Press-tur ishtirokchilari dastlab Oʻzbekiston Milliy gerbariysi, u yerdagi ilmiy xodimlarning ish jarayoni, gerbariyni yana-da boyitish va uni raqamlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Oʻzbekiston Milliy gerbariysi Markaziy Osiyodagi eng yirik botanik kolleksiya, dunyodagi 3750 dan ortiq gerbariylar orasida birinchi 30 talik tarkibiga kiruvchi noyob ilmiy obyekt hisoblanadi. 1830-1835-yillardan boshlab toʻplangan bu gerbariy kolleksiyasi hozirgi kunga kelib 1.5 milliondan ortiq namunalarni oʻz ichiga olgan va bu koʻrsatkich bilan Osiyo mintaqasidagi yirik 4 ta gerbariylar qatoriga kiradi.
Oʻzbekiston hududidan terilgan dastlabki namunalar 1900-1905-yillarga toʻgʻri keladi. Ayni paytda esa mamlakatimiz sarhadlaridan toʻplangan gerbariy namunalari Milliy gerbariyning asosiy qismini tashkil etadi. Gerbariyning Tiplar kolleksiyasi 3000 dan ortiq namunalarni oʻz ichiga oladi va ular fan uchun yangi deb topilgan oʻsimlik turlarining ilk namunalari, yaʼni, shu oʻsimlik turining “pasporti” hisoblanadi. Tip namunalari kolleksiyasi toʻliq raqamli formatga oʻtkazilgan.
Oʻzbekiston Milliy gerbariysi mamlakatimizdagi botanik tadqiqotlarning asosi hisoblanadi. Flora, oʻsimliklar sistematikasi va geografiyasi, oʻsimliklar qoplami, resursshunoslik borasida olib boriladigan barcha tadqiqotlar aynan gerbariy fondiga tayanadi. Bundan tashqari, botanika faniga yondosh boʻlgan bir qator fan yoʻnalishlari, jumladan, biokimyo, farmatsevtika, genetika borasidagi tadqiqotlarda ham gerbariy kolleksiyasining oʻrni ortib bormoqda.
Soʻngra press-tur ishtirokchilari 2018-yilda “Bir makon — bir yoʻl” tashabbusi doirasida va boshqa tashkilotlarning 12 yetakchi olimlari va rahbarlari bilan hamkorlikda OʻzR FA Botanika instituti huzuridagi akademik F.N.Rusanov nomidagi Botanika bogʻida tashkil etilgan Global Allium Garden Toshkent markazida ham boʻlishdi. Ayni paytda Piyozlar bogʻida Markaziy Osiyo, Xitoy, Eron, Kavkaz va Oʻrta Yer dengizi florasiga mansub 100 dan ortiq turlar parvarish qilinmoqda.
Markaz dunyo florasidagi yovvoyi piyoz turlarini saqlab qolish Global Allium Garden xalqaro dastur doirasida tashkil etilgan va Markaziy Osiyodagi yovvoyi piyozlarni oʻrganish va saqlab qolish vazifasini bajarishga ixtisoslashtirilgan.