Oʻzbekiston Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganining ikki yilligi munosabati bilan boʻlib oʻtayotgan mazkur anjuman yalpi va tematik parallel sessiyalar shaklida olib borildi.
Tadbirning birinchi kuni korrupsiya, jinoiy mablagʻlarni qonuniylashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda yangi chaqiriq va tendensiyalar, tergov faoliyatida raqamli kriminalistikaning ahamiyati, huquqni muhofaza qilish sohasida fan va taʼlim, sunʼiy intellektni qoʻllash, odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilish ustidan prokuror nazorati samaradorligini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Konferensiya ishida fan va taʼlim sohasidagi 150 dan ortiq xorijiy va milliy ekspertlar, yetakchi olimlar va huquqni muhofaza qilish sohasining tajribali xodimlari, tadqiqotchilar ishtirok etdilar.
Xalqaro konferensiyani soʻzga chiqqanlar huquq-tartibot idoralari faoliyatini samarali tashkil etishda fan va taʼlimning ahamiyati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, trasmilliy uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish, inson huquqlarini taʼminlash va boshqa muhim yoʻnalishlarda hamkorlikdagi loyihalarni alohida taʼkidlab oʻtdi.
Xalqaro konferensiya doirasida “Huquqni muhofaza qilish sohasida fan va taʼlim, sunʼiy intellektni qoʻllashning dolzarb masalalari”, “Tergov faoliyatini tashkil etishga yangicha yondashuvlar: raqamli kriminalistikaning roli”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish: zamonaviy muammolar va tendensiyalar”, shuningdek, “Odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilish ustidan prokuror nazorati samaradorligini oshirish masalalari” mavzularida parallel sessiyalar boʻlib oʻtdi.
Oʻtkazilgan sessiyalar natijalariga koʻra, konferensiyaning huquqni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy va taʼlim salohiyatini oshirish, masʼul organlar faoliyatida inson huquqlarini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi standartlarni implementatsiya etish, terrorizmni moliyalashtirish va jinoiy aktivlarni tiklash, idoralararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tavsiyalari qabul qilindi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya natijalari toʻplam shaklida chop etiladi.
Konferensiya oʻz ishini 22-noyabr kuni davom ettiradi.