Ukrainaning «Yuriya-Farm» farmatsevtika kompaniyasi Oʻzbekistondagi «Reka-Med» farmatsevtika kompaniyasini sotib oldi. Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) krediti hisobidan 10 mln yevro ajratdi, deya xabar qildi bank matbuot xizmati.
YETTB krediti mahsulotining 30 foizini (shundan 15 foizi Oʻzbekistonga) eksport qiluvchi «Yuriya-farm»ga Oʻzbekiston bozori uchun dori vositalarini ichki ishlab chiqarish hamda Ukrainadagi ishlab chiqarish quvvatlarining qariyb 10 foizini boshqa dori vositalarini ishlab chiqarish uchun boʻshatish imkonini beradi.
YETTBning taʼkidlashicha, «Yuriya-Farm» Ukrainadagi yetakchi beshta farmatsevtika ishlab chiqaruvchilardan biri boʻlib, oʻz dori vositalarini dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlariga eksport qiladi.
«Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urush sharoitida eksport qiyinlashib, qimmatlab borayotgan bir paytda oʻzbek kompaniyasini sotib olish eng yaxshi strategik qadam boʻldi», — deya qayd etdi bank.
«Ushbu kelishuv Ukrainada ham, Oʻzbekistonda ham dori vositalarining mavjudligini oshiradi. Shuningdek, u «Yuriya-Farm»ning rentabelligini oshiradi hamda Ukrainadan tashqarida qoʻshimcha maydonlarni joylashtirish orqali ishlab chiqarish xatarlarini diversifikatsiya qiladi», — dedi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Sharqiy Yevropa va Kavkaz boʻyicha boshqaruvchi direktori Matteo Patrone.
«Yuriya-farm» YETTB bilan dastlabki kredit shartnomasini 2019-yil may oyida imzolagan. Kompaniya 25 mln yevro jalb qildi, bu mablagʻ ikki transhda ajratilishi kerak edi. Dastlabki 15 mln yevro qadoqlash liniyalarini takomillashtirish, arzon individual dozalarda saraton kasalligini davolash uchun dori vositalari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda ishlab chiqarishning energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlariga sarflandi. Ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish uchun moʻljallangan ikkinchi transh esa sarflanmadi, endilikda u «Reka-Med»ni sotib olishga yoʻnaltiriladi.