Bu haqda Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy Gaziantep Madaniyat yoʻli festivalining ochilishidagi nutqida maʼlum qildi.
Shuningdek, u Madaniyat yoʻli festivalini 4-yil qisqa vaqt ichida yana 7 hududga kirib kelganini mamnuniyat bilan tilga oldi va shunday dedi:
«Bu yil 16 ta shaharda oʻtkazgan festivalimiz mamlakatimizning eng yirik va boy brend loyihalaridan biriga aylandi. Umid qilamizki, shaharlarimizning brend qiymatiga katta hissa qoʻshayotgan festivalning salohiyatini yildan yilga yanada oshiramiz. Madaniyat va sanʼat bilan uygʻunlashgan turizm hamda madaniyat siyosatlari natijasi boʻlgan Madaniyat yoʻli festivali ishtirokchilar soni bilan bugungi kunda dunyodagi eng katta festivallardan biri hisoblanadi. Toʻrt yil ichida Yevropaning eng nufuzli madaniyat va sanʼat festivallarini oʻz ichiga olgan Yevropa festivallari assotsiatsiyasiga aʼzolikka qabul qilinganimiz naqadar muvaffaqiyatga erishganimizning yaqqol dalilidir».
Vazir Ersoy oʻz nutqida Turkiyaning turizm bobida dunyodagi eng kuchli salohiyatga ega davlatlar qatorida ekanligini, lekin afsuski bu salohiyat oʻtmishda toʻgʻri baholanmaganini, Turkiyada turizm deyilganda faqat dengiz, qum va plyaj tushunilganini, tabiat moʻjizalari va sohillar boʻyicha kerakli tadqiqotlar olib borilmaganligini ham qayd etdi.
«Biz turizmdan 60 milliard dollar daromad olishni maqsad qilganmiz«
Ersoy Prezident Rajab Tayyip Erdogʻan boshchiligida turizm boʻyicha inqilobiy qarorlar qabul qilib, oʻlka turizmini 12 oyga yetkazish va dunyo turizm daromadidan ancha kuchliroq ulush olish uchun harakat qilayotganliklarini taʼkidladi va soʻzida davom etdi:
«Biz olib borgan ushbu tadqiqotlar natijasida bugungi kunda Turkiya dunyoda turizm boʻyicha birinchi 5 talikdan joy oldi. 2002-yilda mamlakatimizga 13 million sayyoh keldi va turizmdan olgan daromadimiz 12 milliard dollarni tashkil etdi. Bugun 60 million sayyohni qabul qilish sari qatʼiy qadam tashlar ekanmiz, daromadni 60 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz. Bu muvaffaqiyatlar zamirida toʻgʻri siyosat yuritish va qoidalarni hayotga tatbiq etish irodasi yotadi. Ana shunday toʻgʻri siyosatlardan biri barcha yoshdagi va turli qatlam fuqarolarini madaniyat va sanʼatning barcha sohalariga oson va jadal kirishlarini taʼminlaydigan mana shunday festivallardir. 2021-yilda 2 mingdan ortiq sanʼatkor ishtirokida boshlangan festivalimiz doirasi har oʻtgan davr mobaynida Turkiyadan va dunyodan kelgan turli sanʼatkorlar va sanʼat muassasalari bilan kengaydi. 2023-yilga kelib festivalda ishtirok etuvchi sanʼatkorlar soni ancha yuqori darajaga yetdi. Bu yilgi maqsadimiz bu raqamlarni yanada oshirishdir. Oʻtkazilayotgan tadbirlarda xalqimizning ishtiroki, sanʼat ixlosmandlarining qizgʻin qiziqishi qanchalik toʻgʻri yoʻlda ekanligimizni koʻrsatadi».
Turkiya Madaniyat yoʻli festivali Gaziantepda 14-sentyabr shanba kuni boshlanib, 22-sentyabr yakshanba kuniga qadar barcha yoshga mos konsertlar, koʻrgazmalar, suhbatlar va tadbirlar bilan davom etadi.
Turkiyaga yana 14 ta tarixiy ashyolar qaytarildi
Vazir Mehmet Nuri Ersoy Madaniy meros va muzeylar bosh boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurash boʻlimining faoliyatidan soʻng yana 14 ta tarixiy asar vatanga qaytarilganligini maʼlum qildi:
«Yillar davomida olib borilgan saʼy-harakatlardan soʻng Bubon qadimiy shahridan olingan ikkita bronza haykal boshi va monumental bronza ayol haykalidan tashqari, turli davrlarga oid sopol buyumlar, tangalar, zargarlik buyumlari va 14 ta arxeologik va etnografik asarlar, jumladan, Usmoniylar davriga oid ikkita xanjar xalqimiz madaniy merosiga qaytadan qoʻshildi. 2024-yilda 35 asar qaytarildi. 2018-yildan buyon mamlakatimizga 7 ming 839 asar qaytgan boʻlsa, 2002-yildan buyon 12 ming 154 asarning Turkiyaga qaytarilishini taʼminladik. Bu asarlar ming yillik tariximiz, chuqur ildiz otgan merosimiz timsoli sifatida oʻz joyida saqlanib qoladi va kelajak avlodlarga yetkaziladi».