Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida bir qancha ijobiy chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Misol uchun, Toshkent shahrida hozirga qadar 2 ta 24 soat faoliyat olib boradigan gastronomik koʻchalar (Sultonali Mashhadi va Taras Shevchenko) mavjud boʻlib, yana 8 ta koʻchalarni gastronomik koʻchalarga aylantirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, viloyat rahbarlariga turistlar uchun dam olish dasturlarini tasdiqlash orqali savdo-koʻngilochar va umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati tungi vaqtda cheklanishiga yoʻl qoʻyilmaydigan zonalarni aniqlash vakolati berilgan.
Shunga qaramasdan, Toshkent shahrida tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun birinchi qadam sifatida amalga oshirilishi lozim boʻlgan imkoniyatlar chetda qolib, bir nechta koʻchalarni gastronomik koʻchalarga aylantirish chora-tadbirlari bilan cheklanib qolinmoqda.
Xususan:
a)tungi vaqtlarda poytaxtda transport xizmatiga talab mavjud boʻlib, bu faqatgina shaxsiy yoʻnalishsiz taksi xizmatlarining faoliyati evaziga qondirilmoqda, biroq tungi rejimda xizmat koʻrsatuvchi jamoat transporti harakati yoʻlga qoʻyilmagan;
Toshkent shahrida avtobuslar harakati 05:00 dan 23:00 gacha, metro harakati esa 05:00 dan 00:00 ga qadar xizmat koʻrsatishi belgilangan.
b)tungi vaqtlarda maʼdaniyat va sanʼat muassasalari hamda sport va koʻngilochar dam olish maskanlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish imkoniyati mavjud;
Misol uchun, maʼdaniyat va sanʼatga qiziquvchi aholi va turistlarga gallereyalar, muzeylar va kinoteatrlarni 24/7 rejimida ishlash huquqini berish hamda sport havaskorlari uchun sport maydonchalari, kibersport va fitnes klublar ish vaqtini uzaytirish imkoniyatlari mavjud.
v)tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida xavfsiz va jozibador jamoat joylarini loyihalash, shovqin va chiqindi bilan bogʻliq masalalar bilan ishlash uchun masʼul organ biriktirilmagan.
Butun dunyo boʻyicha 60 dan ortiq shaharlarda «tungi hokim» lavozimlari joriy etilgan boʻlib, ular shaharlarning ekotizimini boshqaradi va innovatsion takliflarni ishlab chiqadi.
g)tunda faoliyat olib boradigan majmualar (kafe, tungi klub, muzey, sport majmualari va boshqalar) haqida mahalliy va xorijiy turistlar maʼlumot olishlari uchun elektron platforma yaratilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
- 2025-yil 1-fevraldan boshlab tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirishga qaratilgan ishchi guruh tashkil etish.
- Tungi iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash maqsadida har juma va shanba kunlarida dam olish maskanlarni 24/7 rejimida uzluksiz ravishda ishlashini taʼminlash va tunda faoliyat olib boruvchi maskanlarning ish vaqti bilan bogʻliq cheklovlarni bekor qilish.
- Toshkent shahrida turistik salohiyatga ega hududlarni belgilab ushbu hududlarda tungi faoliyat zonalarini tashkil qilish.
- Tungi iqtisodiyot rivojlantirilishi rejalashtirilgan shaharlarning har birida jamoat transportini (avtobus, tramvay, metro) 24 soatlik rejimga oʻtkazish.
- «Tungi Toshkent» elektron platformasini ishlab chiqish hamda ushbu platformada tunda faoliyat olib boradigan maskanlar, tungi jamoat transporti yoʻnalishlari hamda maxsus arzonlashtirilgan takliflar haqida maʼlumot olish imkonini yaratish.
- Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida belgilangan muayyan hududlarni modernizatsiya qilish, koʻchalarda yoritish tizimini kuchaytirish hamda aholi va turistlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni loyihasi hamda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish va litsenziyalar berish tartibini isloh qilishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi.