"Urgut" sanoat zonasida brend mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda

    Joriy yilda 2 million dollarlik mahsulotni jahon bozoriga chiqarish ko'zda tutilgan.

    Samarqand zamini bugun nafaqat betakror obidalari, balki so'nggi yillarda oshib borayotgan iqtisodiy imkoniyatlari bilan ham xorijliklar e'tiborini tortayotgani rost. Ayniqsa, hududlar bo'ylab tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalar ishbilarmon va investorlar uchun qulay sharoit yaratish barobarida, tarixiy diyorning ming yillik an'analari asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning dunyo bozorlariga kirib borishiga yo'l ochmoqda.

    Viloyatdagi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining 1 200 gektardan ziyodroq maydonida qad rostlagan yirik va zamonaviy korxonalarda ham import o'rnini bosuvchi va jahon standartlariga mos eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish avjida. Prezidentning 2017-yildagi farmoni bilan tashkil etilgan mazkur zonada ayni damga qadar qiymati 313 million dollarlik 55 ta loyiha amalga oshirilib, 4 ming 328 ta yangi ish o'rni yaratildi. Korxonalar tomonidan gaz plitalari, engil sanoat va charm-poyabzal tovarlari, gilamlar, gigiena vositalari, elektr texnikasi buyumlari kabi 220 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. 2020 yilda 1,2 trillion so'mlik mahsulot tayyorlanib, 30 million dollarlik tovar chet davlatlarga eksport qilindi.

    Davlatimiz rahbari 15-aprel kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog'ida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida bo'lib, bu yerdagi korxonalar faoliyati hamda qo'shimcha 10 ming kishini ish bilan ta'minlash, eksport geografiyasini kengaytirishga yo'naltirilgan 80 ga yaqin investitsion loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

    Odamlar o'z qishlog'ida qoladigan bo'ldi...

    Oxirgi yillarda sanoat va ishlab chiqarish korxonalari mamlakatimiz iqtisodiyoti rivoji, qolaversa, aholi bandligini ta'minlashda asosiy tirgaklardan biriga aylandi. Katta-kichik korxonalarni bir nuqtada birlashtirayotgan sanoat zonalarida minglab kishilar uchun bo'sh ish o'rinlari yaratilishi natijasida bir paytlar ish izlab xorijga ketishga oshiqadigan odamlarimiz shu yerda qolib, uyiga yaqin joyda mehnat qilyapti, oilasi bag'rida yashab, ro'zg'orini tebratyapti. Chet elda tadbirkorligini rivojlantirish istagidagi ishbilarmonlar esa yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, biznesini shu yerda rivojlantiryapti.

    Samarqand viloyati Urgut tumanida 550 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Urgut tog'larining etagida joylashgan hududda 4-5 yil oldin ish o'rni yetishmasligi sabab fuqarolarning ko'pchiligi xorij davlatlariga chiqib ketardi. Ular orasida ro'zg'or tashvishida uzoq yillar oilasidan olisda yashaganlari qancha...

    Tumanda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining tashkil etilishi nafaqat aholi, balki tadbirkorlar uchun ham katta imkoniyat bo'ldi. 2017-yilda Urgut tumanida tadbirkorlarga bepul yer berilar ekan, degan gaplarni eshitgan ishbilarmon Majidjon Islomov avvaliga, bunga unchalik ishonmadi. Oila a'zolaridan surishtirib, bu gaplar rost ekaniga amin bo'lgach, yer olaman, deb to'plab kelayotgan mablag'ini “Urgut” EIZ hududida xususiy korxona ochishga yo'naltirdi. Ayni paytda korxonada “Urgutini” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan erkaklar kiyimlari qo'shni Tojikiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Rossiya davlatlariga eksport qilinmoqda.

    — Prezidentimizning yoshlarni qullab-quvvatlashlari, ularning tadbirkorligini yo'lga qo'yishida berayotgan imkoniyat va imtiyozlari bizni yanada ruhlantiradi, — dedi Majidjon Islomov. — Faoliyatim davomida Turkiya, Xitoy, Yaponiya davlatlarida bo'ldim. Va ishonch bilan ayta olamanki, bizni yurtimizdagi kabi tadbirkorlikka yaratilayotgan sharoitlar dunyoning hech qaerida yo'q. Hatto rivojlangan davlatlarda ham bunga guvoh bo'lmadim. Bizda esa o'z ishimni boshlayman, degan har bir yosh uchun katta imkoniyatlar bor. Faqat ulardan to'g'ri va unumli foydalanishimiz kerak, xolos.

    Jahonni zabt etayotgan o'zbek gilamlari

    Katta maydon bo'ylab keng yoyilgan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi bir-biriga tutash “Mergancha”, “Sariqtepa”, “Do'stlik”, “Sazag'on” hamda “Xishrav-2” massivlaridan iborat. Ularning har birida mahalliy yoki qo'shma korxonalar faoliyati yo'lga qo'yilgan. Bu yerda ish jarayonining katta qismi xorij davlatlaridan olib kelingan zamonaviy texnikalar yordamida amalga oshiriladi. Ishlab chiqarish tsexlarida esa asosan, yoshlar, ayollar hamda kam ta'minlangan oilalar a'zolari mehnat qiladi. Iqtisodiy zonada zarur xomashyodan tortib, tayyor mahsulotlarning aksariyati o'zimizning mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilishi hisobiga narx va sifat uyg'unligini ta'minlashga erishilyapti.

    Urgut tumanining Mergancha massivida joylashgan “Kamalak Tekstil” korxonasida ham ming yillardan buyon avloddan-avlodga o'tib kelayotgan gilam to'qish an'anasi eng zamonaviy texnologiyalar asosida davom ettirilyapti. Belgiya, Shveytsariya, Avstriya, Fransiya va Germaniya davlatlaridan olib kelingan so'nggi rusumdagi energiya tejovchi uskuna va jihozlar yordamida gilam, tafting, kovrolin mahsulotlari, sintetik ip va sun'iy chim ishlab chiqarilmoqda. Bu erda tayyorlanadigan Samarqandning brend gilamlariga jahonning turli nuqtalaridan xaridorlar bor. O'tgan yili ishlab chiqarilgan 170 milliard so'mlik mahsulotning 59 foizi ichki bozorga, 41 foizi xorijga sotildi. Joriy yilda eksport hajmini 7,5 million dollarga etkazish rejalashtirilgan.

    — Mahsulotlarimiz dunyoning ko'plab davlatlari, jumladan, O'rta Osiyo mintaqalaridan Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Rossiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilinyapti, — deydi korxona bosh menejeri Temur Haydarov. — Yaqinda Saudiya Arabistoni va AQSH davlatlariga ham gilam eksportini yo'lga qo'ydik. Kelajakda Yevropa bozorlariga chiqish niyatimiz bor. Davlatimiz rahbari korxonamizga tashriflari chog'ida ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishib, bunday korxonalarni barcha hududlarda ko'paytirish, jarayonda birinchi galda, sifatga va tannarxni pasaytirishga e'tibor qaratish bo'yicha topshiriqlar berdilar. Shuningdek, biz taqdim etgan yangi loyihani tezroq ishga tushirib, qo'shimcha ish o'rinlarini yaratish kerakligini ham ta'kidladilar.

    Ayni paytda korxonada 328 kishining bandligi ta'minlangan bo'lib, yangi loyihani ishga tushirish orqali yana 300 ta yangi ish o'rni yaratish ko'zda tutilgan.

    Songa yarasha sifat

    Iqtisodiy zonadagi “Sam elektro servis” MCHJda ham 200 dan ortiq ishchi mehnat qilib, shu erdan olgan daromadi hisobiga ro'zg'orini kam-ko'stsiz tebratyapti. Korxona rahbari Sohib Azimovning aytishicha, zavodda ishlaydigan odamlarning 95 foizi shu yerlik aholi. Hududga yaqin qishloqlardan qatnab ishlayotgan bu odamlarning ayrimlari bir vaqtlar ishlash ilinjida xorijda bo'lib qaytga bo'lsa, boshqalari kam ta'minlangan, “Temir daftar” ro'yxatida turadigan oilalar vakillari.

    Mazkur korxona “Ideal” brendi ostida yiliga 260 ming dona elektr duxovka, 150 ming dona gaz plitalari va ular uchun qo'shimcha buyumlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda barcha jarayon Germaniya, Turkiya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy, energiya tejovchi uskuna va jihozlar yordamida amalga oshiriladi. Zavodda 2020-yilda 58 milliard so'mlik mahsulot ishlab chiqarilib, uning 32 foizi xorijga eksport qilindi. Joriy yilda 2 million dollarlik mahsulotni jahon bozoriga chiqarish ko'zda tutilgan.

    Davlatimiz rahbari korxonada ishlab chiqqarilayotgan maishiy texnika vositalarini ko'zdan kechirar ekan, mahsulot turlarini kengaytirish, zamonaviy elektr texnikalar ishlab chiqarish va ularga xizmat ko'rsatish bo'yicha mutaxassislar tayyorlash muhimligini ta'kidladi. Ana shu topshiriqlar asosida korxona rahbarlari tez orada maishiy texnika turlarini ko'paytirib, mahalliylashtirish va eksport ko'rsatkichini oshirishni ko'zlayapti.

    “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning aksariyati bugun ko'zlangan marralarni zabt etib, aholining mahalliy mahsulotlarga bo'lgan talabini qondirishga hissa qo'shmoqda. Buning natijasida sanoat zonasida ishlab chiqarish hajmi va yangi loyihalar soni tobora ortib boryapti. Ayni paytda hududda 29 ta loyiha bo'yicha olib borilayotgan qiymati 90 million dollarlik qurilish-montaj ishlari yakunida yana 2 mingdan ziyod yangi ish o'rni yaratilishi ko'zda tutilgan.

    Bundan tashqari, qiymati 144 million dollarlik 21 ta qo'shimcha loyiha shakllantirilgan bo'lib, 206 million dollarlik 33 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Birgina sanoat zonasida amalga oshirilishi belgilangan bu kabi yirik loyihalar mamlakat iqtisodiyoti rivoji, qolaversa, aholi bandligini ta'minlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri