баннер
8 Apr 2025
05:30

    Toshkent shahrida havoni tozalaydigan birinchi devoriy surat chizildi

    Sergeli tumanida paydo bo'lgan devoriy tasvir noyob bo'yoqlari yordamida havoni tozalaydi.

    Poytaxtimizdagi koʻp qavatli binolar devorini turli mavzularni aks ettiruvchi tasvirlar bilan bezatish keyingi yillarda ommalashib boryapti. Toshkent shahri Sergeli tumanida ana shunday devoriy suratlardan yana biri paydo boʻldi. Faqat u boshqa rasmlardan mutlaqo farq qiladi. Devoriy tasvir shaharning koʻrkiga koʻrk qoʻshish bilan birga, noyob boʻyoqlari yordamida havoni tozalash xususiyatiga ega. Xalqaro maydonda tan olingan ushbu innovatsion texnologiya Oʻzbekistonda ilk marotaba qoʻllanildi.

    Devoriy tasvir Italiyaning “The Blue Planet” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan noyob “Airlite” boʻyyoqlari yordamida chizilgan boʻlib, aynan shu boʻyoq maʼlum masofadagi havoni tozalab turadi. Texnologiya ishi murakkab qurilmalarga asoslanmagan, tozalash jarayonini boʻyoqning oʻzi amalga oshiradi. Uning tarkibidagi titan dioksidi atmosferadagi ifloslantiruvchi zararli moddalar bilan reaksiyaga kirishib, ularni xavfsiz nitratlarga aylantiradi. Natijada havodagi zararli moddalar va chiqindilarni sezilarli darajada kamaytiradi. Buni u quyosh nurlari taʼsirida amalga oshiradi. Boʻyoqning bunday taʼsirini xuddi momoqaldiroqdan keyin havoning manfiy zaryadlangan ionlar bilan tozalanishi yoki oʻsimliklarning havodagi karbonat angidridni yutib, kislorod ajratib chiqaruvchi fotosintez kabi tabiiy jarayonlarga qiyoslash mumkin.

    2007-yilda qiziq tajriba oʻtkazilgan: Rim shahridagi eng ifloslangan hududlardan biri — Umberto I tunnelini “Airlite” boʻyogʻi bilan qoplash taklif qilindi. Tajribadan avval va keyin tunnelning ifloslanish darajasi oʻlchanganida bir oydan keyingi natijalar tunneldagi zararli moddalar miqdori 50 foizga kamayganini koʻrsatdi. 2024-yildan esa Rim shahri hokimiyati shahar binolarida olib boriladigan xoʻjalik ishlari davomida “Airlite” boʻyoqlarini qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

    Innovatsion boʻyoq quyosh nurlarining issiqlik tarqatuvchi komponentlarini qaytarib, ortiqcha qizib ketishning ham oldini oladi. Uning bu xususiyati binolarning energiya samaradorligini oshirish hamda shaharlarda “issiqlik oroli” taʼsirini kamaytirish orqali haroratni pasaytirishga yordam beradi. Mazkur texnologiya 2019-yilda BMTning Atrof-muhit boʻyicha dasturi tomonidan havoning ifloslanishiga qarshi yordam beradigan toʻrtta innovatsion texnologiya qatoriga qoʻshilib, eng istiqbolli yechimlardan biri sifatida tan olingan. Noyob boʻyoq beshta xalqaro patent bilan himoyalangan boʻlib, qator sertifikatlarga ega.

    — Hozirgi kunda “Airlite” boʻyoqlari dunyo boʻylab shahar devoriy tasvirlaridan tortib, shifoxona interyerlarigacha keng qoʻllanilmoqda. Hatto “IKEA”, “Nike”, “Volkswagen” kabi mashhur brendlar oʻz loyihalarida foydalanyapti. TBC Bank mutaxassislari ushbu texnologiya bilan tanishib, uning chindan samarali ekaniga ishonch hosil qilganidan soʻng, ijtimoiy loyihani yurtimizda amalga oshirishga qaror qildik, — deydi marketing departamenti katta mutaxassisi Sohib Gʻulomov. — Buning uchun poytaxtning Sergeli tumani tanlangani ham tasodif emas. Ayni paytda bu hudud Toshkentning eng jadal rivojlanayotgan, aholi zich joylashgan manzillaridan biri boʻlib, loyiha orqali koʻplab insonlarni qamrab olish, odamlarga estetik zavq berish barobarida, hudud havosini yaxshilashga hissa qoʻshish maqsad qilingan. Devoriy tasvirda sanʼat va innovatsion texnologiyaning uygʻunlashgani zamonaviy shaharsozlik yondashuvlarini ifodalaydi.

    Havo uchun yangicha “filtr”

    Devoriy suratda sharqona qiyofadagi qizning chinor soyasida turib, toza havodan erkin nafas olayotgani tasvirlangan. Rasmdagi har bir tasvir aniq maʼnoga ega. Umumiy koʻrinish soflik, musaffo havo, insonning atrof-muhit bilan uygʻunligini ifodalaydi. Alohida tasvirlar orqali esa ekologik muammolar tobora murakkablashib borayotgan bugungi asrimizda insoniyat atrof-muhitni asrashga daxldorligi, toza havodan nafas olish oʻz qoʻlimizda ekanini anglash mumkin.

    Ushbu gʻoya va devoriy surat mahalliy rassom Nadejda Riqsiyeva tomonidan yaratilgan. Toshkentda tugʻilib oʻsgan bu ijodkor ham ichki devorlar interyeri, ham tashqi bino fasadlarini boʻyashda katta tajribaga ega. Proffessional va texnik mahorati koʻplab asarlarida koʻrinadi. Loyiha uchun rassomni tanlashda shu jihatlarga eʼtibor qaratildi. Qolaversa, Nadejda taklif qilgan eskiz tashabbuskorlarga maʼqul keldi. Rassom oʻzi tasvirlab bergan erkinlik, toza havo va tabiat uygʻunligini devoriy suratda “jonlantirdi”.

    Shunday qilib, joriy yilning mart oyida poytaxtimizning Sergeli tumani Mehrigiyo mahallasidagi koʻp qavatli bino devorida havoni tozalaydigan ilk tasvir paydo boʻldi. Umumiy 250 metr kvadrat qoplamaga ega mural kuniga 50 ta avtomobildan chiqadigan zararli moddalarni neytrallab, hudud havosini tozalaydi. Mutaxassislarning aytishicha, “Airlite” boʻyogʻining taʼsiri uning noorganik mineral tarkibi tufayli uzoq yillar davomida saqlanib qoladi. Innovatsion boʻyoq atmosfera taʼsiri va ifloslanishiga yuqori darajada chidamli boʻlib, havodagi zararli moddalar miqdorini uzoq muddatga kamaytirishga yordam beradi. Suratdagi QR-kod orqali esa mazkur devoriy tasvir hamda boshqa ekoloyihalar haqida maʼlumotlar olish mumkin.

    Devordagi mural maʼlum masofagacha boʻlgan joy havosini doimiy tozalab turadi. Bu ana shu hudud aholisi uchun tabiiy filtr degani. Yaʼni, odamlar devoriy suratdan estetik zavqlanish jarayonida toza havodan ham bahra oladi. Buni mahalla ahli ilk kunlardanoq seza boshlagan.

    — Odamlar havo tozalanayotganini darrov payqadi. Oʻzim ham birinchi kuniyoq tasvir oʻrnatilgan joydan 50 metr narida turib havoning oʻzgarganini sezdim, — deydi “Mehrigiyo” MFY raisi Dilrabo Abdullayeva. — Mahallamizda shunday rasm chizilishi haqida aytilganida, juda quvonib, qoʻllab-quvvatlagandim. Chunki bu yerda 6 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi, doimiy harakatlanadigan avtotransport vositalari juda koʻp. Ulardan har kuni qanchadan-qancha zaharli gazlar chiqadi. Bu oʻz-oʻzidan havoning yomonlashishiga, odamlar toza boʻlmagan havodan nafas olishiga sabab boʻlyapti. Toʻgʻri, hozirgi kunda bu koʻplab hududlarda mavjud muammo. Shu bois, zamonaviy chora-tadbirlarni koʻpaytirish, mahallamizda oʻrnatilgan devoriy tasvir kabi innovatsion yechimlarni koʻproq qoʻllash ayni muddao, deb bilaman.

    Ijtimoiy loyiha yurtimizda joriy — Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot” yili doirasida amalga oshirilayotgan faol harakatlarning bir qismi. Qolaversa, rivojlanishlar taʼsirida havoning ifloslanish darajasi ortib borayotgan shaharlar uchun yangicha yechimlardan biri sanaladi. Shu bois, loyiha davom etishi va yuqoridagi kabi ekologik devoriy tasvirlar, sanʼat asarlari mamlakatimizning boshqa hududlarida ham paydo boʻlishi tarafdorimiz. Loyihaga yosh ijodkorlar, havaskor ishqibozlarni jalb qilish orqali, ijtimoiy koʻlamini yanada kengaytirish mumkin.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 02.04.25, 67-sonida chop etildi)

    Telegram kanalimiz
    Text to speech