuvlar uchun jahonning eng nufuzli joylaridan qolishmasligi va hatto ayrim koʻrsatkichlari boʻyicha ustunligi aniqlandi. Bu oʻzbekistonlik astronomlar uchun tabiatning bebaho tuhfasi boʻldi!

Endi Astronomiya institutining kelajagi va nufuzi toʻliq Maydanak astronomiya observatoriyasi (MAO) bilan bogʻliq. Hozir u astronomiya fanining eng dolzarb mavzulariga qaratilgan  oʻnlab xalqaro dasturlarning aʼzosi. Soʻnggi yillarda bir necha olamshumul kashfiyot dunyo yuzini koʻrdi. Bular orasida “Samarqand” va “Maydanak” kichik sayyoralari ochilishi, 2017 yida Katta ayiq yulduzi turkumida oʻta yangi yulduz chaqnashi kashf etilishi, koinotda gamma nurlarda chaqnagan va kosmik apparatlarda qayd etilgan yuzlab jarayonlarning Maydanakda aniq kuzatilishi, osmonning yuz yil davomida olingan fototasvirlarini raqamlashtirish natijasida 13,5 million yulduz katalogining eʼlon qilinishini taʼkidlab oʻtish mumkin.

Olimlarni quvontiradigan oʻta muhim holat Maydanak observatoriyasi davlatimizning doimiy eʼtiboridaligi. Islom hamkorlik tashkilotining 2017-yili Ostona shahrida boʻlib oʻtgan, ilm-fanni rivojlantirish masalalariga qaratilgan yuqori darajadagi yigʻilishida musulmon davlatlarning ilm-fanga eʼtiborini qaratishni aynan astronomiyadan boshlashga qaror qilingan. Chunki musulmon olimlarining jahon ilm-fani rivojiga qoʻshgan eng salmoqli hissasi aynan astronomiya sohasida boʻlgan. Sammitda bugun musulmon yurtlar bu sohada ancha orqada qolayotgani taʼkidlanib, bir necha davlatda koʻzgusining diametri 4 metrli teleskoplarni ishga tushirish muhokama qilindi. Shunda Prezidentimiz ana shunday teleskoplardan birini Maydanak observatoriyasida oʻrnatib, unga Mirzo Ulugʻbek nomini berish taklifi bilan chiqqan. Bu taklif musulmon davlatlar rahbarlari tomonidan maʼqullandi. Koʻp oʻtmay, 4 metrli teleskoplarni barpo etish ishlari Turkiyada (2021-yilda ishga tushirildi), Misr, Pokiston va Indoneziyada boshlandi.

Maydanak observatoriyasi infratuzilmasi jahon andozalari darajasiga koʻtarilmoqda. Maydanak yuqori darajadagi astroiqlimga egaligi koʻplab xorijiy markazlar eʼtiborini tortib kelmoqda. Yana bir muhim fakt: Maydanak togʻi boshqa joylardan farqli oʻlaroq, yakka choʻqqi emas, balki ancha katta maydonga ega yassi togʻdir. Bu degani, u yerda kelajakda bir emas, bir necha katta teleskop oʻrnatilishi mumkin. Shu bilan mamlakatimiz astronomiya sohasida tadqiqotlar olib boruvchi ilgʻor davlatlardan biriga aylanadi.

Astronomiya fani kelajagi uchun oʻta muhim boʻlgan yana bitta loyiha Zomin tumanidagi Turkiston togʻ tizmalarida barpo etilayotgan Suffa radioobservatoriyasidir. Oʻtgan asrning 70-yillarida doimiy raqobatda boʻlgan sobiq ittifoq hamda AQSH nafaqat iqtisodiy va harbiy sohalarda, balki ilmiy-texnik masalalalarda ham bir-biridan oʻtib ketish tarzida ish koʻrgan. Shunda sobiq ittifoq hukumati ulkan hududning gʻarbiy-sharqiy yoʻnalishi boʻylab koʻzgusining diametri 70 metr boʻlgan uchta radioteleskop oʻrnatib, ularni yagona tarmoqqa ulab ishlatish rejasini amalga oshirishga kirishgan.

Birinchi radioteleskop Qrimdagi Yevpatoriya shahri yaqinida, ikkinchisi Uzoq Sharqdagi Ussuriyskda oʻrnatilgan. Uchinchi radioteleskopni ikkala sherigining oʻrtasida — Markaziy Osiyodagi davlatlarning birida oʻrnatish nazarda tutilgan. 1980-yili loyiha rahbarlari — akademiklar V.Kotelnikov va N.Kardashov joy tanlash maqsadida Oʻzbekistonga keladi. Bundan xabar topgan Sharof Rashidov ularni qabul qiladi va radioteleskopni Zomindagi Suffa yassitogʻida oʻrnatishni taklif etadi. Keyinchalik oʻtkazilgan geologik va astroiqlimni oʻrganishga qaratilgan izlanishlar bu joy radioobservatoriya uchun nihoyatda maqbul ekanini koʻrsatdi. Qurilish ishlari qizgʻin boshlanib ketadi. Lekin ishlar hajmi 60 foizga yetganida siyosiy vaziyat oʻzgarib, jarayon toʻxtab qoladi. Mustaqillik yillarida biroz urinishlar boʻldi, lekin ish joyidan siljimadi.

Bu inshoot naqadar ulkanligini oʻquvchi tasavvur qilishi uchun radioteleskopning bir necha koʻrsatkichini keltirib oʻtsak. 70 metrli radioantenna kichikroq futbol stadionini balandligi oʻttiz qavatli ulkan ustunga oʻrnatib, uni soat mexanizmi aniqligida har tomonga yoʻnaltirib turadigan mexanizmlar bilan taʼminlash degani. Radioantenna vazni 15 ming tonnadan ziyodroq boʻlishi kerak!

Suffa rasadxonasi oʻzining ahamiyatini bugun ham yoʻqotgani yoʻq. Bunga bir misol. 2022-yilda astronomiyada muhim kashfiyot boʻldi. Somon yoʻli galaktikamiz markazida bir necha million Quyosh massasiga teng ulkan qora tuynuk sharpasi tasviri olindi. Buning uchun Yer yuzasidagi bir nechta radioteleskop yagona tarmoqqa ulanib ishlatildi. Astronomiya instituti xodimlari bu loyiha doirasida nazariy tadqiqotlar olib bordi. Hisob-kitoblarga koʻra, agar tarmoqda Suffadagi RT-70 radioteleskopi ishlab turganida oʻlchovlarning aniqligi 15 foiz ortadi! Natijani bir-ikki foiz oshirish uchun talaygina saʼy-harakatni talab etgan loyiha uchun bu juda sezilarli yutuqdir. Bundan xulosa shuki, Yevropa bilan Xitoy orasida joylashgan Oʻzbekiston hududida 70 metrli radioteleskop ishlab turishi katta ilmiy ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari loyihaga eʼtibor qaratganidan keyin radioobservatoriyani barpo etish ishlari ancha jonlandi. 2018-yili Toshkentda oʻtkazilgan Oʻzbekiston — Rossiya hukumatlararo uchrashuvida radioobservatoriyani barpo etish ishlarini davom ettirishga kelishildi. Shundan keyin ikki davlat rahbarlarining 2021-yil oktyabr oyida Moskvada boʻlib oʻtgan uchrashuvida tegishli shartnoma imzolandi. 2022-yilda ikkala Prezidentning tegishli qarorlari bilan shartnoma kuchga kirdi.

Bu davrda Zomin tumanida turizmni rivojlantirish ishlari qizgʻin avj oldi. “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etildi. Aslida bu ikkala inshoot muayyan shartlarni bajarib, kelishib ish koʻrsagina bir-biriga foyda keltirishi mumkin. Radioobservatoriya yaqinida turistik obyekt boʻlishi qator afzalliklar yaratadi: yuqori sifatli yoʻllar, elektr va suv taʼminoti va hokazo. Lekin radioobservatoriyaga radioshovqin manbalarini yaqin joylashtirib, kuzatuvlarga xalal berilmasligi kerak. Radioobservatoriya ishga tushgach, Zominga koʻplab sayyohlarni jalb qilishga asqotishi mumkin. Bunday hamkorlik jahon tajribasida juda koʻp uchraydi. Birgina misol: bir necha yil oldin Xitoyning janubi-gʻarbidagi Pingtang oʻlkasida koʻzgusining diametri 500 metr boʻlgan jahondagi eng yirik FAST radioteleskopi ishga tushirildi. Radioteleskop oʻrnatilgan togʻning yonbagʻrida, 50 kilometr masofada Pingtang oʻlkasi maʼmuriyati ulkan turistik majmua barpo etdi. U yerda besh yulduzli mehmonxonalar, restoranlar, koʻngilochar maskanlar, savdo markazlari barpo etildi. Radioobservatoriya millionlab sayyohlarni jalb etuvchi “qarmoq” vazifasini bajarib kelmoqda. Kunduzlari mehmonlar uchun turistik maskandan avtobuslarda radioteleskopga ekskursiyalar tashkil etilgan. Qolgan vaqtda sayyohlar pastda miriqib hordiq chiqaraveradi.

Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun zamonaviy ilm-fan va texnika yutuqlaridan xabardor, chet tillarni puxta egallagan, bilimli yoshlarni tarbiyalab, voyaga yetkazishimiz kerak. Yanada muhim sharti, yangi kashfiyotlar qilishi uchun ularga zaruriy ish sharoitlarini yaratish, jumladan, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyalar tashkil qilib berishimiz kerak. Astronomiya fanini olsak, planetariy, Maydanak va Suffa observatoriyalarida fanning eng ilgʻor sohalarida tadqiqotlar olib borish imkonini yaratishimiz kerak. Shundagina yurtimizdan yangi Xorazmiylar, Fargʻoniylar, Beruniylar, Ali Qushchi va Ulugʻbeklar yetishib chiqadi. Astronom olimlarimiz bu borada oʻrnak koʻrsatishga tayyor.

Shuhrat EGAMBERDIYEV,

Astronomiya instituti direktori,

akademik