2023-yil 6-mart kuni Anqara shahrida joylashgan TURKSOY xalqaro tashkiloti qarorgohida boʻlib oʻtgan turkiy tilli davlatlar adabiy tashkilotlari rahbarlari yigʻilishida TURKSOY Yozarlar birligi taʼsis etilgan edi. Birlikning ilk yigʻilishini Navoiy shahrida oʻtkaziladigan “Mumtoz sheʼriyat” xalqaro festivali doirasida tashkil etish taklifi ilgari surilib, barcha ishtirokchilar tomonidan maʼqullangan edi.
Ushbu nufuzli festivalning ulugʻ mutafakkir shoir Alisher Navoiy nomi bilan atalgan shaharda oʻtkazilgani alohida ramziy maʼnoga ega. Qadim tarixga ega boʻlgan Oʻzbekiston zaminida Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon kabi shaharlar azaldan adabiyot, sanʼat maskani boʻlgan. Navoiy hayoti va ijodi nafaqat, turkiy xalqlar, balki jahon adabiyot ixlosmandlarini ham qiziqtirib kelgan. Sheʼriyatning oʻn olti xil janrida ijod qilgan shoir turkiy tilning lugʻati betakror va goʻzal soʻzlarga boy ekanini asrlar davomida dunyo xalqlari oʻqib, oʻrganib kelayotgan asarlari orqali koʻrsata olgan.
Bugun soʻnggi yillarda ulkan bunyodkorlik maydoniga aylanib, yanada goʻzal va obod boʻlgan koʻpmillatli Navoiy shahri ham ana shu shaharlar qatorida el-yurtimizning faxri boʻlib, aziz mehmonlarga quchoq ochdi.
Albatta, turkiy xalqlar sheʼriyati koʻp asrlik tarixga ega va asrlar davomida milliy qadriyatlar asosida takomillashgan, mumtoz sheʼriyat namunalari original shakl, oʻziga xos tuzilmaga ega boʻlgan mukammal tizim – aruz vazni asosida yaratilgan. Aruz vazni koʻp asrlar mobaynida Sharq sheʼriyatining asosiy tizimi boʻlib keldi va bugungi kunda ham oʻz yashovchanligini, zamon bilan hamnafas boʻla olishini namoyon etmoqda. Turkiy xalqlar mumtoz sheʼriyati Sharq falsafasi, dunyoqarashi bilan uygʻunlashib ketgan noyob hodisa sifatida jahon olimlarini doimo qiziqtirib keladi.
Shubhasiz, Oʻzbekiston zaminida tarixdan olimu ulamolar, shoiru fuzalolar yetishib chiqqan va Samarqand, Buxoro dunyo ilm-fan, madaniyat, adabiyot va sanʼat oʻchogʻi sanalgan. Mirzo Ulugʻbek, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Amir Temur kabi buyuk siymolarimizning dunyo tamadduniga, ilm-fan rivojiga hissasini qoʻshgan ilmiy asarlaridan hali-hamon dunyo olimlari qoʻllanma sifatida foydalanishadi. Navoiy va Bobur kabi allomalarimiz asarlarini jahon fan arboblari hamon oʻrganadi. Turkiy xalqlarni adabiy muhitda birlashtirgan ushbu xalqaro nufuzli festival ular yoqqan maʼnaviyat va maʼrifat mashʼali hamon dunyoga ziyo taratib turganidan nishonadir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻtkazilgan mazkur xalqaro sheʼriyat festivali turkiy xalqlar shoirlari va tarjimonlari, shuningdek, adabiy tashkilotlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qardosh xalqlar ijodkorlari oʻrtasida yaqindan muloqotni yoʻlga qoʻyishga qaratilgani bilan ham yanada ahamiyatli boʻldi.
Festival doirasida turkiy mamlakatlardan tashrif buyurgan adiblar barcha turkiy xalqlarning buyuk shoiri Alisher Navoiy haykali poyiga ehtirom ramzi sifatida gul qoʻyib, alloma nomi bilan ataladigan bogʻda yangi koʻchatlarni ekdilar. “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildligi hamda “Istiqlol davri oʻzbek navoiyshunosligi” kitobining 30 jildligi, Alisher Navoiyning qozoq tilida chop etilgan “Xamsa” asari taqdimotlari turkiy tillarda ijod qiladigan shoir-yozuvchilarda chuqur taassurot qoldirdi.
Adabiyot, sheʼriyat va dusoʻtlik bayramida oʻzining yorqin va betakror isteʼdodi, dunyoga mashhur badiiy asarlari, serqirra ijodiy va ijtimoiy faoliyati bilan turkiy xalqlar, jumladan, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va qardoshlik munosabatlarini mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, navqiron ijodkorlarni tarbiyalash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, oʻzaro hurmat va bagʻrikenglik, tinchlik vahamjihatlik ruhida kamol toptirish ishiga qoʻshgan munosib hissasi hamda tavalludining 85 yilligi munosabati bilan TURKSOY Yozarlar birligi faxriy raisi, Ozarbayjon Yozuvchilar birligi raisi, atoqli adib va jamoat arbobi Anar Rasul oʻgʻli Rzayev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi.
1938-yilda Boku shahrida tugʻilgan Anar Rzayev Ozarbayjon xalqining ardoqli yozuvchisi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari, Markaziy Osiyo va turkiy tilli xalqlar adabiyotini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan adib va jamoat arbobidir. Anar Rzayev Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi azaliy doʻstlik aloqalarini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. U Boku shahrida Alisher Navoiyga haykal oʻrnatish gʻoyasining tashabbuskorlaridan biridir.
– Bugun Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan yuksak mukofot bilan taqdirlanganimdan juda baxtiyorman va minnatdorman. Xalqlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik uzoq tarixga ega va bugungi kunda ham uzviy davom etmoqda. Buyuk alloma nomi bilan ataladigan Navoiy shahrida tashkil etilgan xalqaro festival turkiy xalqlar ijodkorlarini bir davra jam qilgani bilan juda ham ahamiyatli boʻldi. Bu anʼana yana davom etadi, – TURKSOY Yozarlar birligi faxriy raisi, Ozarbayjon Yozuvchilar birligi raisi Anar Rzayev.
Mehmonlar festival doirasidagi tadbirlar davomida yurtimizning bahori butun borliqqa goʻzal sepini yoygan shu kunlarda Maʼrifat bogʻida sumalak sayli va folklor-etnografik jamoalarning qoʻshiq va tomoshalaridan, “Farhod” madaniyat saroyida oʻtgan “Vatan manzumasi” adabiy-maʼrifiy dasturdan bahramand boʻldilar. Sahnada namoyish etilgan adabiy-badiiy chiqishlarda ildizi mustahkam turkiy tilning bosh negizi – Oʻrxun Enasoy tosh bitiklari, Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Xojib, turkiy tilning boy lugʻati va jozibasini dunyoga tanitgan Navoiy asarlari, oʻzbek dramaturgiyasiga asos solgan Mahmudxoʻja Behbudiyning “Padarkush” dramasi va boshqa adabiy xazinamiz durdonalari oʻz aksini topdi.
– Agar turli milllatlarning adabiyoti, sanʼati va madaniyatlari birlashsa, shu yoʻlda xizmat qilayotan ziyolilar fidoyilar bir maqsad yoʻlidan borishsa, elu yurtlar birlashadi. Adabiyot deganda biz ezgu soʻzni, ajdodlarimiz qoldirgan boy soʻz merosini tushunamiz. Bugungi anjuman qardosh xalqlar ijodkorlarini ezgu yoʻlda uchrashtirdi. Birinchi qadam qoʻyildi va yuz jildli kitoblar nashr etildi. Kelgusida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida turkiy xalqlarning ellik tomdan iborat folklor asarlarini nashr etishni rejalashtiryapmiz. Bizda “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, qozoqlarda “Manas”, boshqa millatlarda ham shu kabi folklor asarlar bor. Mana shu asarlar turli tillarga tarjima qilinsa, ularni oʻrgansak, maʼnaviy dunyomiz yanada kengayadi, – deydi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev.
Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, Yozarlar birligining birinchi yigʻilishi, dunyo miqyosida gʻoyat nufuzli mazkur xalqaro adabiy anjumanning yurtimizda oʻtkazilishi oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq, albatta. Bunga mamlakatimizda keyingi yillarda barcha tarmoqlarda boʻlgani kabi soʻz sanʼati sohasida ham chuqur islohotlar, yangilanishlar amalga oshirilgani tufayli erishildi.
Yigʻilishda TURKSOY tashkiloti Bosh kotibi Sulton Rayev va faxriy raisi Anar Rzayev, TURKSOY Yozarlar birligi hamda Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulugʻbek Yesdavlat, shu bilan birga, Yevroosiyo, Turkiya, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tatariston va Boshqirdiston Yozuvchilar uyushmalari vakillari qatnashdi.
Albatta, bugun dunyo jamoatchiligining diqqat markazida boʻlgan ushbu nufuzli xalqaro tuzilma turkiy xalqlar oʻrtasida adabiy aloqalarni yanada rivojlantirish, turkiy xalqlar mumtoz sheʼriyatini xalqaro miqyosda oʻrganish va targʻib qilish, adabiyot sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, turkiy tilli davlatlarning maʼnaviy qadriyatlari va tarixiy merosini oʻrganish, asrab-avaylash hamma ommalashtirish kabi maqsad va vazifalarga xizmat qiladi.
Festival doirasida tadbir ishtirokchilari Nurota tumanidagi “Chashma” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga ham sayohat qilishdi va qadimiy maskan tarixi hamda bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Albatta, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, hamjihatlik, ogʻa-ini, qardosh-qarindoshchilik rishtalari adabiy hamkorlikda yanada mustahkamlanadi. Aynan shu maqsadda tuzilgan Turksoy Yozarlar birligi esa endilikda turkiy xalqlari ijodini birlashtirish, nafaqat, asarlari, balki madaniyatini ham avlodlarga meros qoldirishga xizmat qiladi.