Har qanday mamlakat taraqqiyotiga kuchli taʼsir koʻrsatadigan sohalardan biri turizmdir. Jahonda mazkur tarmoqqa “iqtisodiyot drayveri” sifatida qaraladi. Zero, ushbu soha ravnaqi barcha infratuzilmalarni rivojlantirishni taqozo etadi, bu esa mamlakatning jahondagi imiji oshishi, obroʻ-eʼtibori mustahkamlanishiga turtki beradi.
Eng qadimgi tamaddun va madaniyatlar chorrahasida joylashgan Oʻzbekiston turizm jozibadorligi jihatidan dunyodagi sanoqli davlatlardan biri. Mamlakatimizda 7 mingdan ziyod nodir tarixiy yodgorlik va ulugʻvor hamda betakror arxitektura namunalari mavjud. Yurtimizning boy va rang-barang tabiati, soʻlim qoʻriqxonalari va milliy bogʻlari har qanday kishida ijobiy taassurot uygʻotadi. Xalqimiz milliy madaniyat, sanʼat va hunarmandchilikning koʻp asrlik anʼanalarini avaylab-asrab kelayotgani, jahonga mashhur milliy taomlarimiz va pazandachilik sohasidagi anʼanalarimiz saqlanib qolgani dunyo ahlini oʻziga rom etib, katta qiziqish uygʻotib keladi.
Zamonaviy turizm madaniyat, sanʼat, meʼmorchilik, hunarmandchilik, transport, ijtimoiy va xizmat koʻrsatish tarmoqlarining yuqori darajada rivojlanishiga asoslangan boʻlib, bu oxir-oqibat uni iqtisodiyotning yuqori rentabelli richagiga aylantiradi.
Shu bois, mamlakatimizda sayyohlik tizimini jahon andozalari darajasida taraqqiy ettirish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoq korxonalariga turli imtiyozlar yaratib berish, infratuzilmani shakllantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ochiqlik, erkinlik, tinchlik — Yangi Oʻzbekiston imiji
Keyingi yillarda Oʻzbekistonning surat va siyratini butunlay yangilashga qaratilgan islohotlar jadal tus oldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi asosida dastlab mamlakatimizni 2017–2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, 2022-yildan esa Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi. Ushbu muhim hujjatlarga muvofiq, xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquq va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan koʻlamdor islohotlar olib borilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar orasida turizm rivojiga qaratilgan chora-tadbirlarni alohida eʼtirof etish joiz. Chunki sayyohlikni ravnaq toptirish va shu orqali mamlakat iqtisodiyotini koʻtarishga katta salohiyat hamda imkoniyat boʻla turib, Oʻzbekistonda bu borada yillar davomida qoloqlik kuzatildi. Zamonaviy infratuzilmaning yoʻqligi, xizmat koʻrsatish tizimining abgor holati, eng asosiysi, mamlakatda hukm surgan “yopiqlik” siyosati, chet elliklar uchun viza olish masalasining haddan tashqari murakkablashtirilgani, jozibador imijning shakllantirilmagani koʻhna va navqiron diyorimizga kelish uchun xorijlikda katta qiziqish hamda ishtiyoq boʻlsa-da, ularni bu istak va niyatlari roʻyobini ortga surishiga majbur etardi.
Oʻzbekistonda keza boshlagan yangilanish nafasi, bahoriy iliqlik bu boradagi muz kabi qotib qolgan yondashuvlarni butunlay eritib yubordi. Davlatimiz rahbarining qatʼiy siyosiy irodasi bois Oʻzbekiston tashqi dunyoga ochildi, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv kuchaydi. Koʻplab xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun yurtimizga viza olish tartibi bekor qilindi yoki soddalashtirildi. Inson huquqlarini taʼminlash borasida olib borilgan tarixiy oʻzgarishlar, ochiqlik, oshkoralik, shaffoflikning kengaygani, erkinlik, tinchlik-xotirjamlikning barqarorligi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamladi. Bu, oʻz navbatida, yurtimizga kelayotgan chet ellik sayyohlar soni bir necha barobar ortishiga sabab boʻldi.
Soha ravnaqiga qaratilgan dasturilamal hujjatlar
Bugungi kunda turizmni jadal rivojlantirish borasidagi ishlar yangi koʻlam kasb etdi. “Turizm toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni, Prezidentimizning oʻnlab farmon va qarorlari, hukumatimiz tomonidan qabul qilingan koʻplab hujjatlar bu borada muhim dasturilamal boʻlmoqda.
Jumladan, davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmogʻi sifatida sayyohlikni jadal taraqqiy ettirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, bu borada hududlarning ulkan salohiyatidan yanada toʻliq va samarali foydalanish, tarmoqni boshqarishni tubdan takomillashtirish, milliy turizm mahsulotlarini yaratish va ularni jahon bozorlarida targʻibot qilish boʻyicha qator chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Prezidentimizning 2019-yil 5-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni sayyohlikni, avvalambor, xususiy sektorda rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, koʻrsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligini va sifatini oshirish, milliy turizm mahsulotini dunyo bozorida faol va kompleks ravishda targʻib qilish boʻyicha ishlarni yangi bosqichga koʻtardi.
Farmonga binoan turizm sohasidagi normativ-huquqiy baza takomillashtirilib, xalqaro meʼyor va standartlar implementatsiya qilinmoqda. Infratuzilma rivojlantirilib, maqbul va qulay turizm muhiti yaratilmoqda. Transport logistikasini yanada yaxshilash, ichki va tashqi yoʻnalishlarni kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish choralari koʻrilyapti.
Turizm bozorining turli segmentlariga yoʻnaltirilgan sayyohlik mahsulotlari va xizmatlari diversifikatsiya qilinmoqda. Respublika ichida turizm xizmatlariga boʻlgan ehtiyojni qondirishga yoʻnaltirilgan tarmoq subyektlarining faolligi ragʻbatlantirilyapti.
Oʻzbekiston Respublikasi turizm mahsulotini xalqaro va ichki turizm bozorlarida targʻib qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi ishlar natijasida mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz sifatidagi imiji izchil mustahkamlanib bormoqda.
Turizm tarmogʻi uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi ham rivojlantirilyaptiki, tizimning ertasi, kelajak taraqqiyoti ularning salohiyatiga, bilim va iqtidoriga bogʻliq, albatta.
Istiqbolli rejalar, ustuvor vazifalar
Yurtimizda turizm infratuzilmasini yanada yaxshilash va xizmatlar koʻlamini kengaytirish boʻyicha joriy yil uchun bir qator yoʻnalishlarda ustuvor vazifa va rejalar belgilangan boʻlib, bu sohaning ertangi istiqbolini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Binobarin, 2023-yil mobaynida mamlakatimizga 7 million xorijiy hamda 12 million mahalliy sayyohlarni jalb etish koʻzda tutilgan boʻlib, buning samarasi oʻlaroq joriy yil davomida 2 milliard dollar miqdorida turizm xizmatlari eksporti amalga oshirilishiga erishiladi. Oʻz navbatida, 170 ta mehmonxona, 58 ta xostel, 45 ta boshqa toifadagi xizmat koʻrsatish tarmoqlari foydalanishga topshirilishi hisobiga sayyohlarni joylashtirish vositalari yanada oshadi. Shuningdek, turizm transporti koridori boʻylab sharqona va zamonaviy uslubda “Karvonsaroy”lar bunyod etilishi ham moʻljallangan.
Turizm yurtimiz boʻylab birdek rivojlanishi uchun olis va chekka hududlarda 410 ta yangi oilaviy mehmon uylari qurib bitkaziladi. Buning natijasida togʻli va togʻ oldi hududlarida yangi ish oʻrinlari yaratish, aholini doimiy daromad manbai bilan taʼminlash maqsad qilingan. Ayni yoʻnalishda hududlarda turizm sohasiga ixtisoslashtirilgan 80 ta yangi korxona faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bu istiqbolli tarmoqlarni rivojlantirish, zamonaviy xizmat turlarini kengaytirish, qulay va samarali infratuzilma obyektlarini shakllantirish imkonini beradi.
Xorijiy sayyohlarni jalb etishda qulay transport xizmati, xususan, aviaqatnovlar muntazamligini taʼminlash, arzon, sifatli va xavfsiz xizmat koʻrsatilishiga erishish juda muhim. Shu jihatlarni inobatga olib, joriy yilda Samarqand shahrida xorijiy aviakompaniyalarni doimiy aviaqatnovlarni amalga oshirishga jalb qilish maqsadida “Uzbekistan Airports, Aviation & Logistics Forum” II xalqaro forumini tashkil etish koʻzda tutilmoqda.
Joriy yil davomida “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi tomonidan 12 ta “Airbus A 320” samolyoti va “Airbus H 145” vertolyoti xarid qilinishi natijasida ziyorat turizmi salohiyati yuqori boʻlgan Malayziya, Indoneziya, Hindiston, Bangladesh, Arab mamlakatlari, Rossiyaning Tatariston va Boshqirdiston oʻlkasi hamda qoʻshni respublikalarga parvozlar koʻpaytiriladi.
Koʻhna va hamisha navqiron Samarqandga Abu-Dabi shahridan parvozlarni amalga oshira boshlagan Vengriyaning “Wizz Air” aviakompaniyasi qatnovlari shu yildan haftasiga kamida toʻrt martaga yetkaziladi hamda Yevropaning Vengriya, Ruminiya, Italiya va Kipr mamlakatlariga muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish choralari koʻriladi.
Hududlarning oʻziga xos imkoniyatlari
Mamlakatimizda turizm sohasini bir paytning oʻzida ham milliy, ham zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda har bir hududning oʻziga xos xususiyati, qulay va tabiiy imkoniyatlaridan unumli foydalanishga katta eʼtibor qaratilyapti.
Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili 19-sentyabr kuni mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida soha mutasaddilariga elchixonalar va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda “Samarqand — Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” brendini targʻib qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Bu bejiz emas, albatta. Samarqand oʻzining betakror sharqona qiyofasi, bebaho qadimiy obidalari, jozibador tabiati, asriy qadriyatlari, boy madaniy merosi bilan dunyo jamoatchiligini hayratlantirib keladi. Bu qadimiy shahar Rim, Afina, Vavilon, Fiva kabi dunyoning eng koʻhna kentlari qatorida tilga olinadi. “Samarqand — yer yuzining sayqali” degan taʼrif ana shundan kelib chiqqan.
Davlatimiz ushbu firdavsmonand shaharning turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanishga alohida ahamiyat bermoqda. Shaharda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar, ulkan bunyodkorliklar nafaqat mazkur hudud taraqqiyotini taʼminlash, balki ushbu afsonaviy kentning dunyo sahnasidagi tarixiy oʻrni va shuhratini qayta tiklash, uni “Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi”ga aylantirish, bu yerda yurtdoshlarimiz hamda sayyohlar uchun barcha zamonaviy infratuzilmani yaratishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi hamda sentyabr oyida Samarqand shahrida oʻtkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi oldidan gʻoyat ulugʻvor meʼmoriy majmua — “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazining foydalanishga topshirilishi bu yoʻlda nihoyatda istiqbolli loyihalardan biri boʻldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi asosida bunyod etilgan ushbu markaz butun dunyo nigohini yana bir bor Samarqandga qaratdi. Davlatimiz rahbari ushbu tarixiy inshootning tantanali marosimida taʼkidlaganidek, xalqimizning aql-zakovati va fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ushbu majmua Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi yana bir salmoqli, zafarli natija boʻldi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Binobarin, xalqaro turizm markazining muhtashamligi, koʻrkiyu salobati, mazmuniyu ahamiyati mamlakatimizdagi boshqa bunyodkorlik obidalaridan tubdan farq qiladi.
“Boqiy shahar” majmuasi, Kongress xoll, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va koʻplab boshqa obyektlarni oʻz bagʻriga sigʻdirgan koʻp tarmoqli kompleks Samarqand tumanida 212 gektar maydonda qad rostlagan.
Inshootning koʻrkamligi, jozibadorligi Samarqand shahrining tarixiy obroʻ-nufuziga nihoyatda mos, bu yerdagi moviy gumbazli, asrlar qaʼridan magʻrur bosh koʻtargan muazzam minoralar, beqiyos obidalar meʼmoriy ansamblini mazmunan toʻldirib, ularga tilla uzukka marvarid koʻz qoʻygandek yarashib turibdi. Katta miqyosdagi sayyohlar oqimini jalb etmoqda.
Kelgusida ham har bir hududning oʻziga xos imkoniyatlaridan foydalangan holda turizmni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar izchil davom ettiriladi. Xususan, Navoiy viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqilib, ekoturizm, agroturizm, gastronomik turizm, tibbiyot turizmi yoʻnalishlarida istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etiladi. Bu borada viloyatning tarixiy maskanlari, tabiiy-madaniy yodgorliklari, fusunkor tabiati, har bir hududga xos qadriyat va anʼanalardan unumli foydalaniladi.
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrini tarixiy va zamonaviy taraqqiyot mezonlarini oʻzida uygʻunlashtirgan “Turizm markazi”ga aylantirish boʻyicha izchil saʼy-harakatlar davom ettiriladi. Shuningdek, vohaning yana bir maftunkor hududi — Kitob tumanida turizm rivoji uchun zaruriy infratuzilmani rivojlantirishga katta eʼtibor qaratiladi.
Nufuzli anjumanlar sayyohlarni jalb etadi
Xabaringiz bor, oʻtgan yili Fransiyaning dunyoga mashhur Luvr muzeyida Oʻzbekistonning turizm salohiyatini namoyon etish maqsadida tashkil etilgan koʻrgazma mamlakatimizning bu boradagi xalqaro imijini yaxshilashda katta samara berdi. Bu yil ham xuddi shu kabi yarmarka va ekspozitsiyalarni Yevropa, Janubiy-Sharqiy Osiyo, Amerika mamlakatlarida ham tashkil etish choralarini koʻrish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
2023-yilgi muhim voqeliklardan biri shuki, joriy yilda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasini Samarqandda oʻtkazish rejalashtirilgan. Sessiya doirasida xalqaro ahamiyatga molik 20 dan ortiq tadbirlar tashkil etish hamda “Ipak yoʻli turizmi mukofoti”ni taʼsis etish ham koʻzda tutilmoqda.
Maʼlumki, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi. Unga muvofiq, vazirlik masʼul boʻlgan jami 36 ta, shundan 12 ta asosiy hamda 24 ta ijrochi sifatida belgilangan vazifalar mavjud. Hozirda ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida amaliy ishlarga kirishildi.
Kuni kecha Prezidentimiz raisligida mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishida ham bu yil Vatanimizning boy madaniyati va turistik salohiyatini jahonga targʻib qilish yili boʻlishi kerakligi alohida taʼkidlandi. Bu yil 7 million xorijiy va 15 million ichki sayyohlarni jalb qilish, soha eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu oʻrinda aytish joizki, joriy yil davomida “Baxshichilik sanʼati”, “Sharq taronalari”, “Maqom sanʼati” “Gullar bayrami”, “Bahor nafasi”, Kamer va simfonik musiqasi kabi xalqaro darajadagi festivallar hamda “Madaniyat karvoni” maqom ansambli konsertlari ham oʻtkaziladi.
Vazirlik tasarrufidagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tomonidan “Doʻstlik” festivali va “Bagʻrikenglik” haftaligi kabi muhim tadbirlar tashkil etilishi ham koʻzda tutilgan. Ayni paytda Davlat dasturida belgilangan vazifalarni puxta va oʻz muddatida bajarish boʻyicha vazirlikning alohida rejasi ishlab chiqilib, unda belgilangan vazifalar ijrosi doimiy nazorat qilib boriladi.
Xulosa oʻrnida aytganda, bugun turizm dunyoda har qanday mamlakatning oʻziga xos “tashrif qogʻozi”, iqtisodiyot ravnaq-rivoji, qulay investitsiya muhiti yaratishda jozibador, raqobatbardosh soha sifatida eʼtirof etilishi bejiz emas. Bu sohaga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va ragʻbat yaqin istiqbolda Oʻzbekistonning jahonda turizmi eng rivojlangan davlatlar qatoridan oʻrin egallashiga ishonch uygʻotadi.
Ozodbek Nazarbekov,
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri