Toʻqimachilik sanoati: halqaro hamkorlik, klaster tizimi va natija

    Sanoat 18 Iyun 2023 2196

    Soʻnggi yillarda Qashqadaryo toʻqimachilik sanoatida jiddiy oʻzgarishlar yuz berdi. Qator yirik loyihalar amalga oshirilishi tufayli voha dalalarida yetishtirilgan paxta shu yerning oʻzida yarim tayyor va tayyor mahsulotga aylantiriladigan boʻldi.

    Hozir viloyatning deyarli har bir hududida ip-yigiruv korxonalari faoliyat koʻrsatmoqda. Daladan toʻgʻridan-toʻgʻri keltirilgan paxta tolasi zavodlarda tozalanib, fabrikalarga yoʻnaltirilib, tayyor matoga aylantirilmoqda. Tabiiy xomashyodan qilingan gazlama va bejirim liboslar esa turli davlatlarga eksport qilinmoqda.

    Navbat yangi loyihaga

    2017-yilda viloyatda birinchilardan boʻlib tashkil etilgan “Litai textile international” xorijiy toʻqimachilik korxonasi bugun yuqori samaraga erishmoqda.

    Xitoyning “Bir makon — bir yoʻl” dasturi doirasidagi harakatlar natijasida Jiangsu Jinsheng korporatsiyasi tashabbusi bilan boshlangan loyihaga jami 210 million dollar investitsiya kiritilib, Qarshi tumanidagi Qoratepa mahallasi hududida korxonaning birinchi bosqichi ishga tushirildi. Paxtadan ip-kalava tayyorlayotgan korxona qisqa fursatda jahon bozorida oʻz xaridorlariga ega boʻldi. Bugun yigirmaga yaqin davlatga eksport yoʻlga qoʻyilgan.

    — Yurtimizda investorlarga keng imkoniyatlar yaratilayotgani bois xitoyliklar aynan toʻqimachilik sanoatiga sarmoya kiritdilar, — deydi korxona boʻlim boshligʻi Nodir Boymirov. — 2018-yil yanvarda korxonamizning ikkinchi bosqichi ishga tushirildi. Yaʼni, yiliga 12 million pogonometr aralash mato ishlab chiqaruvchi sex faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Pirovardida bir yarim mingga yaqin kishining bandligi taʼminlandi.

    Ayni paytda fabrikada ish ikki navbatda tashkil etilgan. Ishchi-xodimlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj, mahallalarda alohida daftarlarga kiritilgan kishilar ishga jalb etilgan, olisdan qatnovchilar uchun yotoqxona mavjud.

    — Ikki yildan buyon shu yerda boʻlim ish boshqaruvchisi boʻlib ishlayman, — deydi Javohir Suyunov. — Gʻuzor tumanidan kelib ishlayotganim bois yotoqxona bilan taʼminlanganman. Barcha sharoitlar yaxshi. Oyiga oʻrtacha toʻrt million soʻmga yaqin maosh olamiz. Haftada toʻrt kun ishlasak, ikki kun dam olamiz. Barchasi koʻngildagidek.

    Munisa Yoʻldosheva Nishon tumanidan. Hali ishga kirganiga bir yil boʻlgani yoʻq. Oldin oʻz mahallasida “Yoshlar daftari”da roʻyxatga olingan Munisa korxonada boʻsh ish oʻrni borligi bois bu yerga joʻnatilgandi. Tirishqoqligi tufayli tezda oʻz oʻrniga ega boʻlib, hozir operatorlik vazifasida ishlamoqda.

    Korxona mahsulotlari Yaqin Sharq, Yevropa, Shimoliy Amerika, MDH mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Bu muvaffaqiyatlar sabab korxona 2021-yilda mamlakatimizda “Eng yaxshi eksportyor” deb topilgan edi. Mahsulotining 95 foizini xorijga sotishni yoʻlga qoʻygan ushbu korxona jamoasi oʻtgan yili 88 million dollarlik eksport qilgan boʻlsa, bu yil yuz million dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, joriy yil yakuniga qadar Mirishkor tumanida paxtani qayta ishlash zavodi hamda isteʼmol yogʻi ishlab chiqarish sexi ish boshlaydi. Bu loyiha amalga oshirilgach, yana besh yuz kishining bandligi taʼminlanadi.

    Sanoatdagi ulushi yanada ortadi

    Soʻnggi yillarda toʻqimachilik sanoati Qashqadaryo viloyatining asosiy drayver yoʻnalishlaridan biriga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Qishloq xoʻjaligiga bozor mexanizmlari, klaster instituti joriy qilinishi, sogʻlom raqobat muhiti yaratilgani nafaqat shu sohaning, balki toʻqimachilik sanoatining ham rivojlanishiga sabab boʻlmoqda.

    Viloyatda 2017-yilda 1 trillion 276 milliard soʻmlik toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2023-yilga kelib bu koʻrsatkich 4,7 barobar oshib, 6 trillion 39 milliard soʻmga yetdi. Gazlama hamda trikotaj mato ishlab chiqarish 2,5 karra, kalava ip 6,6, tikuv-trikotaj mahsulotlari tayyorlash 7,2 barobar oshdi.

    — Joriy yilning 1-iyun sanasiga kelib viloyatda 865 ta toʻqimachilik, tikuv-trikotaj mahsulotlari va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat koʻrsatmoqda, — deydi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining viloyatdagi vakili Ostonaqul Olloyorov. — Shu yilning 1-choragida 1,7 trillion soʻmlik toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilib, 2022-yilning mos davriga nisbatan 106,4 foiz oʻsish taʼminlandi.

    Bugunga kelib toʻqimachilik korxonalarining voha sanoatidagi ulushi 29,4 foizni tashkil etmoqda va yangi loyihalar hisobiga yil yakunigacha 45 foizga yetishi prognoz qilinmoqda.

    Toʻqimachilik korxonalari tomonidan yil boshidan oʻtgan besh oy davomida 101 million dollarlik kalava ip va toʻqimachilik mahsulotlari eksport qilindi.

    Shu oʻrinda eksport geografiyasi va hajmida qator omillar asosiy rol oʻynayotganini aytib oʻtish lozim. Xususan, birinchidan, chuqur qayta ishlash sikli yoʻlga qoʻyilishi hisobiga tola eksportiga chek qoʻyilib, paxta tolasi oʻrniga kalava ip, trikotaj, ip gazlama va tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish va eksportga yoʻnaltirish hajmi ortdi. Ikkinchidan, mamlakatimiz paxtasiga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilinishi jahon bozorida mahsulotlarimizga talab va ehtiyojni oshirdi.

    Uchinchidan, “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi tomonidan xorijiy mamlakatlarda tashkil etilayotgan turli koʻrgazmalar, biznes forumlar va uchrashuvlar yangi xaridorlarni topishda qoʻl kelmoqda. Toʻrtinchidan, xalqaro bozorlarda toʻqimachilik mahsulotlari raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida joriy yilning oʻzida viloyatdagi 17 ta klaster va toʻqimachlik korxonaiga GSP+ doirasida Yevropa standartlarini joriy qilish boʻyicha tarmoq jadvallari ishlab chiqildi.

    Bundan tashqari, viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan “Indorama agro klaster” tomonidan VSA sertifikatini olish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bu sertifikat 160 xil koʻrsatkichni inobatga olgan holda beriladi. Klasterning bu sertifikatni qoʻlga kiritishi dunyoda tan olingan 200 dan ortiq brendga mahsulot yetkazib berish hamda eksport geografiyasini kengaytirishga imkon yaratadi.

    Viloyatda toladan ip-kalava ishlab chiqarish darajasi hozir 73 foizni tashkil etmoqda. Mutaxassislar fikricha, navbatdagi bosqichda bu jarayonni yuz foizga yetkazish uchun joriy yilning oʻzida 6 ta paxta toʻqimachilik klasteri tomonidan 38 ming tonna qoʻshimcha quvvat ishga tushiriladi.

    Ip-kalavani qayta ishlash orqali ip-gazlama va trikotaj mato ishlab chiqarish darajasi bugungi kunda 28 foizga yetdi. Keyingi bosqichda joriy yil yakuniga qadar ip-gazlama va trikotaj mato ishlab chiqarish darajasini 42 foizga yetkazish uchun harakat qilinmoqda.

    Hozirga qadar matodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha viloyatda 244 ta korxona tomonidan qariyb 56 million dona tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish quvvatlari yaratilgan boʻlib, yakuniy bosqichda bu ishlar yanada jadallashtiriladi. Xususan, 2023-yil yakuniga qadar umumiy qiymati 2,4 trillion soʻmlik 25 ta loyiha ishga tushirilishi hisobiga qoʻshimcha 43 ming tonna ip-kalava, 4,5 ming tonna trikotaj mato va 14,5 million pogonometr ip-gazlama, 44 million dona tayyor tikuv-trikotaj mahsuloti ishlab chiqariladi va 10 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Jumladan, shu yilning oʻzida Shahrisabz shahridagi “Oqsaroy klaster” MCHJ tomonidan yillik quvvati 16 ming tonna aralash tarkibli ip-kalava ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Qamashi tumanida besh ming toʻqqiz yuz tonna, Yakkabogʻda besh ming yuz tonna, Kasbida besh ming tonna aralash tarkibli ip kalava ishlab chiqarish boshlanadi. Dehqonobod tumanida “Koson Baxt tekstil” klasteri tomonidan loyiha qiymati 60 milliard soʻm boʻlgan tikuv-trikotaj fabrikasi ishga tushirildi. Buning samarasida tumanda 500 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

    Sohadagi oʻzgarishlar samarasida joriy yil yakunida viloyatda paxta tolasidan ip-kalava tayyorlash darajasi 73 foizdan 100 foizga, ip-kalavani qayta ishlash darajasi 28 foizdan 35 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish 100 million donaga hamda eksport salohiyati qoʻshimcha 130,2 million dollarga oshiriladi va 240 million dollarga yetkaziladi.

    Nodir HAMROYEV,

    Qashqadaryo viloyati hokimining mahalliy

    sanoat boʻyicha yordamchisi