Oyning 26-sanasi esa milliy estradamiz bunyodkori Botir Zokirov hamda XX asr oʻzbek adabiyotining benazir shoiri Muhammad Yusuf olamga kelgan kun.
Shoir Muhammad Yusuf kabi men ham Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika institutida oʻqiganman. 1990-yil institutni tamomlab, shu yerning oʻzida oʻqituvchi boʻlib qoldim. Oliy taʼlimda oʻqituvchi boʻlib ishlash odamga gʻurur va faxr tuygʻusini bagʻishlardi va shu bilan birgalikda katta masʼuliyat edi ham. 1991-yilning bahorida menga rus-oʻzbek filologiyasi va tarjimonlar fakultetining bir guruh talabalari murojaat qildi va isteʼdodli shoir Muhammad Yusuf bilan uchrashuv tashkil qilishni soʻrashdi.
Shoir bilan bizning institutda tahsil olgan ustozimiz Quddus Aʼzamovga murojaat qildim. Men u kishidan shoir bilan davra suhbati oʻtkazib berishni iltimos qildim. Quddus aka bajonidil rozi boʻldi va uchrashuvni maʼruzalar zalida tashkil qilib berdi.
Fakultet talabalari uchrashuvga qizgʻin tayyorgarlik koʻrishdi. Uchrashuv juda yuqori saviyada oʻtdi. Talabalar shoirning oʻsha vaqtdagi mashhur sheʼrlaridan namunalar oʻqib berishdi. Ayniqsa, birinchi kurs talabasi adibning “Samarqand” sheʼrini maromiga yetkazib oʻqib berganda butun zal yigʻladi desam mubolagʻa boʻlmaydi. Sheʼr tugagach ancha vaqtgacha qarsaklar yangrab turdi.
Institut talabalari va shaxsan meni bir savol qiynardi: “Nima uchun shoirning tarjimayi holida ToshDUning (hozirgi Milliy universitetning) oʻzbek filologiyasini tamomlagan deyilgan, u Rus tili va adabiyoti institutini tugatgan-ku”. Toʻrtinchi kurs talabasi Alisher shu savolni berdi.
Shoir: “Bu maʼlumotlarni qayerdan olishgan men bilmayman, lekin men shu institutni tamomlaganman! Shu yerda oʻqiyman deb Namangan pedagogika institutiga kirgan joyimdan tashlab kelganman. Va men mazkur institutda oʻqigandan faxrlanaman”, dedi. Shoirning shu gaplardan keyin zal junbushga keldi. Sababi oʻsha vaqtda oʻzbek shoiri faqat oʻzbek filologiyasidan chiqishi kerak degan tushuncha bor edi.
Keyinchalik shoir bilan uchrashish nasib etmadi. 2014-yil aprel oyida shoirning 60-yillik yubileyini IIV Akademiyasida oʻtkazish menga topshirildi. Tadbirga tayyorgarlik jiddiy boʻldi: pishiq va puxta ssenariy yozdik. Qachon va qayerda boʻlishini oʻsha vaqtda ustozim Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik bilan belgilab oldik. Yozuvchi biz bilan 1995-yildan kafedramiz katta oʻqituvchisi boʻlib ishlardi. U kishi Muhammad Yusufga ustozlik qilib, xatto taxallusini ham shunday boʻlishiga sababchi boʻlgan ekanlar.
“Oʻlim haq, Allohning irodasiga boʻysunishdan boshqa ilojimiz yoʻq. Lekin marhum shogirdlarni yubileyini nishonlash undan-da ogʻir.”, degandi Tohir aka. Tadbirga astoydil tayyorgarlik koʻrdik. Qatnashadigan mehmonlar roʻyxatini tuzdik. Yozuvchilar uyushmasidan Sirojiddin Sayyid shogirdlari Gʻayrat Majid, shoirning rafiqasi Nazira as-Salom va xofizlardan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Mahmudjon Azimov, Gʻiyos Boytoyev va Toshpoʻlat Matkarimovlar chaqirildi. Oʻsha vaqtda Sirojiddin aka uyushma raisining birinchi oʻrinbosari edi.
Tadbirga Sirojiddin aka va men boshlovchilik qildik. Yubiley yuqori saviyada oʻtdi. Xofizlar navbati bilan shoirning eng sara qoʻshiqlarini ijro etib berishdi. Mahmudjon aka “Samarqand”ni kuylagan boʻlsalar, Gʻiyos aka “Tegirmonning charxpalagi”, Toshpoʻlat aka oʻsha mashhur “Oq tulpor”ga jon kirgazdi. Kursantlar tayyorlagan sheʼriy kompozitsiya ham hammaga manzur boʻldi.
2021-yilda men Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida ishlar edim, Adiblar xiyobonida shoirning haykali poyida bir tadbir oʻtkazmoqchi boʻldik. Kafedra boshligʻi Xurshid Mamatqulov tashabbusimni qoʻllab quvvatladi. Men zudlik bilan tashkiliy masalalarni xal qilishga kirishib ketdim. Yozuvchilar uyushmasidan Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, mohir suxandon Muslimbek Yoʻldoshev, xonanda Toshpoʻlat Matkarimovni taklif qildik. Tadbirga, bundan tashqari, harbiy oliy oʻquv yurtlaridan kursantlarni taklif etdik. Harbiylarda aslida biron yerga bormoqchi boʻlsa, albatta, ruxsat olish, taklif etayotgan tomon rasmiy xat bilan chiqishi kerak. Men oliy taʼlim muassasalarning vakillariga hech qanday xat boʻlmaydi, shoirni hurmat qiluvchilar yoʻlini topsin dedim. Oʻsha kuni haykalning poyida sakkizta harbiy taʼlim muassasalaridan guruhlar tashrif buyurdi.
Ishtirokchilarni koʻrgan shoir Iqbol Mirzo shuncha odamni qanday chaqirganim bilan qiziqdi. Men ularni shoirning Vatanga, xalqiga va ona tiliga boʻlgan muhabbati yetaklab kelganini aytdim.
Tadbirda shoirning Vatanga muhabbati bilan yoʻgʻrilgan sheʼrlari yangradi. Shoiro Iqbol Mirzo adibning koʻpchilikka nomaʼlum boʻlgan qirralarini ochib berdi. IIV Akademiyasi kursantlari Sevara Nazarxon ijro etgan “Vatanim” qoʻshigʻini kuylashdi.
Biz boʻlajak ofitserlarni ona Vatanga, jonajon xalqiga hamda Prezidentiga muhabbatni Vatanni iddaolarsiz sevgan Muhammad Yusufning sheʼrlari orqali singdirishimiz kerak. Shunda Yangi Oʻzbekistonning poydevori va binolari mustahkam boʻladi.
Toʻlqin Saydaliyev,
filologiya fanlari nomzodi,
dotsent, isteʼfodagi podpolkovnik