Uchrashuv davomida tomonlar oʻzaro hamkorlik barqaror rivojlanayotgani hamda hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ning ijrosi taʼminlanayotganini qayd etdilar.

Rafael Grossi Oʻzbekistonning milliy yadroviy infratuzilmani shakllantirish borasidagi saʼy-harakatlarini, shuningdek atom energetikasini xalqaro standartlar va XAEA tavsiyalariga muvofiq rivojlantirishga qaratilgan izchil yondashuvini yuqori baholadi. U mamlakatda Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar bu borada zarur sharoitlarni yaratayotganini taʼkidladi.

Uchrashuvda 2026-yilning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan INIR (yadroviy infratuzilmani integratsiyalashgan holda koʻrib chiqish) missiyasining navbatdagi bosqichiga tayyorgarlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tashrif doirasida XAEA mutaxassislari Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasining borishini oʻrganishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, tomonlar mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasini Jizzax viloyati Forish tumanida qurish loyihasi doirasida ilk beton quyish ishlarini boshlash masalasini ham muhokama qildi. Rafael Grossi ushbu loyihaning ahamiyatiga toʻxtalib, yagona majmua doirasida katta va kichik quvvatli reaktorlarni integratsiya qilish rejalashtirilayotganini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida XAEA bosh direktori agentlik Oʻzbekistonning yadroviy dasturini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini bildirdi va ilk beton quyish marosimida ishtirok etish taklifini qabul qildi.

Shu bilan birga, tomonlar XAEA kotibiyatida faoliyat yuritayotgan oʻzbekistonlik mutaxassislar sonini koʻpaytirishdan ham manfaatdor ekanini bildirdilar. Bu esa milliy tajribani xalqaro loyihalarga samaraliroq integratsiya qilish hamda mamlakatning atom sohasidagi kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.