Ushbu havzada jami 9 ta muzlik mavjud boʻlib, umumiy 0,63 km² maydonga ega.
Xabarda yozilishicha, 9 ta nomsiz muzliklarning eng kattasi uzunligi 750 metr, maydoni 0,25 km² hamda hajmi 8.5 mln. metr kubga teng. Bu muzliklar avval oʻrganilmagani bois ularning nomlari ham yoʻq. Markaz ilmiy xodimi Sarkorbek Suvonqulovning xabar berishicha, muzliklarning morfologik koʻrsatkichlari qayd etilib, ularga shakllangan hududiga mos ravishda nom berildi. Maʼlumot uchun, muzliklarning eng kattasi Zikr-2 deb nomlangan.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatov oʻzining Telegram sahifasida yangi kashf qilingan muzliklar va ularning ahamiyati haqida tushuntirish berdi.
“Bitta shu muzlik (muzliklarning eng kattasi Zikr-2 nazarda tutilyapti) 10 mln. metr kub suv hajmini beradi. Toʻgʻri, yiliga 30 mlrd. metr kub suv isteʼmol qiladigan Oʻzbekiston uchun bu muzlikning ulushi u qadar sezilmas, ammo, iqlim oʻzgarishi tufayli uning jadal erishi, har yili erigan muzlik oʻrnini qayta muzlik egallamasligi kelgusida bir havza misolida yetarlicha suv tanqisligini keltirishi bor gap. Qolaversa, muzlik ustida tadqiqotlarni kengayishi togʻli hududlarda shakllanadigan suv zaxiralarimizning kelgusi taqdiri haqida toʻliqroq maʼlumotlarni olishda ahamiyatli hisoblanadi. Bu muzlikka yetib borish ham juda mashaqqatli,” - deydi u.