Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev viloyat ahliga murojaat yoʻlladi

    Mamlakatimizda 25 Dekabr 2021 3252

    Nurafshon shahrida joriy yilning 25-dekabr kuni Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining sessiyasida viloyat ahliga murojaat yoʻlladi.

    Sessiyada deputatlar, sektorlar rahbarlari, viloyat faollari va jamoatchiligi, markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etdilar.

    3 qismdan iborat murojaatning 1-qismida viloyatda 2021-yil yakunlari, erishilgan yutuqlar qatorida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar va masalalar qamrab olingan. Xususan, joriy yilda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 75,1 trln. soʻmni va oʻsish surʼati 108,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

    Sohalar kesimida, sanoatda 8,7 foizga, xizmatlar koʻrsatishda 23,1 foizga, qishloq xoʻjaligida 5,6 foizga hamda qurilish-pudrat ishlarida 12,2 foizga oʻsish taʼminlandi. Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari 26,7 million soʻmni, xizmatlar 7,7 million soʻmni va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 9,3 million soʻmni tashkil etdi.

    Yalpi hududiy mahsulotda sanoat ulushi 47,1 foiz (34,0 trln. soʻm), qurilish sohasi ulushi 5,0 foiz (3,6 trln. soʻm), qishloq xoʻjaligi sohasi ulushi 22,9 foiz (16,6 trln. soʻm) va xizmatlar sohasi ulushi 25,0 foizni (18,0 trln. soʻm) tashkil qildi.

    Kichik biznes ulushi esa 47,1 foizni tashkil etdi. Viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqarish 2-martaga, metallurgiya sohasi va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1,5-martaga, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish 1,4-martaga oshdi.

    Shuningdek, murojaatning 2-qismida viloyatda joriy yilda foydalanilmagan imkoniyatlarga ham toʻxtalindi. Jumladan, aholi jon boshiga nisbatan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish Nurafshon (1,4 mln. soʻm), Yangiyoʻl (1,4 mln. soʻm), Olmaliq (1,7 mln. soʻm) shaharlari va Parkent (1,7 mln. soʻm) tumanida ham qoniqarsiz ahvolda. Boʻka, Oqqoʻrgʻon, Parkent va Bekobod tumanlarida birorta ham goʻsht mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona faoliyat olib bormayapti.

    Tibbiyot sohasida ham kamchilik va muammolar bor. Murojaatning 3-qismi 2022-yilning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olishga bagʻishlandi. 2022-yilda viloyatda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish va yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida jami 217 mlrd. soʻm mablagʻ ajratiladi.

    Hokim yordamchilari mahallalardagi ishsiz aholini ish bilan taʼminlash, ularga doimiy daromad manbaini yaratishga koʻmaklashish uchun ustuvor ravishda mahalladagi muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda faoliyat olib boradilar.

    Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi loyihalarni ishga tushirish orqali sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 36,0 trln. soʻmga yetkaziladi, ishlab chiqarilgan mahsulotning 45-50 foizi eksportga yoʻnaltiriladi.

    2022-yilda Nurafshon shahrida viloyat televideniyesi tashkil etiladi. 30 ta xalq taʼlimi sohasi obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi.

    Tibbiyot sohasidagi 11 ta obyektda 52,5 mlrd. soʻmlik qurilish ishlari amalga oshiriladi. 2022-yil yakunida yalpi hududiy mahsulot hajmi 88,7 trln. soʻmni tashkil etishi va 2021-yilga nisbatan 108,9 foizga oʻsishi kutilmoqda.

    Shuningdek, 91,2 trln. soʻmlik – sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi, 28,8 trln. soʻmlik – qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladi hamda 11,8 trln. soʻmlik – qurilish pudrat ishlari amalga oshiriladi.

    Barcha dasturlar doirasida jami 124 ming aholining bandligi taʼminlanadi hamda aholi jon boshiga daromad hajmi – 16 mln. 500 ming soʻmni tashkil etishi kutilmoqda.