Chirchiq daryosining o'ng tomonida, daryo o'zanidan 220 metr uzoqlikda joylashgan ushbu qabriston shimoli-sharqdan janubi-g'arbga cho'zilgan. Uning uzunligi 390 metr, kengligining qisqa joylari – 75 metr va eng keng joyi 125 metrni tashkil qiladi. Qabristonning o'rtasida yon-atrof tekislikdan 2 metr balandlikda, maydoni 0.44 gektar keladigan to'rtburchak shakldagi tepalik ajralib turadi. Tepalik ko'zdan kechirildi va uning o'rnida arxeologik yodgorlik aniqlandi.
Tepalik sirtidan IX-X asrlarga oid bo'lgan, sirlanmagan, ammo qora bo'yoq oqizib va tirnab bezak berilgan sopol idish namunalari, 20x20x3-35 santimetr hajmda pishgan g'ishtlar topildi.
O'rganilgan tepalik eskidan qabristonga aylantirilgan bo'lib, uning butun maydoni kichik do'nglik va chuqurchalardan iborat. Tepalikni ko'zdan kechirish jarayonida marmartoshdan uzun qilib yo'nilgan, arab yozuvi o'yib yozilgan yodgorlik — qabrtosh aniqlandi. Qabrtoshdagi yozuvlarga qaraganda u xijriy 1317-yilda vafot etgan shaxsga atab qo'yilgan.
Tepalikda yana ikki dona shunga o'xshash qabrtosh mavjud bo'lib, qabristonning alohida joyga olib borib qo'yilgan. Ulardan biriga 1295, ikkinchisiga 1313 raqami yozilgan. Qabrtoshlardagi yillar hijriy-qamariy hisobda yozilgan bo'lib, milodiy XIX asrning 4-choragiga to'g'ri keladi.
Shuningdek, hududni o'rganish asnosida qabriston qorovuli tomonidan topilgan ko'zacha ham davlat muzeylariga topshirish uchun qabul qilib olindi. Ko'zacha qabrlarni suvash uchun keltirilgan tuproq orasidan chiqqan va asrab-avaylab kelingan.
Ushbu topilmalar “Changallik” qabristonining arxeologik yodgorlik ekani bildiradi. Mutaxassislar milodiy IX-X asrlarda bu hududda qishloq mavjud bo'lgani va XIX asrdan e'tiboran qabriston vazifasini o'tab kelayotganini ma'lum qildilar.
Dilmurod Normurodov,
tarix fanlari boʼyicha falsafa doktori