Unda na nifoq bor, na gina kudrat

    Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan, Ohangaron tumanidagi “Ovjazsoy” qishlogʻiga “Turizm qishlogʻi” maqomi berilgan.

    Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan kitob mutolaasi muhimligi, yoshlar, rahbarlar orasida bu fazilatni targʻib qilish haqida koʻp bora taʼkidlanmoqda. Amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy izchil islohotlar jarayonida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Shu bois kitob targʻiboti, kitobxonlik madaniyatini oshirishga oid qarorlar va farmonlar qabul qilinib, yurtimizning barcha hududlarida kitobxonlikni keng targʻib qilinishi orqali kitobxonlar salmogʻini oshirishga asosiy eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yildan boshlab har yili “Yilning eng yaxshi mahalla kutubxonasi” va “Yilning eng yaxshi xususiy kutubxonasi” tanlovlarini oʻtkazish ham goʻzal bir anʼanaga aylanmoqda.

    Ayniqsa, chekka va olis tumanlarda tashkil etilayotgan “mahalla kutubxonasi” oʻsha yerda istiqomat qiluvchi aholining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tashabbus bilan viloyatning Ohangaron tumanidagi “Oʻzbekiston” mahllasi va “Ovjasoy” turizm qishlogʻiga qilgan ijodiy safarimiz davomida mahallalarda tashkil etilgan “mahalla kutubxonasi” faoliyati bilan yaqindan tanishdik.

    – Prezidentimizning tegishli topshirigʻi ijrosi doirasida, Toshkent viloyatining 22 ta shahar va tumanlaridagi barcha mahallalarda “mahalla kutubxonasi” tashkil etildi va ayni damda kutubxonalar qariyib 10 mingga yaqin turli mavzudagi adabiyotlar bilan toʻldirildi, – deydi Toshkent viloyati adliya boshqarmasi matubot kotibi Erkin Doripov.

    – Aytish kerakki, turli ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi dunyo manzaralarida yoshlarimizning maʼnaviy immunitetini kuchaytirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish har qachongidan ham dolzarbroq ekanini zamonning oʻzi koʻrsatib turibdi. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda kitobxonlikni keng targʻib qilish, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Ushbu ezgu maqsadli islohotlarni amalga oshirishda adliya organlari xodimlari ham oʻz hissalarini qoʻshib kelmoqda. Zero bu hayotiy tashabbuslarning zamirida yoshlarimizning taqdiri mujassam.

    Dastlabki manzilimiz, Ohangaron tumanidagi “Oʻzbekiston” mahallasi boʻldi. 1 ming 105 nafar yoshlar istiqomat qilayotgan mazkur mahallada ochilgan yangi kutubxonani mahalla yoshlari uchun munosib sovgʻa deyish mumkin. Kutubxona turli mavzudagi badiiy, huquqiy adabiyotlar bilan toʻldirilgan boʻlib, zamonaviy mebel jihozlari va soʻnggi rusmdagi kompyuter toʻplamlari bilan taʼminlangan.

    Turli adabiyotlar zaxirasi yaratilgan kutubxona fondi mahalladagi saxovatpesha insonlar koʻmagida yanada boyitilib borayotganligi quvonarli. – Ming afsuski, kitob oʻqish oʻrniga qimmatli vaqtini bekorga sarflayotgan yoshlar ham oramizda oz emas, – deydi tuman adliya boʻlimi boshligʻi Fahriddin Joʻrayev. – Ayrim yoshlar berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish oʻrniga, internetdagi koʻngilochar oʻyinlar, tanishuvlar va yoshlar ongini zaharlovchi saytlarga kirib, u yerdagi maʼlumotlar bilan tanishmoqdalar. Buning oqibatida ularning dunyoqarashi bir tomonlama boʻlib qolmoqda. Ohangaron tumani mahallalarida joriy yildan boshlab viloyat adliya boshqarmasi tomonidan yangi kutubxonalarning foydalanishga topshirilishi yoshlar aqlu-idrokini teranroq qilishga, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishda samara beryapti. Toʻgʻrisi, nafaqt yoshlarni balki qoʻlida kitob varaqlab turgan mahalla odamlarini kutubxonalarimizda koʻrish juda yoqimli.

    Maʼlumot oʻrnida aytibb oʻtish lozimki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan, Ohangaron tumanidagi “Ovjazsoy” qishlogʻiga “Turizm qishlogʻi” maqomi berilgan. Bugungi kunda bu moʻjazgina qishloqda 300 dan ziyod xoʻjalik va ikki mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Qishloqning yuqori qismi ekoturizm uchun juda qulay. “Ovjazsoy” qishlogʻiga borganimizda, viloyat boshqarmasi va tuman adliya boʻlimi tomonidan aholi uchun uyushtirilgan madaniy dam olish tadbirlarida ham ishtirok etishga ham muvaffaq boʻldik.

    Togʻ yon-bagʻridagi keng dalada yoshlar uchun tashkil etilgan sport bellashuvlari, bolakaylarning maroq bilan varrak uchirishlarini tomosha qilar ekanmiz, “maroqli dam, mehnatga hamdam” iborasining magʻzini shu anglaganday boʻldik. Iqtidorli oʻgʻil-qizlarning oʻz qoʻllari bilan chizayotgan, Vatanga muhabbat, ona tabiatni asrash, qardoshlik ramzlari va qishloq hayoti tasvirlangan manzaralarida esa, togʻ orasida joylashgan soʻlim qishloqining sokin va begʻubor nafasini his qilib, kelajagi porloq yoshlarning istiqbolli ertasini koʻrganday boʻldik.

    Keksa nuroniy otaxon va onaxonlarning doira va dutor chertib lapar aytishlari, muqom qilib raqsga tushishlari va folklor jamolarning badiiy chiqishlari olis hududning shavqu-zavqqa toʻlgan maʼrifatli-madaniyatli bir kunidan soʻylayotganday tassurot qoldirdi.

    Safarimiz yakunida Toshkent viloyati adliya boshqarmasi matubot kotibi Erkin Doripov hamrohligida turizm qishlogʻida tashkil etilgan mehmon uylarining faoliyati, dam olishga keluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, “mahalla kutubxonasi” faoliyatiga bir qur nazar tashlab, qishloq odamlarining kitob haqidagi hikmatli soʻzlarini yozib olishga ham ulgurdik:

    – Kitob yolgʻizlikda va gʻamli kunlarda munis ulfat, munofiqlikdan xoli hamrohdir. Faqat kitoblar orqaligina koʻhna tariximizni, milliy merosimiz, bobomeros qadriyatlarimiz haqida maʼlumot olishimiz va oʻtmishdagi olis ajdodlarimiz orzu armonlaridan xabardor boʻlib ularning quvonchu qaygʻulariga sherik boʻlishimiz mumkin. Unda na nifoq boru, na gina-kudrat, shuning uchun ham kitob oʻqishni doimiy odatga aylantirish zarur, – deydi qishloq nuroniysi, Toʻraqul Akbarov.

    Ha, baʼzan odam moddiy manfaatlar, zamon yangiliklari, internet tizimi ichra kuni va tuni qanday oʻtganini bilmay qoladi. Bunday yashash tarzidan baʼzan zerikadi ham. Kitoblar esa, qalbimizni ilitadi, koʻnglimizni yoritadi, dunyoni faqatgina ilm bilan zabt etish mumkin ekanligi haqidagi asl haqiqatni anglatgandek boʻladi.

    Mahallalarda tashkil etilayotgan ”Mahalla kutubxonasi” esa, yoshlarni shaxs sifatida komil inson boʻlib ulgʻayishiga, hayotda oʻz yoʻlini topib, kasb-kor tanlashida katta taʼsir kuchiga ega makon boʻlayotir. Zero, yaxshi kitob insonning koʻngil koʻzgusini poklab, odamlarni tushunishga, kechirishga, ezgulik sari intilib yashashga undaydi. Bitta zoʻr badiiy asar oʻrnini hech narsa bosolmaydi.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri