Poytaxtimiz hududida sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish, sifatsiz goʻsht-sut mahsulotlarini aniqlash hamda tegishli hujjatlarsiz goʻsht-sut mahsulotlarini sotishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha profilaktika tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Xususan, Toshkent shahar IIBB JTSB Karantin tadbirlarini taʼminlash guruhi xodimlari tomonidan shaharga sifatsiz goʻsht mahsulotlari olib kirish holati aniqlandi.

“Erkin” YPX maskanida IIB xodimlari tomonidan “Qashqadaryo-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan 1989-yilda tugʻilgan Sarvar T. boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatib tekshirilganida, uning yukxonasida 6 bosh tirik va 1 ta bosh, taxminan 350 kilogramm ogʻirlikdagi ot goʻshti borligi aniqlandi.

Shunday qilib, karantin tadbirlarini taʼminlash guruhi xodimlari tomonidan olib borilgan ishlar natijasida 350 kilogramm goʻsht mahsulotlarini tegishli hujjatlarsiz poytaxtga olib kirish fakti oldi olindi. Goʻsht mahsuloti Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi laboratoriyasida tekshiruvdan oʻtkazildi va isteʼmolga yaroqsizligi maʼlum boʻldi. Shunga koʻra, sifatsiz goʻsht mahsuloti tegishli tartibda yoʻq qilindi.