Uzumchilik plantatsiyalari — ham mehnat, ham daromad

    44 ta tumanda yangi eksportbop uzum plantatsiyalari tashkil etiladi.

    Bog'dorchilik, xususan, uzumchilik azaldan xalqimiz bandligini, farovon yashashini ta'minlab kelgan soha. Ayni vaqtda respublikamizda qadimiy tarmoqning yangi istiqbollari ochilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisigida 2021-yil 7-iyulda bo'lib o'tgan videoselektor yig'ilishi uzumchilikni rivojlantirishga bag'ishlangan edi. Unda davlatimiz rahbari yurtimizda azaldan uzumchilik an'anasi bo'lgani, uni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligini ta'kidladi. Qoraqalpog'iston va viloyatlardagi 44 ta tumanda yangi eksportbop uzum plantatsiyalari tashkil etish vazifasi qo'yildi. Yurtimiz uzum navlarining milliy brendini yaratib, xorijda targ'ib etish va eksportni kengaytirish bo'yicha topshiriqlar berildi.

    Piskent tumanida ham mazkur topshiriqlar ijrosini ta'minlash yo'lida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, fermer xo'jaliklari tomonidan 850 gektar uzum bog'lari tashkil qilish ishlari boshlab yuborilgan. Shuningdek, hududlarning iqlim sharoiti, aholisining tajribasidan foydalanib, mahallalarda uzumchilik rivojlantirilmoqda.

    Tuman hokimi va yordamchilarining mahallabay o'rganishlari asosida bo'sh maydonlar, tuproq va suv borasidagi imkoniyatlar tahlil etilgan edi. Ushbu imkoniyatdardan kelib chiqib, G'ayrat mahallasida qishloq xo'jaligida foydalanilmaydigan 20 gektar maydon kooperatsiya asosida intensiv uzum bog'lari va orasida 5 gektar issiqxona tashkil etish uchun tanlab olindi. Bunda ish bilan band bo'lmagan 120 nafar talabgor fuqarolarga uchastkalar ajratish, jami 240 nafar fuqaroning bandligini ta'minlash ko'zda tutilgan. Soha mutaxassislarining tavsiyasi asosida uzumzorlarga bozorbop Rizamat ota, Sug'diyona, Xusayni navlari joylashtiriladi. Intensiv bog' va tokzorlarni barpo etish harajatlari uchun tijorat banklari orqali belgilangan tartibda imtiyozli kreditlar ajratiladi.

    — Piskent tumanida mirishkor insonlar juda ko'pchilikni tashkil etadi. Tok oralariga qulupnay yoki to'qsonbosti ekinlari ekib, erdan yiliga 3-4 martagacha daromad olayotgan bog'bonlar tajribasini ommalashtirish zarur, - deydi tuman hokimining Qishloq va suv xo'jaligi masalalari bo'yicha o'rinbosari A.Abdullayev. — 20 sotix maydonga uzum bog' hamda bog' ichida issiqxona tashkil etilganda, 1 va 2-yilda 60 mln.so'm, 3-yilda 110 mln. so'm daromad olish imkoniyati bo'ladi. Bu bir oilaning 2-3 nafar a'zosini ish bilan ta'minlash bilan birga, yaxshigina daromad ko'rib, to'kin yashashiga ham zamin yaratadi.

    Darhaqiqat, xalqimizda “Ishongan bog'ing, suyangan tog'ing bo'lsin” degan ibora bejiz aytilmagan. Mehnat qilgan, tashabbus ko'rsatgan odam esa to'kin hayotga erishadi.

    Manzura Rustamova,

    jurnalist