Vatanimiz ramziga cheksiz ehtirom

    Dunyoga ne-ne allomalarni bergan qadim xalq omi, savodsizga chiqarildi. Xalqimizga nisbatan aytilgan bu haqorat asl vatandoshlarimiz qalbida maʼrifat olovini yoqdi — ular belini mahkam bogʻlab, millatni erk va ozodlik bayrogʻi ostida birlashishga chaqirdi.

    Millat bayrogʻi. U jondek aziz, nondek moʻtabar.

    Ajdodlarimiz ham yurt bayrogʻini muqaddas bilib, uni koʻz qorachigʻidek asraganlar. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olib qaramaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, gʻalaba timsoli boʻlgan. Buyuk sohibqiron Amir Temur gʻoliblik bayrogʻini yuksak koʻtardi. Bu bayroq ostida buyuk el birlashdi, u barpo etgan ulugʻ saltanatni dunyo tan oldi. Bu davr vatan tarixiga zarhal harflar bilan bitildi. Bayroq esa tom maʼnoda mamlakat ramzi, ulugʻvorlik timsoliga aylandi. Jangchilarga jangovar ruh bagʻishlash, ularning kayfiyatini koʻtarish, irodasini chiniqtirish maqsadida jang maydonlari uzra baland hilpirab turdi. Bu bayroq eng ishonchli bahodirlar tomonidan qoʻriqlandi. Bexos daydi oʻq kelib, tugʻ koʻtargan jangchiga tegsa-da, u tuproqqa qorishmadi — darhol shahid sarboz oʻrnini boshqasi egalladi, maqsad janggohdagilarga bayroq koʻrinmay qolmasin.

    Sohibqiron bobomiz zamonida bayroqni past tutish yoki uning sarboz qoʻlidan tushib ketishi xosiyatsiz sanalgan. Bunga sohibqiron alohida eʼtibor bergan. Bayroqning pasaytirilishi magʻlubiyat va ortga chekinish ishorasi boʻlgan. Shuningdek, “Temur tuzuklari”da taʼkidlanishicha, dushman ustidan shijoat va mardlik koʻrsatib, gʻalaba qozongan amirlar va sipohiylarga davlat timsollari — tugʻ va nogʻora inʼom qilingan. Bu sohibqiron davlatida saltanat ramzlari nechogʻlik baland maqom tutgani va ular qanday katta ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi…

    Vatanimiz bayrogʻi. U tarixning xalqimiz boshiga musibat tushgan davrlari — oʻtgan asr boshlarini yodimizga soladi. Oʻsha kunlar xalqimiz qalbida ketmas dogʻ boʻlib qoldi. Vatan bayrogʻini tutgan qoʻllar qayrildi, ozodlikni kuylagan ovozlar boʻgʻildi… Millat fidoyilari “xalq dushmani”, “quloq”, “sotqin” degan qora nomlar bilan taʼqibga olindi. Dunyoga ne-ne allomalarni bergan qadim xalq omi, savodsizga chiqarildi. Xalqimizga nisbatan aytilgan bu haqorat asl vatandoshlarimiz qalbida maʼrifat olovini yoqdi — ular belini mahkam bogʻlab, millatni erk va ozodlik bayrogʻi ostida birlashishga chaqirdi.

    Bu magʻrur elning asrlar davomida orzu qilgan gʻururi, shaʼni, qadr-qimmati, irodasini ifodalovchi ozodlik bayrogʻi edi! Unda ajdodlar orzu-armoni aks etadi. Unda xalqimizning buguni, oʻlmas xotirasi, iymon-eʼtiqodi, kelajakka boʻlgan komil ishonchi jilolanadi.

    Yer yuzida ikki yuzdan ortiq davlat mavjud va albatta, har birining oʻz ramzlari, bayrogʻi bor. Har bir bayroq ayricha rang va timsollarga ega. Ular bilan yonma-yon balqib turgan bayrogʻimiz bizning hech kimdan kam emasligimiz va kam boʻlmasligimizni koʻrsatib turadi. Shuningdek, davlat bayrogʻimiz mamlakatimiz milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.

    1992-yilning 2-martidan Oʻzbekiston toʻlaqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi sifatida bayrogʻimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohi oldida ham hilpiray boshladi. Mana, yigirma sakkiz yildirki, u xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch-qudrati, mustaqilligimizning jahonaro ifodasi, xalqimiz gʻururi va iftixori timsoli boʻlib xizmat qilmoqda.

    Bugina emas, dunyo mamlakatlaridagi elchixonalarimiz binolari, qator xalqaro tashkilotlar qarorgohlarida ham bayrogʻimiz Oʻzbekistonning oʻzligi, milliy gʻururini namoyon etib turibdi. Chet ellarda oʻz bayrogʻimizga koʻzimiz tushishi bilan yuragimizda cheksiz faxr uygʻonadi, ruhimiz koʻtariladi. Bayrogʻimiz timsolida dunyoning har qaysi nuqtasida ham Oʻzbekistondek qudratli himoyachimiz, suyanchigʻimiz borligini his qilamiz.

    Bayrogʻimiz bugungi kunda milliy aviakompaniya samolyotlari, xalqaro yoʻnalishdagi poyezdlarimiz orqali dunyoning koʻplab mamlakatlariga “parvoz qilib”, Oʻzbekistonday kelajagi buyuk davlat bor ekani va uning qudrati bemislligini jahonga namoyish etmoqda. Zotan, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonunning 2-3-moddalarida taʼkidlanganidek, davlatimiz bayrogʻi — suverenitetimiz ramzidir.

    Xalqaro maydonda rasmiy delegatsiyalarimizning xorijiy mamlakatlarga safarlari chogʻida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalar, jahon koʻrgazmalari va ayniqsa, nufuzli sport musobaqalarida bayrogʻimiz mamlakatimiz timsoli boʻlib, uni baland koʻtarayotgan sportchilarimizning qalbini junbushga keltirib, vatanparvarlik tuygʻusiga toʻldiradi. Nafaqat sportchilar, ularni kuzatib turgan millionlab xalqimiz vakillari ham oʻzga yurtda bayrogʻimiz koʻtarilib, madhiyamiz jarang berganida cheksiz gʻurur, iftihorga toʻlishi aniq.

    Qurolli kuchlarimiz safiga chaqirilgan, harbiy taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlarimiz Davlatimiz bayrogʻi poyida Vatanni koʻz qorachigʻiday asrash, uni oʻz shaʼni va nomusiday munosib himoya qilishga qasamyod qiladi.

    Vatan himoyasidek muqaddas burchni mardona oʻtash uchun bayrogʻimizni oʻpib qasamyod qilayotgan harbiylarimizning qalbidagi olovni, koʻzlaridagi joʻmardlikni koʻrib, faxrlanamiz. Bu faxrlanish aslida yurtga boʻlgan cheksiz mehr va sadoqatning yorqin koʻrinishidir. Shu maʼnoda ham institutimizda har yili bayrogʻimiz qabul qilingan sanani koʻtarinki nishonlaymiz.

    Kuni kecha Xalqlar doʻstligi maydonida tashkil etilgan tadbirimiz ham davlat bayrogʻimizni ulugʻlash, uning naqadar muqaddasligini yoshlarga yana-da chuqur singdirishga xizmat qildi, deb oʻylayman. Ayniqsa, Yodgor Saʼdiyev, Zamira Suyunova, Ilhom Farmonov, Muhtarama Ulugʻova, Botir Ergashev kabi taniqli sanʼatkor va shoirlarning chiqishlari har bir kursantda alohida taassurot qoldirdi. Zero, Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuygʻularini singdirish, ularni ulugʻlash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.

    Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. Umid qilamizki, Oʻzbekiston farzandlari qayerda boʻlmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrogʻini ardoqlab ezozlaydi.

    Rahmatilla GAIPNAZAROV,

    Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti “Maʼnaviyat va yoshlar tarbiyasi” markazi boshligʻi