Vijdon tarozisi

    o‘qituvchi oriyati xususida ba’zi mulohazalar

    O‘qituvchilik — sharafli kasb. Uning sharafi shundaki, jamiyatni harakatlantirib turuvchi barcha soha rivojida muallimlarning zahmatli mehnati yotadi. Bunday ko‘lamli e’tirof shu paytga qadar boshqa biror kasbga nasib qilmagan. Bundan keyin ham nasib qilishi dargumon. Chunki dunyoda faqat bitta kasb bor — o‘qituvchilik. Qolgan barcha kasblar uning hosilasidir.

    Muallimlik — nozik kasb. Nozikligi shundaki, bu kasb egalariga odamlar doimo namuna timsoli sifatida qaraydi. Ustoz hatto uyqusi bilan ham boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Ong ostida o‘qituvchi ekanini eslatib turuvchi tovush uni doim risoladagidek yurishga majbur qiladi. Har bir ish yoki xatti-harakatga nisbatan “men o‘qituvchiman” degan munosabat bilan yondashishi talab qilinadi. Barchada uchrashi mumkin bo‘lgan illatlar muallimdan kutilmaydi.

    Pedagoglik — mashaqqatli kasb. Mashaqqati shundaki, boshqa kasb egalarining ishi ishxonasida qoladi. Uyiga qaytgach, oilasi davrasida miriqib hordiq chiqaradi. O‘qituvchilarni esa kasbi doim ortidan “quvlab yuradi”. Ular uylariga qaytgach, ishining ikkinchi qismi boshlanadi. Ertangi darsga tayyorgarlik ko‘rish uchun yangi adabiyotlarni varaqlaydi. Mashg‘ulotni yangicha metodlar asosida samarali tashkil qilish rejasini tuzadi. O‘quvchilarning daftari yoki yozma ishlarini tekshiradi. Hech bo‘lmasa, konspekt yozadi.

    Ularning xayoli doim o‘zlashtirishi past o‘quvchilar saviyasini ko‘tarish yoki qobiliyatli o‘quvchilar iqtidorini to‘g‘ri yo‘naltirish bilan band. Shundan bo‘lsa kerak, muallim yashaydigan xonadonning chirog‘i tonggacha o‘chmaydi. Uning derazasidan tushib turgan xiragina nur go‘yo olamni zimistondan, odamlarni jaholatdan, dunyoni esa halokatdan saqlab turibdi.

    O‘qiganlaringiz o‘qituvchilik kasbiga yuqoridan turib qaraganda ko‘rinadigan chiroyli manzara. Buni nazariyaga o‘xshataman. Ammo nazariyaning amaliyotga tatbiqi jarayonida chiroyli manzara ortida noxush holatlar ham uchrab turadi. Bugun shu zarur. Nafaqat o‘qituvchilar, balki barcha uchun ushbu tushunchaning qadr-qimmati doim baland bo‘lib kelgan. Muallimlikka yuqoridagi yondashuv bilan qaraganimizda, bu tushunchaning ahamiyati yana bir necha karra ortadi.

    Oriyatini saqlay olmagan pedagog misqollab topgan hurmatini botmonlab yo‘qotadi. Umuman, insonlar uchun hurmat va obro‘ topishda o‘sish tezligi arifmetik progressiyadan bir necha karra sust. Uni yo‘qotishda esa pasayish tezligi geometrik progressiyadan bir necha karra shiddatli kechadi.

    Oriyatsiz o‘qituvchilar oramizda kam deyish ham, ko‘p deyish ham noto‘g‘ri. Har holda shu ikkalasining o‘rtasida, desak haqiqatga yaqin bo‘ladi. Bunday o‘qituvchilarni ko‘rgan yosh o‘quvchilarning dastlab o‘qituvchilik kasbi borasidagi shakllangan tushunchalari chalkashib ketadi. Chunki aksariyat oilalarda o‘qituvchiga nisbatan hurmat ruhida tarbiya beriladi. Shuning uchun o‘quvchilar bunday o‘qituvchilarni boshida tushuna olmaydi. O‘quvchilarning bunday o‘qituvchilarni tushunishi esa o‘sha o‘qituvchining hurmati va obro‘si chilparchin bo‘lishi bilan yakun topadi. Hurmatini yo‘qotgan o‘qituvchining dars mashg‘ulotida yalovbardorlik va tashabbus endi o‘quvchilar qo‘liga o‘tib ketadi. Ular hurmatini yo‘qotgan o‘qituvchining darsiga ham, uning dars mavzusi borasidagi fikrlariga ham hurmat bilan munosabatda bo‘la olmaydi. Buning oqibati esa “ikki karra ikki”dek ayon.

    O‘qituvchining oriyati aslida nima va u qayerda bo‘y ko‘rsatadi?

    Bu tuyg‘u dastavval o‘qituvchining o‘ziga, qolaversa, kasbiga, darsiga va fikrlariga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatilganda, bilimiga nisbatan shubha bilan qaralganda yuzaga chiqadi. Shu o‘rinda bir mulohaza: keyingi paytlarda “interfaol metodlar”ga ruju qo‘yib, o‘quvchining dars mashg‘ulotidagi faolligiga keragidan ortiq berilib ketdik, nazarimda. Dars mashg‘ulotida o‘quvchining faolligi yaxshi, ammo bundan o‘qituvchining hurmati, dars mashg‘ulotining sifati ziyon ko‘rmasligi kerak. Keyingi paytlarda “An’anaviy ta’limda dars mashg‘uloti o‘qituvchining faolligi va yetakchiligida o‘tgani sababli mashg‘ulotning samaradorligi yetarli darajada ta’minlanmagan”, degan mazmundagi fikrlar tez-tez quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. Bilmadim-u, ammo bu fikr, nazarimizda, bir oz shubhali. Fikrimizcha, dars mashg‘ulotida o‘qituvchining faolligi va tashabbuskorligi yuqori bo‘lishi o‘ta lozimdir. O‘zini hurmat qilgan va bilimli o‘qituvchi mashg‘ulot paytida faollikni ham, tashabbusni ham o‘quvchiga berib qo‘ymaydi. Bunday o‘qituvchilar auditoriyadagi dars mashg‘ulotiga, fanga yoki o‘qituvchiga nisbatan zig‘ircha bo‘lsayam hurmatsizlikni, oriyat nuqtai nazaridan kelib chiqib, e’tiborsiz qoldirmaydi. Unga nisbatan choralar ko‘radi. Bu esa o‘quvchilarga ko‘pincha yoqmaydi, albatta. Ammo o‘qituvchining ayni xatti-harakatini o‘quvchining “tashqi meni” tan olmasa-da (chunki uning ham oriyati bor), “ichki meni” tan oladi, ma’qullaydi. Bunday o‘qituvchilarga nisbatan hurmat o‘quvchining ong ostida shakllanadi.

    Oriyat aslida barcha insonlarga xos fazilat. Ammo ba’zilarda tashqi sabablarga ko‘ra bu tuyg‘u yo‘qola boradi yoki bosh ko‘tarishga ojiz bo‘lib qoladi.

    Oriyat Attestatsiya komissiyasi bilimsiz deb topgan o‘qituvchiga nisbatan hatto o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin. Bu ikki qusur, xalq tili bilan aytganda, o‘qituvchining tilini qisiq qilib qo‘yadi, natijada uning oriyati ojizlashib boraveradi. Bunday qusurlarga ega o‘qituvchilar o‘quvchilarga o‘ta ehtiyotkorona munosabatda bo‘ladi, chunki o‘quvchilarni tartibga chaqirishi yoki ularga tanbeh berishi bilan bog‘liq o‘quvchi uchun yoqimsiz ishlar o‘qituvchidagi qusur va kamchiliklar ular tomonidan oshkora aytib yuborilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bilimsiz va tamagir o‘qituvchilar o‘quvchilarning o‘ziga, qolaversa, kasbiga, darsiga va fikrlariga nisbatan hurmatsizlik qilayotganini, bilimiga nisbatan shubha bilan qarayotganini go‘yoki “ko‘rmaydigan” bo‘lib qoladi. Oshkora hurmatsizlik ularning oriyatini qiynasa-da, bunga qarshi ular ham oshkora munosabat bildirishga jur’at qilolmaydi. Bora-bora o‘quvchining hurmatsizligiga ko‘nikib qolgan o‘qituvchini endi oriyat bezovta qilmay qo‘yadi. Bu esa undagi “o‘qituvchilik oriyati” tuyg‘usi o‘lganini bildiradi. Metodikasida yoki muomalasida kamchiligi bor o‘qituvchini tushunish mumkindir, ammo bilimsiz o‘qituvchini tushunib ham, kechirib ham bo‘lmaydi. Dars mashg‘ulotida faollik va tashabbus uchun o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasida ko‘zga ko‘rinmaydigan pinhona kurash mavjud. Buni men tabiiy tushunaman.

    Bu kurashda muqarrar g‘alaba aslida o‘qituvchi tarafda bo‘ladi. Ammo bilimsizlik uni o‘quvchilarga “tuhfa” qilib yuboradi. Dars mashg‘ulotining samarali bo‘lishi uchun faollik va tashabbus doim o‘qituvchi tarafida bo‘lishi shart. Chunki ta’lim beruvchidagi bilim va bilim olishning usul va yo‘llari uning faolligi bilan ta’lim oluvchiga o‘tadi. Bu choynakdagi choyning piyolaga quyilishi kabidir. Piyolaga choynakning harakati bilan choy quyiladi va bu jarayonda ikkalasini ham faollashtirish yoki piyolaning faolligini oshirish kutilgan samarani bermaydi. Biz bu bilan dars mashg‘ulotida o‘quvchi faol bo‘lmasligi kerak, demoqchi emasmiz, ammo o‘quvchining faolligi maqsad sari qaratilgan, lozim darajada bo‘lishi va o‘qituvchining faolligiga xalal bermasligi kerak. O‘quvchilar faolligining chegaradan chiqishi dars mashg‘ulotining shovqinli o‘tishiga, o‘qituvchining mashg‘ulot maqsadidan chekinishiga sababchi bo‘ladi. Zero, dars mashg‘ulotining vaqti chegaralangan bo‘lib, uning har bir daqiqasi maqsadli va oqilona sarflanishi lozim.

    O‘qituvchi uchun oriyat masalasining jo‘n hodisa emasligi aslida mana shularda ko‘rinadi. Bu dunyo muvozanat asosiga qurilgan. O‘z ustida ishlash va nafsning jilovlanishi irodani yengishni, mehnat va mashaqqatni talab qiladi, oqibatda hurmat va e’tirof bilan siylanadi. Bilimsizlik va nafsga berilish esa irodani qiynamaydi, mehnat va mashaqqatni talab qilmaydi, ammo u hurmatning yo‘qolishi hamda oriyatsizlik bilan jazolanadi. Mavzu borasida bizning fikrlarimiz shu joyda poyoniga yetdi. Bu yog‘iga nafsning jilovlanishi, mehnat ortidan topilgan hurmat va e’tirof bilan kam mehnat qilib, nafsga erk berish oqibatida topilgan “rohat-farog‘at”ning vaznini o‘lchaydigan vijdon tarozisi gapirsin...

    Umid XO‘JAMQULOV,

    pedagogika fanlari doktori