Xalqaro tadbir shu yilning 2-4-oktyabr kunlari O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi (ACDF) tomonidan Indoneziya Respublikasi, BMT Savdo va taraqqiyot konferentsiyasi (UNCTAD) va Jahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) ko'magida o'tkazilyapti. Konferentsiya 80 ga yaqin davlatdan kelgan salkam ikki ming mehmonni kutib oldi. Ular orasida kreativ iqtisodiyot sohasining nufuzli vakillari, xalqaro ekspertlar, mashhur ijodkorlar bor.
Konferensiya dasturi ham juda boy va xilma-xil. Plenar yig'ilishlar, panel muhokamalari, vorkshoplar va mahorat darslarini o'z ichiga oladi. Ishtirokchilar nafaqat yangi bilimlarga ega bo'lishlari, balki madaniy dasturdan ham bahramand bo'lishlari mumkin.
WCCE konferentsiyasi 2018-yilda ilk bor Indoneziyada tashkil etilgan bo'lib, kreativ iqtisodiyot masalalarini muhokama qilish uchun etakchi xalqaro platforma sifatida o'zini namoyon qilgan. Xalqaro konferentsiyaning bu yilgi asosiy mavzusi — “Inklyuziv kreativlik: o'zgaruvchan reallik”. Tadbir barqaror iqtisodiy o'sishni rag'batlantirish va resurslarga bog'liq iqtisodiyotdan bilim iqtisodiyotiga o'tishda kreativ sohalarning rolini ta'kidlab, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Kreativ iqtisodiyot — bu ijod namunalarini tijoratlashtirishni nazarda tutadi. Ma'lumotlarga ko'ra, madaniy va kreativ sanoatlar har yili taxminan 2,3 trillion dollar miqdorida daromad keltirib, global yalpi ichki mahsulotning 3,1 foizini tashkil qiladi. 2030-yilga borib mazkur ko'rsatkich 10 foizga o'sishi kutilmoqda.
— Ushbu konferensiyani aynan O'zbekistonda o'tkazish tashabbusi to'g'ri tanlov bo'lgan, — deydi UNESKOning sobiq bosh direktori Irina Vokova. — Azaldan ijodkor xalq va bugun dunyoga ochilayotgan mamlakat sifatida namoyon bo'lmoqda. Iqtisodiyotning bilim va innovatsiyalarga asoslangan kreativ modeli esa jahonda barqarorlikning eng muhim faktorlaridan biriga aylanmoqda. Masalan, G20 davlatlarida 2030-yilgacha ijodiy iqtisodiyot 40 foizga o'sishi mumkin. BMT tashkiloti hisob-kitoblariga ko'ra, global kreativ iqtisodiyot 15 milliondan ortiq ish o'rni yaratadi. Ularning ko'pchiligi ayollar va yoshlarni qamrab oladi. Bu O'zbekiston kabi yosh aholiga ega davlatlarda rivojlanish sari ulkan imkoniyatdir. Zero, ijodiy segmentda salohiyat va davlatning qo'llab-quvvatlovi ushbu diyorda bugun yuqori. Buyuk Ipak Yo'lidagi joylashuv, UNESKO ro'yxatiga kirgan shaharlardagi noyob obidalar, an'analar kreativ industriyani drayverga aylantirishi mumkin.
Kreativ ijodkorlik iqtisodiyotning yangi, shu bilan birga, kelajak yo'nalishidir. SHahrimiz mezbonlik qilayotgan IV Jahon kreativ iqtisodiyot konferentsiyasi (WCCE) esa ilk bor 2018-yilda Indoneziyada tashkil etilgan. O'shanda kreativ iqtisodiyot masalalarini muhokama qilish uchun etakchi xalqaro platforma sifatida o'zini namoyon qilgan va bugunga kelib ko'lami kengayib bormoqda.
WCCE—2024 konferensiyasida kreativ sanoatlar inklyuziv va barqaror iqtisodiy rivojlanishga qanday hissa qo'shishi, shuningdek, sun'iy intellekt kabi texnologiyalar bu sohadagi o'yin qoidalarini qanday o'zgartirishi haqida muhokama qilish uchun maxsus platforma bo'ladi. Konferentsiya davomida kreativ iqtisodiyot masalalari bo'yicha vazirlar uchrashuvi, jahon va O'zbekistonning kreativ sanoatlari yutuqlari ko'rgazmasi, shuningdek, ko'plab vorkshoplar, mahorat darslari va amaliy mashg'ulotlar kabi muhim tadbirlar o'tkaziladi.
Shu tariqa, Toshkent shaxrida o'tkaziladigan IV Jahon kreativ iqtisodiyot konferentsiyasi nafaqat kreativ sanoatlar, balki dunyoning umumiy iqtisodiyoti uchun ham muhim voqea bo'lib, g'oyalar almashinuvi, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va innovatsion rivojlanishni rag'batlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.
Iroda Toshmatova
“Yangi O'zbekiston” muxbiri