Turizm orqali yiliga 30 mingdan ziyod ish o'rni yaratish mumkin

    Bugungi kunda jahon turizm bozori hajmi qariyb 9 trillion dollarni tashkil etmoqda.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda turizm iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida rivojlantirilmoqda. Qator farmon va qarorlar asosida bu sohadagi sharoitlar kengaytirilmoqda. Xususan, fuqarolaridan yurtimizga viza talab etilmaydigan mamlakatlar soni 9 tadan 86 taga yetkazildi, 53 ta davlat uchun “elektron viza” tizimi joriy etildi. Turizm uchun qiyin boʻlgan sohadagi subyektlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlandi, ularga subsidiya va ssudalar berildi.

    Shuningdek, joylarda sport infratuzilmasini rivojlantirish, xususiy sport inshootlari, mini-futbol, fitnes zallari barpo etish orqali aholini ommaviy sportga keng jalb qilish masalalari ham bu kunning eng dolzarb vazifalaridir.

    Turizm, sport va madaniy meros sohalarida zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ilgʻor xorijiy tajribaga tayanib, ushbu yoʻnalishlarda infratuzilmani jadal rivojlantirish, obyektlardan samarali foydalanish, aholiga yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi negizida Turizm va sport vazirligi, uning negizida viloyat bosh boshqarmalari, tumanlarda esa boʻlimlari tashkil etiladi.

    Mamlakatimizning turizm salohiyatini tubdan oshirish, turizm xizmatlarining tashqi va ichki bozorlarida marketing tadqiqotlari olib borishga, tarixiy-madaniy merosni keng targʻib qilish, turizm turlarini diversifikatsiyalash, eng avvalo, ziyorat turizmi, ekologik turizm, etnoturizm, ishbilarmonlik turizmi, sport, gastronomik, tibbiy, taʼlim va ilmiy turizmni hamda ularning infratuzilmasini rivojlantirish masalalari Vazirlikning turizm sohasidagi asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi.

    Bugungi kunda jahon turizm bozori hajmi qariyb 9 trillion dollarni tashkil etmoqda. Dunyoda ish bilan band aholining har oʻninchisi ushbu sohada faoliyat yuritmoqda.

    Yurtimizda ham turizmni rivojlantirish orqali yiliga kamida 30 mingdan ziyod ish oʻrni yaratish mumkin ekan. Birgina shu raqam sohada imkoniyatlari qanchalik katta ekanini koʻrsatmoqda.

    Shuningdek, yoʻlboʻyi turizm infratuzilmasini rivojlantirish, “turizm qishlogʻi”, “turizm ovuli” va “turizm mahallasi” loyihalarini amalga oshirish ham turizmni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashda katta imkoniyatlarni yaratadi.

    Bular oʻz navbatida turizm sohasida kadrlarni tayyorlash masalasiga katta eʼtibor qaratishni taqozo qiladi.

    Xuddi shunday, jismoniy tarbiya va sport sohasida aholining keng qatlamlarini sport bilan shugʻullanishga va sogʻlom turmush tarzini yuritishga jalb etish, jismonan sogʻlom oʻsib kelayotgan avlodni tarbiyalash, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirish, oliy sport mahorati sohasida mamlakatimizning xalqaro sport maydonida munosib ishtirokini taʼminlashga qaratilgan yagona siyosatni amalga oshirishdan iborat.

    Yurtimizda xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish orqali sport turizmini keng rivojlantirish koʻzda tutilgan. Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqa va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokni taʼminlash uchun istiqbolli sportchilarni saralash, tayyorlash va mahoratini oshirib borish, ular orasidan mamlakat terma jamoalari sifatli sport zaxirasi va tarkibini shakllantirishning samarali tizimi yaratiladi.

    Shuningdek, vazirlik huzurida Madaniy meros agentligining tashkil etilishi orqali madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash orqali turizm marshrutiga kiritilgan obyektlari sonini ortishi va turizm jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

    Dilbar MAMAJONOVA,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati