Oʻzbek milliy-maʼnaviy merosi, tarbiya tizimi shu darajada mukammal tuzilganki, ularni oʻrganish, tahlil qilish har qanday olimu mutaxassisni hayratga solmay qoʻymaydi. Biz bilib-bilmay har kuni ishlatadigan iymon, eʼtiqod, maslak, hamiyat, andisha, nomus, insof, gʻurur, iftixor, axloq, salohiyat, iroda kabi oʻnlab, balki yuzlab atamalar borki, ularning bari bir narsaga — insonni yaxshi shaxsga aylantirishga, kishilarda komillik sari qadam tashlash koʻnikmasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Bu atamalar kecha yoki bugun paydo boʻlgani yoʻq. Ular uzoq ming yillarga borib taqaladi. Mazkur tushunchalar orasida yana shunday atama borki, u haqida alohida toʻxtalmaslik aslo mumkin emas. Bu — vijdon. Bu soʻzni takrorlamagan onimiz, ommaviy axborot vositalari yoxud ijtimoiy tarmoqlarda eslamagan kunimiz yoʻq. Chunki ziddiyatlarga boy davrda yaxshi bilan yomonning, eski bilan yangining, ezgulik bilan vahshiylikning, adolat bilan haqsizlikning kurashi bor ekan, bu soʻzni tilga olaveramiz.
Ming yillar davomida odamlar vijdonli va vijdonsizga boʻlingan. Xayriyatki, ota-bobolarimizdan asrlar davomida saqlanib kelayotgan milliy-maʼnaviy merosimiz, dunyodagi barcha xalqlar havas qilsa arziydigan tarbiya tizimimiz borki, ular oramizda vijdonli kishilarning tobora koʻpayib borishiga imkon bermoqda.
Mamlakat rahbari vijdon atamasini yuksak maʼnaviyat va maʼrifat soʻzlari bilan uygʻunlikda koʻrmoqda. “Mening nazarimda, — deb qayd etadi Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida, — insoniyat dunyosining buyuk bir yoritqichi — maʼnaviyat chirogʻi bor. Bu chiroqning boshqalardan farqi shuki, u insonning ongi va tafakkurini yoritadi, qalbi, vijdonini uygʻotadi, odamiylik hissini kuchaytiradi”.
Demak, bugungi eng muhim masalalardan biri — inson vijdonini uygʻotish muammosi. Vijdon soʻzi arab tilida hissiyot, kishining ichki dunyosi, ruh, koʻngil, or-nomus maʼnolarini ham beradi. Ayrim olimlarimiz taʼkidlagani kabi insonning hayoti faqat aql bilan boshqariladigan boʻlsa, bu dunyo hayoti oʻta beshafqat, oʻta xudbin tus oladi. Bunday paytda insonda moddiy manfaatlar har doim birinchi oʻringa chiqadi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit beqarorlashuviga olib keladi.
Xoʻsh, vijdon oʻzi nima? Unga berilgan taʼriflar juda koʻp. Baʼzi olimlar vijdonni kishilarning kundalik faoliyati, xatti-harakati, feʼl-atvori uchun oila, jamoat, jamiyat va Vatan oldida maʼnaviy masʼuliyat his etish sifatida taʼriflaydi. Yana bir guruh mutaxassis va olimlar uni insonga xos boʻlgan yuksak maʼnaviy fazilat tarzida tushuntirishga harakat qiladi. Yana birlari esa vijdon atamasini shaxsning axloqiy jihatdan oʻz-oʻzini nazorat qilishi, axloqiy burchni mustaqil shakllantirish hamda oʻzidan uni ado etishni talab qilish va oʻz xatti-harakatlariga baho berish qobiliyati, deya tushuntiradi.
Nazarimizda, vijdon, eng avvalo, axloqiy tushuncha. Vijdon yaxshilik nimayu yomonlik nimaligiga javob beradigan ichki ishonch, oʻzining amaldagi faoliyati uchun axloqiy masʼuliyatni anglashdir.
Bugun biz Yangi Oʻzbekistonni qurish yoʻliga oʻtar ekanmiz, atrofimizda vijdonli odamlar juda koʻpayib borayotganini koʻrishimiz mumkin. Bunday kishilar, avvalo, vijdonni oʻz hayoti oʻlchovi, deb biladi. Vijdonli odamlar yolgʻon gapirishni oʻziga ep bilmaydi. Ularning hayotiy pozitsiyasi bitta: boshiga qilich kelsa ham, rost gapirish, vijdoniga xilof ish qilmaslik. Barchamiz sevib tomosha qiladigan “Suyunchi” badiiy filmida Anzirat xolani mahalladoshlari “Anzirat xola qishlogʻimizning vijdoni edi”, deya taʼriflashida juda katta maʼno bor.
Yana shu narsaga eʼtibor berish lozimki, bugun vijdonli boʻlish juda ogʻir. Vijdonli kishi uchun u egallagan bilim, atrofidagilarning unga hurmat-ehtiromi, toʻplagan boyligi yetarli emas. Bunday kishilar doimo ziddiyatli holatda boʻladi. Aslida, vijdonli odamlar, bir tomondan oʻzining atrofidagi diyonatsiz, insofsiz, loqayd kishilar bilan kurash olib borsa, boʻlak tarafdan u oʻzi bilan oʻzi ogʻir kurashga kirishadigan, yuksak maʼnaviyatli odam.
Insonning oʻzi bilan oʻzi kurashga kirishishidan ham ogʻir ish yoʻq, deb oʻylaymiz. Chunki vijdon koʻzga koʻrinmaydi. Ammo maʼnaviy-axloqiy ahamiyati va kuchi nuqtayi nazaridan u hamma narsadan kuchli va taʼsirlidir.
Vijdon insondagi oʻzini oʻzi nazorat qilishning eng mukammal amali. Bugungi inson dunyoda sodir boʻlayotgan barcha voqea-hodisalarni tahlil qila oladi, baho berish qudratiga ega. Biz bugun ilm-fan, texnika, yuksak texnologiyalar boʻyicha mukammal bilimga egamiz. Goʻyoki dunyoda biz bilmagan narsaning oʻzi yoʻqdek. Haqiqatan ham shunday. Chunki bu dunyodagi barcha narsalar Yaratganning karomati, bizning, insonning qoʻli bilan yaratilgan. Biroq biz hamma kashfiyotlar, yangiliklar, qolaversa, atrofimizdagi barcha yaxshi-yomon narsalarni bilgan holda, oʻzimizni oʻzimiz bilmasligimiz, oʻz oʻzimizga adolatli va toʻgʻri baho bera olmasligimiz ayon boʻlib turibdi.
Nima uchun biz atrofimizdagi barcha odamlar, yaqinlarimiz haqida goʻyoki hamma narsani bilgandekmiz-u, oʻzimizni oʻzimiz anglay olmaymiz? Nega oʻzimizga baho berganda qiynalamiz, oʻzimizni oʻzimiz aldaymiz? Nazarimda, buning sababi bitta: biz oʻzimizga vijdon koʻzi bilan baho bermaymiz yoki berolmaymiz.
Oʻzbek milliy madaniyati, xususan, tarbiya konsepsiyamizda, buyuk mutafakkirlarimiz tomonidan yaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy merosimizda vijdon axloq kategoriyasi bilan uygʻunlikda koʻriladi. Haqiqatan, chuqurroq oʻylab koʻrsak, axloqli odamda vijdonlilikni yoki vijdonli odamda munosib axloqni koʻrish mumkin.
Biroq axloq va vijdon tushunchalari orasida muayyan farq borga oʻxshaydi. Masalan, vijdonli inson hech qachon hayotiy tamoyillaridan qaytmaydi, u oʻzini oʻzi aldashga yoʻl qoʻymaydi, har qanday vaziyatda ham haqiqatni oʻziga qalqon qiladi. Har qanday sharoitda ham rost gapiradi. Axloqli shaxs esa atrofidagilarning, suhbatdoshlarining qalbiga ozor berishni istamaydi, ularning obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatmaslikka harakat qiladi.
Mavlono Jaloliddin Rumiyning oʻgʻli Sulton Valad “Maorif” asarida dunyoni chuqur bilish, rost va yolgʻonni xatosiz farqlash, ilohiy sirlar mushohadasida, umuman, insonda axloqiy sifatlarni shakllantirishda vijdon koʻziga alohida eʼtibor qaratishni taʼkidlaydi. Asarda bunday deyiladi: “Nazar ikkidir. Biri maxsus, ikkinchisi vijdoniy erur. Birinchisi boshimizdagi koʻzdir. Vijdoniysi esa uning-la oʻzimizdagi qahr, xotirjamlik, dargʻazablik, lutf, joʻmardlik, faqirlik, sadoqat, doʻstlik, dushmanlik, birlik, qarama-qarshilik, shahvat va iffat hollarini koʻra oladiganimiz koʻzdir. Sen bularni boshdagi koʻz bilan koʻra olmaysan... Xoʻsh, bu vijdoniy koʻz, yaʼni basiratning ochilishiga qanday erishsa boʻladi? Buning birinchi va asosiy sharti qalb tasfiyasi. Qalb poklanmas ekan, inson uchun hech narsa pok va musaffo emas. Zero, u pokni chirkindan, latifni kasifdan, boqiyni foniydan ajrata bilmaydi”.
Haqiqatan ham, vijdonli odam bu dunyodagi barcha insofsizliklar, adolatsizliklar, maʼnaviy buzuqliklar, kishilar orasidagi oʻzaro kelishmovchiliklarni koʻra oladi. Toʻgʻri, bunday salbiy holatlarni boshqalar ham koʻradi. Ammo ulardan farqli oʻlaroq, vijdonli kishi tevarak-atrofda yuz berayotgan barcha koʻngilsizliklardan iztirobga tushadi, odamlarni toʻgʻri yoʻldan boshlashga harakat qiladi.
Vijdonli odam tortgan iztiroblarga hamma ham chiday olmaydi. Har kimning vijdonli insonga aylanishi oʻta murakkab jarayon. Nazarimizda, vijdonli insonning shakllanishi irsiyatga ham bogʻliq. Bunga misollar juda koʻp. Ulugʻ ulamolarimiz, buyuk olimu mutafakkirlarimiz hayot tarzi, faoliyati, jamiyatda tutgan oʻrni bunga yaqqol misol boʻla oladi.
Yana boshqa tomondan, vijdonli insonlar har bir jamiyatda bor va ular oʻzlari yashab, istiqomat qilgan muhitdagi mavjud yaxshilik va yomonlik, adolat va haqsizlik, toʻgʻrilik va egrilik kabilar orasida oʻzini yoʻqotmaydi, vijdonlilik sifatlarini shakllantirib boradi.
Ulugʻ allomalar, buyuk olimlar asarlarini mutolaa qilib, ayni paytda oʻz umrim davomida toʻplagan kamtarona hayotiy tajribam asosida shunday xulosaga keldimki, vijdonli inson shakllanishiga taʼsir etuvchi omillar juda koʻp esa-da, ularning eng muhimlari — birinchisi oilada olingan tarbiya, ikkinchisi aql, uchinchisi tafakkur tarzidir.
“Qush uyasida koʻrganini qiladi”, degan maqol bejiz aytilmagan. Vijdonli, insofli, diyonatli insonlar farzandlari aksariyat hollarda ota-bobolariga oʻxshaganini koʻrganmiz. Shuning uchun ham mamlakatimizda oilaviy tarbiya masalalariga alohida eʼtibor berib kelinmoqda. Toʻgʻri, dunyoning globallashib borishi, bozor munosabatlariga shiddat bilan kirayotganimiz, tirikchilik gʻamida oʻzimizni har tarafga urishimiz oilaviy tarbiya tizimiga ayrim salbiy taʼsirlarini ham koʻrsatmasdan qolmayapti.
Biroq oʻzbek uchun oila tom maʼnoda maʼnaviyat va maʼrifat maskani, yoshlarni vijdonli qilib tarbiyalashning oʻchogʻi boʻlib qolaveradi. Shu oʻrinda yana bir narsaga eʼtibor berishni lozim topdik. Albatta, biz uchun tarbiyali insonlar kerak, ularsiz jamiyatni maʼnaviy jihatdan poklantirish, kishilar oʻrtasida ezgulik urugʻlarini sepish, odamlarni komillik sari yetaklash, bu borada muayyan natijalarga erishish mumkin emas. Ammo unutmaslik joizki, har doim ham insonning tarbiyalanganlik darajasi uni vijdonlilik holatiga olib kelmaydi. Demak, shaxsning tarbiyalangani uning vijdonlilik sari tashlagan birinchi qadami, xolos.
Endi masalaning ikkinchi jihatiga toʻxtalsak. Biz yuqorida vijdonli inson shakllanishida aql masalasiga eʼtibor berish muhimligini eʼtirof etgan edik. Darhaqiqat, vijdonli insonning eng muhim sifatlaridan biri uning aqllilik darajasidir. Xoʻsh, aql nima? Aql har birimiz uchun oʻylash, fikrlash, tevarak-atrofdagi voqea-hodisalarni ongli ravishda anglash va xotirlash, xulosa chiqarish imkoniyatini beradigan qobiliyat, oʻta noyob maʼnaviy-maʼrifiy hodisa, mohiyatga yetishning ishonchli vositasi.
Insonning aqli ilm hosil qilish uchun eng muhim omil ekanini taʼkidlagan holda, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf aql vositasida hosil boʻladigan ilm ikkiga boʻlinadi, deydi. Birinchisi tahlil va mushohadasiz, bir koʻrgandayoq, oʻz-oʻzidan paydo boʻladigan ilm. Har bir narsa oʻzining bir parchasidan koʻra katta ekani bir koʻrishda oʻz-oʻzidan bilinadi. Buni “zaruriy ilm” deb atash mumkin. Ikkinchisi aqlni ishga solib, tahlil va mushohada vositasi ila hosil boʻladigan ilm. U “kasb qilib topilgan ilm”, deyiladi.
Aql ila yuzaga keladigan ilm his qilish aʼzolari vositasida hosil boʻladigan ilmdan kuchlidir. Aql vositasi ila his qilish aʼzolari yoʻl qoʻygan xatolar ham tuzatiladi. Masalan, suvda biror narsaning aksini singan holatda koʻrish mumkin. Bu — koʻzning xabari va notoʻgʻri xabar. Lekin aql aksi suvda shunday koʻrinayotgan narsaning aslida butun, toʻgʻriligi haqida ilm beradi. Kasal odamga shirin taom ham nordon tuyulishi mumkin, lekin aql u taom aslida shirin ekanini bildiradi. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Aqoid ilmi va unga bogʻliq masalalar. — Toshkent, 2013. 74-bet).
Inson hayotida aqlning nechogʻliq muhimligini isbotlashning oʻzi aslo toʻgʻri emas. Bu aksioma. “Vatan tuygʻusi” kitobida taʼkidlanishicha, Alisher Navoiy asarlarida aqlning 27 darajasi va 27 sifati maʼlum qilinadi. Demak, aqlning oʻzi bitta, ammo odamlarning aqliy darajalari juda koʻp, shuning uchun bu dunyoda bir xil aqlga ega ikki odamni topishning mutlaqo iloji yoʻq.
Ayni paytda olimlar barcha aql egalarini ular oʻz oldiga qoʻygan maqsad-muddaolariga koʻra ikkiga ajratadi. Birinchisi nekbin aql egalari boʻlib, ular aqlni insoniyat taraqqiyoti, jamiyat barqarorligi yoʻlidagi ezgu maqsadlar uchun sarflaydi. Ikkinchisi esa xudbin aql egalari boʻlib, ular oʻz aqlidan faqat shaxsiy maqsadlari yoʻlida foydalanishga harakat qiladi.
Shuning uchun ham barcha aqlli odamlarni vijdonli kishilar, deyish mumkin emas. Biz hayotda ham bundaylarning koʻpiga duch kelamiz. Oʻzaro suhbatlarda ular haqida “qani endi, shunday kishilar oʻz aqlini xalq xizmati yoʻlida sarf qilsalar”, deb bekorga aytmaymiz. Demak, aqlli odamlarning jamiyat taraqqiyotidagi muhim oʻrnini inkor etmagan holda, ularning barchasi ham vijdonli boʻlishi mumkin emasligini ham yodda tutish kerak. Shu nuqtayi nazardan, odamlardagi aql fenomenini vijdonlilik yoʻlidagi ikkinchi dadil qadam deb hisoblash mumkin.
Bizningcha, har birimizda vijdonlilik sifatlari shakllanishida inson tafakkur tarzining oʻrni beqiyos. Tafakkur tushunchasi arabchada fikr soʻzidan kelib chiqadi. U inson maʼnaviyatining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri boʻlib, bilishning olamdagi narsa va hodisalarning umumiy, muhim xususiyatlarini aniqlashga yordam beradi, ular oʻrtasidagi ichki, zaruriy aloqalarni aks ettiradigan fenomen aqliy boylik. Tafakkur insonda narsa va hodisalar, voqealar mohiyatini oldindan bilish, koʻrish, bashorat qilishga yordam beradi.
Tafakkur fenomeni bizni turli xatolardan, chalkashliklardan, turfa olamdagi voqea-hodisalarni notoʻgʻri mushohada qilishdan asraydi. Insonning fikr qilishi uning oldiga qoʻyilgan maqsadlarga osonroq yoʻllar bilan, kam xarajatlar sarflab, koʻproq va samarali natijalarga erishishga imkon beradi. Shuning uchun barcha mutafakkirlarimiz insonda vijdonlilik sifatini shakllantirishda tafakkur masalasiga alohida eʼtibor berib kelgan.
Al-Faqih Abu Lays As-Samarqandiy “Tanbehul gʻofilin” kitobida quyidagilarni yozadi: “Paygʻambarimiz (s.a.v.) marhamat qiladilar: “Insonlar orasida shundaylari borki, ular yaxshilikka kalit, yomonlikka qulfdirlar. Shu tufayli ularga ajr yoziladi. Insonlardan yana baʼzilari borki, ular yomonlikka kalit, yaxshilikka qulfdirlar. Shu tufayli ularga gunoh yoziladi. Yaxshilik uchun kalit boʻlgan va yomonlik uchun qulf boʻlgan kishilar qanday yaxshi. Bir soatlik tafakkur men uchun bir kechalik ibodatdan yaxshidir”. Ushbu kitobda yana “Bir soat fikrlash bir yillik ibodatdan afzaldir”, deyiladi.
Yirik tasavvuf arbobi, tariqat piri, tasavvuf taʼlimotini muayyan darajada tartibga keltirgan mutafakkir Junayd Bagʻdodiy (910-yili vafot etgan) ham tafakkur masalasida sobit boʻlgan. U bunday deydi: “Haq taoloning qudrat va azamatini tafakkur qilmoqdan maʼrifat ortar, neʼmatlarni tafakkur qilmoqdan muhabbat tugʻilar, vaʼid va azoblarni tafakkur qilmoqdan havl (qoʻrquv) tugʻilar”.
Endi masalaning asosiy qismiga oʻtsak: biz yuqorida aytganimiz kabi, a) tarbiya inson faoliyatini tartibga solsa, b) aql narsa va hodisalarning mohiyatini bilishga yordam bersa, v) tafakkur insonga oʻsha voqea-hodisalar mohiyatini anglagandan soʻng ushbu ongli anglangan mohiyat asnosida faoliyat yuritishimizga koʻmaklashadigan fenomen hodisadir. Shu oʻrinda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning quyidagi fikrlarini eʼtiborga olish lozim: “Aql Haq subhanahu va taolo bandaga bergan neʼmatlar ichida eng ulugʻlaridan biridir. Inson zoti aql bilan boshqa jonzotlardan ustun turadi. Inson oʻziga berilgan aql vositasida yetishi mumkin boʻlgan eng yuqori martabalarga erishdi. Ammo aql oʻz-oʻzidan ishlab ketavermaydi. Aqlni harakatga soluvchi kuch tafakkurdir. Boshqacha qilib aytganda, insonni harakatga soluvchi kuch aqli emas, balki tafakkuri ila erishilgan idrokdir. Tafakkur boʻlmasa, aqlning oʻzi hidoyatga yoʻllay olmaydi. Dunyoda qanchadan-qancha aqllilar bor. Ammo ularning aqllari toʻgʻri yoʻlga boshlamayapti, yomonlardan qaytarmayapti”.
Demak, insonda vijdon fenomeni shakllanishida tafakkur tarzi alohida oʻringa ega. Bunga biz yuqorida keltirgan misollar, allomalarimiz fikrlari, mulohazalari, hayotiy tajriba isbot boʻla oladi. Bildirilgan fikrlardan xulosa yasash mumkinki, vijdonli odam boʻlish oʻta qiyin jarayon. Uning formulasi esa taxminan quyidagilardan iborat: tarbiya + aql + tafakkur = vijdon.
Bugun eng ogʻir masalalardan biri odamlarda vijdonlilik sifatini shakllantirishdir. Bir paytlar odamlarda vijdonlilikni uygʻotishga qaratilgan qanchadan-qancha harakatlar boʻlganining ayrim jihatlarini milliy madaniyatimiz misolida eslagim keldi. Bugungi oʻrta va keksa avlod xotirasida saqlanib qolgan, taniqli sanʼatkor Shukur Burhonovning “Qiyomat qarz” spektaklidagi roli, “Girdob” videofilmidagi Muhammad chatoq, “Diyonat” spektaklida atoqli sanʼatkor Nabi Rahimov obrazida jaranglagan Normurod Shomurodov, “Iymon” spektaklidagi professor Komilov, Asqad Muxtorning “Chinor” asaridagi Ochil bobo obrazlarini bugun kim eslamaydi, deysiz.
Nazarimda, oʻsha asarlardagi biz yuqorida eslab oʻtgan obrazlar tom maʼnoda vijdonli odamning real hayotdagi koʻrinishi, chin insonning ijtimoiy-maʼnaviy portretlari edi. Bunday odamlarning maʼnaviy qiyofasidagi eng muhim jihatlar va bugungi avlod uchun namuna boʻlishi mumkin boʻlgan sifatlari quyidagilardan iborat boʻlgan. Birinchidan, vijdonli odam sifatida xuddi donishmand kabi faqat adolat va haqiqat uchun kurashdilar, bu yoʻlda hech qanday qiyinchilikdan qoʻrqmadilar va qaytmadilar. Ikkinchidan, adolatga va haqiqatga oson yoʻl bilan erishish mumkin emasligini, buning uchun tinimsiz kurashish lozimligini avvaldan bilgan va bu kurashga oldindan oʻzlarini ruhiy jihatdan tayyorlagan. Uchinchidan, vijdon inson mohiyatining buyuk neʼmati ekanini anglab yetdilar va shuning uchun ham uni har bir insonning hayot oʻlchovi sifatida tan oldilar. Toʻrtinchidan, vijdonni inson tabiatiga Alloh tomonidan yuborilgan nur tarzida qabul qildilar. Beshinchidan, vijdonni sogʻlom eʼtiqodning hissiy qorovuli sifatida tan oldilar. Oltinchidan, jamiyatdagi vijdonsiz, oʻz manfaati yoʻlida hech narsadan qaytmaydigan odamlarni toʻgʻri yoʻlga solish mumkin ekaniga ishondilar, buning isboti sifatida tanasini oʻz ruhiga boʻysundira oldilar.
Yuqorida biz sanab oʻtgan asarlarning qahramonlari, albatta, toʻqilgan obrazlar. Ammo ular real hayotda juda koʻp. Taʼkidlash lozimki, shunday kishilar, jamiyatning tirik vijdoni edi. Odamlar bundaylarga qarab hushyor tortar, oʻz qalbiga, bajarayotgan amallariga razm solardi, tarbiyasizlik, tartibbuzarlik, jinoyat holatlaridan hayiqar edi.
Men bu fikrlarni bekorga aytayotganim yoʻq. Bugun mamlakatimizda erkin iqtisodiy faoliyat koʻrsatish, tadbirkorlikni kuchaytirish, jamiyat ravnaqi yoʻlida fidokorona mehnat qilish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berildi. Kambagʻallikni qisqartirish, odamlarning iqtisodiy jihatdan boyishi uchun barcha sharoitlar muhayyo etildi. Endi vijdon amri bilan, birovlarga ziyon-zahmat yetkazmasdan farovon hayot barpo etish imkoniyatlari yuzaga kelmoqda.
Jamiyatda vijdonli odamlar qancha koʻp boʻlsa, bu shu yurtda istiqomat qilayotgan barcha fuqarolarning baxtu iqboli. Vijdonli kishilar jamiyatni turli salbiy holatlardan, adolatsizliklardan saqlab turuvchi, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga katta hissa qoʻshuvchi insonlardir. Bunday odamlar tufayli poraxoʻr, korrupsioner, vijdonsiz, oʻz manfaatini hamma narsadan ustun qoʻyuvchi, byurokrat rahbarlar oʻziga chetdan baho beradi, oʻzini tartibga solishga majbur boʻladi.
Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida 2023-yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb eʼlon qilar ekan, jamiyatda bugun muayyan darajada mavjud boʻlgan adolatsizliklarning oldini olishga alohida eʼtibor berdi. Bu borada, ayniqsa, davlat vakillari, katta-kichik rahbarlardan xalq oldida “oʻzining halol mehnati, oddiyligi, xalqsevarligi va fidoyiligi bilan odamlarimiz mehrini qozonishi kerak”ligi talab qilinishi ayni muddao boʻldi.
Aslida, bu soʻzlar butun jamiyatga, barchamizga muhim fenomen hodisa hisoblanmish vijdon masalasida oldimizga qoʻyilgan katta vazifadir. Xuddi shunday. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish vijdonli kishilar qoʻlida ekanini unutmasak, biz, albatta, oʻz maqsadimizga yetamiz. Vijdon azobisiz yashash qanday yaxshi.
Abduxalil MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor